TOSHKENT SHAHAR ICHKI ISHLAR BOSH BOSHQARMASI

Ortidan zarba bergan do‘st

Bekorchilik behuda o‘ylarga, betayin harakatlarga yetaklaydi. Bekorchi qolgan Vladimir bir mahallada o‘sib, katta bo‘lgan, tengqur va bolalik do‘sti Furqatga qo‘ng‘iroq qilib, hozirgina do‘kondan bir shisha aroq va gazaklar sotib olganini, kelsa birgalashib chaqchaqlashishni taklif qildi. Tomog‘i taqillab turgan Furqat zum o‘tmay yetib keldi. Birgalashib shishani bo‘shatishdi. Kamlik qildi. Furqat yana bir shisha aroq uchun do‘konga chiqib keldi. O‘sha kamlik qilganida suhbat yaxshigina do‘stona davom etayotgan edi. Ikkinchi shisha ko‘plik qildi-yu o‘rtada gina-kuduratlar boshlandi. Arzimagan gaplarga ham jiddiylik va keskinlik tusi berildi. Natijada har ikkisi gap ko‘tarolmay bir birining yoqasidan oldi. Mehmon zo‘r kelib mezbonni yiqitdi-da, bir-ikki musht urib ketishga otlandi. Ammo yengilganiga, dasturxon yozib rahmat o‘rniga kaltaklanganiga alamzada Vladimir stol ustidan pichoqni olib Furqatning orqasidan bir necha bor duch kelgan joyiga sanchdi. 2023 yilning 2 oktyabr' kuni soat 22.30 larda “Tez yordam”da og‘ir ahvolda olib kelingan Furqat zudlik bilan jarrohliq stoliga yotqizildi hamda Yashnobod tumani IIO FMB xabardor etildi. — Hushiga kelgan shishadoshlar janjalning asl sabablarini aytib berisholmadi, – deydi Yashnobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Sardor Maxamadjonov. – Aslida Vladimir muqaddam sudlangan, ichkilikka ruju qo‘yganligi sababli oilasi bilan ajrashib ketgan. So‘qqaboshligi bois tez-tez uyiga shishadoshlarini chaqirib, spirtli ichimliklar ichishni odat qilgan. Mana oxir-oqibati ayanchli tugadi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi ochiq sud majlisida A.Vladimirning qilmishini qonunan baholab, O‘zbekistono Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (“Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish”) bilan aybdor deb topib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

12 Aprel 2025 Yil

84

Tafakkur o‘yinlari g‘oliblari

Mamlakatimizning ravnaqi, farovonligi, rivojlangan, ilg‘or davlatlar qatoridan o‘rin olishida xalqimizning bilimli, zukko, tafakkuri keng, ma'naviyati va madaniyati yuqori bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, ichki ishlar xodimlari yurtimizning maqomi va saviyasini ko‘rsatuvchi asosiy omil bo‘lganligi bois ichki ishlar organlariga ana shunday nomzodlarni qabul qilishga katta e'tibor qaratilgan, yuqori talablar qo‘yilgan. Bu borada 2021 yilning aprelida Yurtboshimiz tomonidan qabul qilingan “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta'minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori ham yaqqol misoldir. Vazirlik tizimlarida qarorda belgilangan vazifalar davriy ravishda muntazam ijro etib kelinmoqda. Shu yilning 1 aprelidan 30 apreliga qadar ichki ishlar vazirligi tizimida “Xalqimizning xavfsizligi, tinchligi va osoyishtaligini saqlash eng ustuvor vazifamiz!” shiori ostida “Ma'naviyat oyligi” o‘tkazib kelinmoqda. Oylik doirasida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tizimlarida xizmat qilayotgan xodimalar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi. Mazkur tadbirdan maqsad: tizimlarda xizmat qilayotgan ayol xodimalarning intellektual va professional bilim darajasini sinovdan o‘tkazish, ma'naviy-axloqiy saviyasini muntazam ravishda oshirib borishga ishtiyoqini kuchaytirish, bilimli va salohiyatli xodimalarga iqtidorini namoyish etishlari uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish hamda munosib ravishda rag‘batlantirib borish orqali bilimga va kasbga ruhlantirishdan iborat. Qizg‘in va bahslarga boy o‘tgan tafakkur va bilimlar musobaqasida 1-o‘rin Bektemir tumani, 2-o‘rin Yashnobod tumani, 3 -o‘rin Olmazor tumani IIO FMB bilimdon xodimalariga nasib etdi. G‘oliblarga tegishli diplom hamda pul mukofotlari topshirildi. O‘z xizmat vazifalarini sidqidildan bajarib, bilim olishga, o‘z saviyalari, dunyoqarashlarini kengaytirishga vaqt topayotgan zukko, zehnli va bilimli ayol-xodimalarimizni g‘alaba bilan tabriklab, ularga ishlarida va turmushlarida muvaffaqiyat va omadlar yor bo‘lishini tilaymiz!

12 Aprel 2025 Yil

110

Yakkasaroy tumanida navbatdagi sayyor qabul bo‘lib o‘tdi

Aholi muammolarini joyida o‘rganish va hal etilishini taʼminlash maqsadida mahallalarda muntazam ravishda sayyor qabullar o‘tkazib kelinmoqda. Yakkasaroy va Mirobod tumanlari aholisi uchun tashkillashtirilgan navbatdagi sayyor qabul Yakkasaroy tumanidagi Hamid Sulaymonov mahallasida bo‘lib o‘tdi. Poytaxt IIBB boshlig‘i va Toshkent shahar xalq qabulxonasi mudiri tomonidan o‘tkazilgan qabulda ushbu tumanlarning hokimlari, prokurorlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etishdi. O‘tkaziladigan sayyor qabul davomida jami 45 nafar fuqarolardan muammolari o‘rganildi. Ulardan 18 tasi surishtiruv va tergov harakatlari yuzasidan; 4 tasi yetkazilgan moddiy zararni undirish bo‘yicha; 7 tasi ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilish, xizmatni o‘tash va qayta tiklash yuzasidan; 4 tasi probatsiya hisobda turgan shaxslarni muddatidan ilgari shartli ozod qilish masalasida; 5 tasi O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish bo‘yicha; 7 tasi Davolanish uchun moddiy yordam bo‘yicha murojaatlari qabul qilindi. Murojaatlarning 8 tasi joyida ijobiy hal etildi, 15 tasi bo‘yicha malakali tushuntirish berildi, ko‘rib chiqish qo‘shimcha muddat talab etadigan 22 ta murojaatlarning ijrosi nazoratga olindi. Bu kabi sayyor qabullar aholi va davlat organlari o‘rtasida ochiq muloqotni taʼminlash, muammolarni kechiktirmasdan hal etishda muhim qadam hisoblanadi. Ushbu tadbirlar fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini oshirish, jamiyatda samarali ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Sayyor qabuldan so‘ng mutasaddi rahbarlar tomonidan faxriylar holidan xabar olindi, kam taʼminlangan va qarovsiz qolgan fuqarolarning uyiga borilib muammolari o‘rganildi hamda ijtimoiy ko‘mak berildi.

11 Aprel 2025 Yil

146

Soxta sayyohlik firmalari fosh etild

Yurtimizdagi mustaqillik, diniy erkinlik tufayli xalqimiz uchun “Haj” va “Umra” ziyoratlarini amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar eshigi ochildi. Biroq ushbu amallarini bajarishga oshiqqan fuqarolarimizning orzusi va yillab niyat qilgan ziyorat maqsadlaridan o‘z g‘araz niyatlarida foydalanishni ko‘zda tutgan shasxlar ham yo‘q emas.Kuni kecha Toshkent shahar IIBB, DXX Toshkent shahar boshqarmasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda mana shunday soxta sayyohlik firmalari faoliyatiga chek qo‘yildi.Xususan, Toshkent shahar Uchtepa tumanida joylashgan “Mahdiy turizm” mas’uliyati cheklangan jamiyat xodimi 1995 yilda tug‘ilgan Abdulaziz Jo‘raboyev to‘rt nafar fuqaroga “Haj” safariga yuborishni va’da qilgan. A.Jo‘raboyev MCHJning ushbu faoliyat turi bilan shug‘ullanishga litsenziyasi yo‘qligini bila turib, ulardan aldov yo‘li bilan 27.200 AQSH dollarini olayotgan paytida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.Yana bir noqonuniy holat poytaxtimizning Shayxontohur tumanida qayd etildi. “Sohil turizm” mas’uliyati cheklangan jamiyat direktori 1991 yilda tug‘ilgan Sirojiddin Nuriddinov ikki nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni “Haj” safariga yuborishni va’da qilib, bunday faoliyat turi bilan shug‘ullanishga litsenziyasi bo‘lmasada, 10.000 AQSH dollarini olgan vaqtida xolislar ishtirokida ushlangan.Mazkur holatlar yuzasidan to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilishlik uchun Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga taqdim etildi.Hurmatli fuqarolar! Agar siz ushbu shaxslardan va sayyohlik firmalaridan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz Toshkent shahar IIBB ning 71-206-43-02 raqamiga yoki 102 raqami orqali murojaat qilishingizni so‘raymiz. Shu o‘rinda “Haj” va “Umra” ziyoratlariga borishni maqsad qilgan yurtdoshlarimizga eslatib o‘tmoqchimiz: yurtimizda mazkur ziyoratlarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Musulmonlar idorasi huzuridagi “Haj”, “Umra” markazi va O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan o‘rnatilgan tartibda ruxsat berilgan litsenziyaga ega sayyohlik firmalari faoliyat yuritmoqda. Litsenziyaga ega sayyohlik firmalarining manzili va aloqa raqamlari haqidagi ma’lumotlar bilan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning rasmiy sahifalari orqali tanishishingiz mumkin.

11 Aprel 2025 Yil

399

Interaktiv xizmatlar

Navbatchilik qismi

102

Ishonch telefoni

1102

Turistlar uchun

1173

Text to speech

Sahifadagi xatolar bo`yicha manzil:

Matn xato bilan:

Sizning izoxingiz yoki to`g`ri versiya:

loading