TOSHKENT SHAHAR ICHKI ISHLAR BOSH BOSHQARMASI

Ko‘ngli pokning - ishi pok

“Korrupsiya” so‘zi nega nafaqat bizning yurtimizda balki butun dunyoda juda ko‘p tilga olinadi? Chunki, u davlat qonunlarini chetlab o‘tish uchun turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. Shu bois butun jahonda unga qarshi kurash, murosasizlik hukmron. Bu illat shunchalar ildiz otgan-ki, har bir sohada, har bir makonda o‘z kirdikorini bot-bot eslatib turadi. Joriy yilning 5 martida Prezidentimizning Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida uning islohotlarimiz yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov ekanligini taʼkidlagani ham bejizga emas. Ayniqsa, mansabdor shaxslarning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlari yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy foyda olishga intilishi tez-tez uchraydigan holatdir. Biroq barchani bir ipga tizib baho berish noto‘g‘ri. Keling, shu kunlarda bo‘lgan daliliy holatlarga eʼtibor beramiz. Maʼlumki, chegaralar ochilib, xalqimizning o‘z eʼtiqodi va diniy majburiyatlarini ado etishlari uchun keng imkoniyatlar darvozasi ochildi. “Haj”, “Umra” safarlari orzudan haqiqatga aylandi. Ammo bugungi kunda fuqarolarimizning bu ezgu niyatlaridan o‘z g‘arazli maqsadlarida foydalanishni rejalashtirgan nopok kimsalar ham yo‘q emas. Shundaylardan: masʼuliyati cheklangan jamiyatga qarashli sayyohlik firmalaridan birining norasmiy ishchilari: 2002 yilda tug‘ilgan J.T., 1985 yilda tug‘ilgan A.Sh., 1998 yilda tug‘ilgan A.N., 1979 yilda tug‘ilgan A.A.lar ofisda bo‘la turib, fuqaro G.B va uning 2 nafar tanishini ishchi vizasi orqali “Haj” ziyoratiga yuborish evaziga har biridan 7.000 AQSH dollari hamda G.B.ning onasini ziyoratga sayyohlik vizasi orqali yuborishga vaʼda berib 20.000 AQSH dollarini olayotgan vaqtida qo‘lga olindilar. Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (“Firibgarlik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergovni yuritish poytaxt Mirobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, kapitan Sanjar Raimovga topshirildi. Sanjar 2015 yildan ichki ishlar organlarida faoliyat yuritib kelmoqda. Respublika IIV Akademiyasini muvaffaqiyatli tamomlagan, tergovchilik faoliyatini Mirobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limida boshlagan Sanjar Raimov, poytaxtning Shayxontohur, Chilonzor tumanlari tergov bo‘limlarida ham faoliyat yuritib, tajriba va malakasini oshirib bordi. 2024 yilda esa ilk ish boshlagan Mirobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limiga qaytdi. O‘sha kuni jinoyat ishi bo‘yicha to‘plangan maʼlumotlarni va ashyoviy dalillarni ko‘zdan kechirib, tegishli hujjatlarni tayyorlab, allamahalgacha o‘tirgan tergovchiga fuqaro K.S. qabuliga izn so‘rayotganini maʼlum qilishdi. Qabuliga kelgan K.S. anchadan buyon gumonlanuvchi A.A.ni tanishi, uning “adashganligi”, aslida halol-pokligini maqtab, jinoiy javobgarlikka tortmasligi, hibsdan ozod qilishi evaziga 1000 AQSH dollari taklif qildi. Sanjar ushbu shaxsni pora olgangina emas, uni bergan shaxs uchun ham qattiq jazo belgilangani haqida bir necha marotaba ogohlantirishiga qaramay K.S. pul evaziga aynan A.A.ga yordam berishni so‘rab qo‘ymadi. Uning qarori qatʼiyligini anglagan Sanjar bu haqda tegishli soha vakillariga maʼlum qildi. Tezkor tadbir jarayonida, yaʼni 12 aprel kuni K.S. pullarni olib kelib, tergovchiga berayotgan paytida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. K.S.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi (“Pora berish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Endi u mansabdor shaxsga pora berganligi uchun qonun oldida javob bermoqda. Tergovchi, kapitan S.Raimovning xizmat vazifalariga vijdonan yondashishi, halolligi, ichki ishlar xodimi shaʼnini yuqori tutishi, jinoyatchilarga murosasizligi ko‘p bora rahbariyatning eʼtiboriga tushgan. Rahbariyat tomonidan berilgan ko‘plab faxriy yorliqlar, tashakkurnomalar va boshqa mukofotlar bunga guvohlik beradi. Uning mazkur – o‘z vazifasiga halol munosabati, xodim degan nomga dog‘ tushirmaganligi, boylik vasvasasiga uchmaganligi holati ham eʼtiborsiz qolmadi. Rahbariyat tomonidan kapitan S.Raimovga tantanali ravishda pul mukofoti topshirilib, tashakkurnoma eʼlon qilindi.

5 May 2025 Yil

50

Soxta mehribonlik

2024 yilning 11 iyuni. Soat millari kechki oltidan oshganiga qaramay kunning tafti hanuz tushmagan. Hali yoz chillasi kirmagan-u, lekin issiqdan odam o‘zini qo‘ygani joy topolmaydi. Mehrangiz “Rohat ko‘li” avtobus bekatida betinim yelpig‘ichini yelpirkan avtobus yo‘lini poylardi. Yonida o‘ralashayotgan yigitga bir-ikki beparvo qaradi-da, o‘z xayollari bilan band bo‘ldi. Keyingi safar qaraganida uning tez-tez, deyarli yugurishdan beriroq bo‘lib ketayotgani eʼtiborini tortdi. Darhol sumkasini tita boshladi. Uning yugurishi bejizga emas ekan. Qizning sumkasi ichidagi narxi 3.324.000 so‘mlik “Redmi Note 12” telefoni va 300.000 so‘m puli bo‘lgan plastik kartasi o‘g‘irlangan edi. U vaqtni boy bermay Bektemir tumani IIO FMB ga murojaat qildi. Bekatga o‘rnatilgan videokuzatuv kamerasi yordamida o‘g‘ri tez aniqlandi. Ichki ishlar xodimlariga eshikni ochgan X.Trofimning onasi voqeani eshitgach, qattiq iztirobga tushdi. “O‘sha kuni ukam yiqilib, oyog‘ini sindirib olgandi. Onam kasalxonama-kasalxona yugurib, puldan qiynalib qoldi. Men yordam bermoqchi edim”, deb ko‘rsatma beradi Trofim o‘z qilmishi haqida. Uning gapiga ishonging keladi-yu, lekin muqaddam ikki marotaba o‘g‘irlik uchun sudlanganini bilgach, o‘zini onasi-yu ukasiga mehribon ko‘rsatishga urinayotgani yolg‘on ekanligi, aslida niyati o‘g‘irlangan telefonni sotib o‘z ehtiyojiga ishlatish bo‘lganligi fosh bo‘ladi. Trofim onasiga telefonni arzimagan narxga sotib yuborganini aytgani uchun onasi farzandining gunohini yengillatish uchun o‘z yonidan jabrlanuvchiga xuddi shunday telefon olib berdi. Mehrangiz Trofimga nisbatan hech qanday daʼvosi yo‘qligini bayon qilgani sud tomonidan uning qilmishini yengillashtiruvchi holat sifatida baholandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi ochiq sud majlisida X.Trofimni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (“O‘g‘irlik”) bilan aybdor deb topdi va 5 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Mazkur jinoyat ishi Bektemir tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Muhammadrizo Eshpo‘latovning ish yurituvidan olindi.

4 May 2025 Yil

105

Interaktiv xizmatlar

Navbatchilik qismi

102

Ishonch telefoni

1102

Turistlar uchun

1173

Text to speech

Sahifadagi xatolar bo`yicha manzil:

Matn xato bilan:

Sizning izoxingiz yoki to`g`ri versiya:

loading