Toshkent shahridagi eng yaxshi tergovchi aniqlandi
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida “Eng yaxshi tergovchi” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Bosh boshqarmada xizmat qilayotgan xodimlarning ma’naviy-axloqiy saviyasini muntazam ravishda oshirib borish, ularning faoliyatini rag‘batlantirish, o‘z kasbining fidoyilarini aniqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Eng yaxshi tergovchi” an’anaviy ko‘rik-tanlovi o‘tkazilgani shu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlarning davomidir.
Tanlovda Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlarida xizmat qilayotgan tergovchi va surishtiruvchilar o‘zaro bellashdi.
Xodimlar jismoniy va maxsus tayyorgarlik, kasbiy bilim va mahorat yo‘nalishi bo‘yicha sinovdan o‘tkazildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, birinchi o‘rin Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi tergov va surishtiruv faoliyatini tashkil etish bo‘limi katta tergovchisi, mayor Sayfullo Fayziyevga nasib qildi.
Ikkinchi o‘rinni Uchtepa tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Bekjon Kuzibayev, uchinchi o‘rinni Mirzo Ulug‘bek tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi tergov bo‘limi katta tergovchisi, katta leytenant Sitora Rahimova egalladi.
G‘oliblarga esdalik sovg‘alari va tegishli diplomlar topshirildi. Poytaxtning eng yaxshi tergovchisi esa respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.