TOSHKENT SHAHAR ICHKI ISHLAR BOSH BOSHQARMASI

Poytaxt IIBB rahbarining navbatdagi qabuli

Xabaringiz bor, Toshkent shahar ichki ishlar organlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan me’yoriy hujjatga asosan, joriy yilning 27 noyabridan “Har bir murojaatga – adolatli yechim” shiori ostida “Murojaatlar oyligi” o‘tkazib kelinmoqda. Oylik doirasida kuni kecha Toshkent shahar IIBB boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultanxodjayev tomonidan shahar aholisining murojaatlarini o‘rganish maqsadida navbatdagi shaxsiy qabuli o‘tkazildi. Unda 55 nafar jismoniy hamda yuridik shaxslarning murojaatlari tinglanib, hal etish choralari ko‘rildi. O‘rganishlar natijasida murojaatlarning 20 tasi qabulxonaning o‘zida ijobiy yechimini topdi, 2 tasi bo‘yicha malakali huquqiy tushuntirishlar berildi. 33 ta murojaatlarda keltirilgan vajlarning kelib chiqish sabablarini aniqlash, atroflicha o‘rganish talab etilgani bois ijrosi bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berilib, aniq ijro muddatlari o‘rnatildi. Qabul qilingan murojaatlar mazmuniga ko‘ra: surishtiruv-tergov, mol-mulk va pul mablag‘larini undirish, ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilish va qayta tiklash, ommaviy tadbirlar o‘tkazish, ijtimoiy va iqtisodiy masalalar, yo‘l-transport hodisalarini rasmiylashtirish, oila-turmush doirasidagi nizolar, ichki ishlar xodimlari xizmati bilan bog‘liq masalalarni tashkil etdi. Bu kabi vakolatli rahbarlarning aholi murojaatlarini tinglash, ularning qonunda belgilangan haq-huquqlarini kafolatlash borasida olib borilayotgan ishlari poytaxt IIBB hududiy tuzilmalar rahbarlari tomonidan ham tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.

15 Dekabr 2025 Yil

215

Hududiy tuzilmalar rahbarlarining shaxsiy qabullari

Poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda uning hududiy tuzilmalari rahbarlari tomonidan aholi murojaatlarini o‘rganish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur tadbirlar fuqarolar hayotida muhim ijobiy o‘zgarishlarga zamin yaratib, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.Joriy yilning 27 noyabridan “Har bir murojaatga – adolatli yechim” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Murojaatlar oyligi” doirasida mas’ul rahbarlar tomonidan shaxsiy qabullar muntazam tashkil etilmoqda. Ushbu tashabbus murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonida byurokratik to‘siqlar va sansalorlik holatlariga barham berish, aholi bilan ochiq va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan. Tumanlar IIO FMB boshliqlari tomonidan o‘tkazib kelinayotgan shaxsiy qabullar davomida fuqarolarni uzoq vaqtdan beri tashvishga solib kelayotgan, o‘z yechimini topmagan ko‘plab muammolar qonuniy tartibda hal etilmoqda. Bu esa huquqiy fuqarolik jamiyatini barpo etish, aholining davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.Misol uchun, Yangihayot tumani IIO FMB boshlig‘i Sarvar Jo‘ravning qabuliga kelgan 1998 yilda tug‘ilgan Dinara N., ijarada yashagan xonadon egasi uni uydan chiqarib yuborganligini, biroq buyumlarini bermaganligini ma’lum qilgan. Uning murojaati shu joyning o‘zida hal etildi va buyumlarini qaytarib olishida amaliy yordam ko‘rsatildi. Sergeli tumani Mehrigiyo mahallasida istiqomat qiluvchi bir nechta fuqarolar tuman IIO FMB boshlig‘i Baxodir Anvarovga murojaat qilib, mahallada joylashgan ko‘p qavatli uy oldilarini asfalt qilishda amaliy yordam so‘ragan. Ularning murojaatlari asosida ko‘rsatilgan hududga asfalt qoplamasi yotqizildi. Bektemir tumani IIO FMB rahbariyatiga murojaat qilgan fuqaro Hayotxon U. uning 102 raqamiga qilgan murojaati IIO xodimlari tomonilan ko‘rib chiqilgani, lekin natijasidan norozi ekanligini bildirdi. Holat o‘rganilganda fuqaroviy huquqiy munosabatlarni tashkil etganligi aniqlandi va ushbu fuqaroga fuqqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilishi lozimligi tushuntirilib, zaruriy huquqiy maslahatlar berildi. Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB boshlig‘i Iskandar Rashidovga murojaat qilgan 1962 yilda tug‘ilgan Karim K. profilaktik hisobda turishligini, hozirda tuman Obodonlashtirish bo‘limida ishlashligini, 2 nafar farzandi va 5 nafar nabirasi borligini, tuzalish yo‘liga o‘tganligini ma’lum qilib, profilaktik hisobdan chiqarishni so‘ragan. Ushbu fuqaroning hujjatlari, ish va yashash joyidan tavsiyalar, oilavi holati o‘rganildi hamda uning murojaati ijobiy hal etilib, profilaktik hisobdan chiqarildi. Mirzo Ulug‘bek tumanida istiqomat qiluvchi 1972 yilda tug‘ilgan Anatoliy P. Tuman IIO FMB boshlig‘i I.Rashidovga murojaat qilib, avtoturargohda ishlashligini, biroq oylik maoshini o‘z vaqtida ololmayotganligini bildirib, shu masalada yordam berishni so‘ragan. Uning murojaati shu joyning o‘zida mutasaddilar tomonidan o‘rganilib, oylik maoshini olishida amaliy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, ushbu fuqaroning farzandi ishsizligi ma’lum bo‘lib, ishga joylashtirish choralari ko‘rildi. Bu kabi qabullar jarayonida fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar, tavsiya va yo‘l-yo‘riqlar berilib, masalalar qonun doirasida hal etilayotgani jamoatchilik o‘rtasidagi turli tushunmovchiliklar hamda ichki ishlar organlari faoliyatiga nisbatan salbiy qarashlarni bartaraf etishga xizmat qilmoqda. Hududiy tuzilmalar rahbarlari tomonidan bunday shaxsiy qabullar hafta davomida rejali va tizimli ravishda o‘tkazib kelinmoqda.

13 Dekabr 2025 Yil

290

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi

Barcha yangiliklar

Text to speech