12 Aprel 2025 Yil 423

Ortidan zarba bergan do‘st

Bekorchilik behuda o‘ylarga, betayin harakatlarga yetaklaydi. Bekorchi qolgan Vladimir bir mahallada o‘sib, katta bo‘lgan, tengqur va bolalik do‘sti Furqatga qo‘ng‘iroq qilib, hozirgina do‘kondan bir shisha aroq va gazaklar sotib olganini, kelsa birgalashib chaqchaqlashishni taklif qildi. Tomog‘i taqillab turgan Furqat zum o‘tmay yetib keldi. Birgalashib shishani bo‘shatishdi. Kamlik qildi. Furqat yana bir shisha aroq uchun do‘konga chiqib keldi. O‘sha kamlik qilganida suhbat yaxshigina do‘stona davom etayotgan edi. Ikkinchi shisha ko‘plik qildi-yu o‘rtada gina-kuduratlar boshlandi. Arzimagan gaplarga ham jiddiylik va keskinlik tusi berildi. Natijada har ikkisi gap ko‘tarolmay bir birining yoqasidan oldi. Mehmon zo‘r kelib mezbonni yiqitdi-da, bir-ikki musht urib ketishga otlandi. Ammo yengilganiga, dasturxon yozib rahmat o‘rniga kaltaklanganiga alamzada Vladimir stol ustidan pichoqni olib Furqatning orqasidan bir necha bor duch kelgan joyiga sanchdi. 2023 yilning 2 oktyabr' kuni soat 22.30 larda “Tez yordam”da og‘ir ahvolda olib kelingan Furqat zudlik bilan jarrohliq stoliga yotqizildi hamda Yashnobod tumani IIO FMB xabardor etildi.

— Hushiga kelgan shishadoshlar janjalning asl sabablarini aytib berisholmadi, – deydi Yashnobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Sardor Maxamadjonov. – Aslida Vladimir muqaddam sudlangan, ichkilikka ruju qo‘yganligi sababli oilasi bilan ajrashib ketgan. So‘qqaboshligi bois tez-tez uyiga shishadoshlarini chaqirib, spirtli ichimliklar ichishni odat qilgan. Mana oxir-oqibati ayanchli tugadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi ochiq sud majlisida A.Vladimirning qilmishini qonunan baholab, O‘zbekistono Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (“Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish”) bilan aybdor deb topib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech