Ma'lumki, joriy yilning yanvar' oyida yurtimiz rahbari tomonidan 2025 yilda Republikamiz mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan qarori qabul qilingandi. Mazkur qaror bandlaridan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Respublika Oliy ta'lim va innovasiyalar vazirligining qo‘shma qarori ishlab chiqilgan. Unga muvofiq oliy o‘quv yurtlarida qarorning mazmun-mohiyatini o‘rganish, ijrosini samarali ta'minlash maqsadida poytaxtda joylashgan oliy o‘quv yurtlarida keng ko‘lamli tushuntirish, targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Shunday tadbirlardan biri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “Stars international university” hamda “Central Asian university” universitetlarida bo‘lib o‘tdi. Tuman IIO FMB rahbariyati, profilaktika inspektorlari, universitet ma'muriyati hamda ko‘p sonli talabalarni qamragan ushbu tadbirda so‘zga chiqqanlar: yoshlar orasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ijtimoiy tarmoqlar orqali da'vat qilinayotgan qadriyatlarimizga yot, buzg‘unchi g‘oyalardan himoyalanish, giyohvandlik, kiberjinoyatlar va tahdidlarga qarshi kurashish kabi mavzularga to‘xtaldilar. Mazkur salbiy holatlarning qurboniga aylanayotgan yoshlar va fuqarolarning fojiali xotimasi haqida hayotiy misollar keltirish orqali o‘z taqdirlariga, baxtli kelajagiga befarq bo‘lmaslikka, bunday holatlar aniqlanganda tegishli huquq-tartibot hamda ichki ishlar idoralariga murojaat qilishga chaqirdilar. Uchrashuvlar so‘ngida talabalarning jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda tashabbuskor bo‘lish, ogohlik va xushyorlikka da'vat qilish barobarida ularning ko‘plab savollariga javob berishdi. Mazmunli va har ikki tomon uchun manfaatli o‘tgan uchrashuvlardan barcha qoniqish hosil qildi.