Yurtimizdagi mustaqillik, diniy erkinlik tufayli xalqimiz uchun “Haj” va “Umra” ziyoratlarini amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar eshigi ochildi. Biroq ushbu amallarini bajarishga oshiqqan fuqarolarimizning orzusi va yillab niyat qilgan ziyorat maqsadlaridan o‘z g‘araz niyatlarida foydalanishni ko‘zda tutgan shasxlar ham yo‘q emas. Kuni kecha Toshkent shahar IIBB, DXX Toshkent shahar boshqarmasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda mana shunday soxta sayyohlik firmalari faoliyatiga chek qo‘yildi. Xususan, Toshkent shahar Uchtepa tumanida joylashgan “Mahdiy turizm” mas’uliyati cheklangan jamiyat xodimi 1995 yilda tug‘ilgan Abdulaziz Jo‘raboyev to‘rt nafar fuqaroga “Haj” safariga yuborishni va’da qilgan. A.Jo‘raboyev MCHJning ushbu faoliyat turi bilan shug‘ullanishga litsenziyasi yo‘qligini bila turib, ulardan aldov yo‘li bilan 27.200 AQSH dollarini olayotgan paytida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Yana bir noqonuniy holat poytaxtimizning Shayxontohur tumanida qayd etildi. “Sohil turizm” mas’uliyati cheklangan jamiyat direktori 1991 yilda tug‘ilgan Sirojiddin Nuriddinov ikki nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni “Haj” safariga yuborishni va’da qilib, bunday faoliyat turi bilan shug‘ullanishga litsenziyasi bo‘lmasada, 10.000 AQSH dollarini olgan vaqtida xolislar ishtirokida ushlangan. Mazkur holatlar yuzasidan to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilishlik uchun Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga taqdim etildi. Hurmatli fuqarolar! Agar siz ushbu shaxslardan va sayyohlik firmalaridan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz Toshkent shahar IIBB ning 71-206-43-02 raqamiga yoki 102 raqami orqali murojaat qilishingizni so‘raymiz. Shu o‘rinda “Haj” va “Umra” ziyoratlariga borishni maqsad qilgan yurtdoshlarimizga eslatib o‘tmoqchimiz: yurtimizda mazkur ziyoratlarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Musulmonlar idorasi huzuridagi “Haj”, “Umra” markazi va O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan o‘rnatilgan tartibda ruxsat berilgan litsenziyaga ega sayyohlik firmalari faoliyat yuritmoqda. Litsenziyaga ega sayyohlik firmalarining manzili va aloqa raqamlari haqidagi ma’lumotlar bilan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning rasmiy sahifalari orqali tanishishingiz mumkin.