12 Sentyabr 2024 Yil 1157

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi delegatsiyasining Koreya Respublikasi Seul shahriga tashrifi amalga oshirildi

Yurtimizdagi ko‘plab sohalarda Koreya Respublikasi bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ichki ishlar vazirligi tizimidagi hamkorlik ham mana bir necha yildirki, o‘z samarasini bermoqda. Kuni kecha Koreya Respublikasining Seul shahri Politsiya Agentligining taklifiga binoan Toshkent shahar IIBB boshlig‘i general-mayor Aziz Tashpulatov boshchiligidagi delegatsiya tajriba almashish maqsadida Seul shahriga amaliy tashrif buyurdi.

Xizmat safarida delegatsiya a'zolari Politsiya Agentligi boshlig‘i – Bosh superintendant, general Kim Bong Sik bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv doirasida jinoyatchilikka qarshi kurashishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, shu jumladan axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi jinoyatlarga qarshi kurash, avtomobil' yo‘llarida tirbandliklarni oldini olish va raqamli texnologiyalardan xavfsiz shahar tizimida foydalanish bo‘yicha Seul tajribasi muhokama qilindi. Yakunda, axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishi bo‘yicha ikki poytaxt xodimlari o‘rtasida tajriba almashish va ularning malakasini oshirish hamda moddiy-texnik bazasini kuchaytirish masalasini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, delegatsiya a'zolari Seul shahri Politsiya agentligi boshqarmasiga, Koreya Milliy politsiya Agentligining Raqamli ekspertiza boshqarmasiga tashrif buyurdi va ularning faoliyati bilan tanishdi. Bundan tashqari, delegatsiya tomonidan Euldji okrugi Politsiya bo‘limi va Xangan daryosi patrul xizmati faoliyati o‘rganildi.


Barcha yangiliklar

Text to speech