12 Aprel 2025 Yil 417

Tafakkur o‘yinlari g‘oliblari

Mamlakatimizning ravnaqi, farovonligi, rivojlangan, ilg‘or davlatlar qatoridan o‘rin olishida xalqimizning bilimli, zukko, tafakkuri keng, ma'naviyati va madaniyati yuqori bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, ichki ishlar xodimlari yurtimizning maqomi va saviyasini ko‘rsatuvchi asosiy omil bo‘lganligi bois ichki ishlar organlariga ana shunday nomzodlarni qabul qilishga katta e'tibor qaratilgan, yuqori talablar qo‘yilgan. Bu borada 2021 yilning aprelida Yurtboshimiz tomonidan qabul qilingan “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta'minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori ham yaqqol misoldir. Vazirlik tizimlarida qarorda belgilangan vazifalar davriy ravishda muntazam ijro etib kelinmoqda.

Shu yilning 1 aprelidan 30 apreliga qadar ichki ishlar vazirligi tizimida “Xalqimizning xavfsizligi, tinchligi va osoyishtaligini saqlash eng ustuvor vazifamiz!” shiori ostida “Ma'naviyat oyligi” o‘tkazib kelinmoqda. Oylik doirasida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tizimlarida xizmat qilayotgan xodimalar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi. Mazkur tadbirdan maqsad: tizimlarda xizmat qilayotgan ayol xodimalarning intellektual va professional bilim darajasini sinovdan o‘tkazish, ma'naviy-axloqiy saviyasini muntazam ravishda oshirib borishga ishtiyoqini kuchaytirish, bilimli va salohiyatli xodimalarga iqtidorini namoyish etishlari uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish hamda munosib ravishda rag‘batlantirib borish orqali bilimga va kasbga ruhlantirishdan iborat. Qizg‘in va bahslarga boy o‘tgan tafakkur va bilimlar musobaqasida 1-o‘rin Bektemir tumani, 2-o‘rin Yashnobod tumani, 3 -o‘rin Olmazor tumani IIO FMB bilimdon xodimalariga nasib etdi. G‘oliblarga tegishli diplom hamda pul mukofotlari topshirildi.

O‘z xizmat vazifalarini sidqidildan bajarib, bilim olishga, o‘z saviyalari, dunyoqarashlarini kengaytirishga vaqt topayotgan zukko, zehnli va bilimli ayol-xodimalarimizni g‘alaba bilan tabriklab, ularga ishlarida va turmushlarida muvaffaqiyat va omadlar yor bo‘lishini tilaymiz!

Barcha yangiliklar

Text to speech