Katta serjant Ravshan Sharipov poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumani IIOFMB axborot texnologiyalarini joriy etish guruhi muhandisi lavozimida faoliyat yuritadi. Barcha sohalar raqamlashtirilayotgan bugungi kunda ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan xodimlarning o‘rni juda muhim.
Lavhamiz qahramoni Toshkent kinovideotexnika kasb-hunar texnikumini tugatib, dastlabki xizmat faoliyatini poytaxt IIBB JTSB Kinologiya xizmatida boshladi. Kasb sir-asrorlarini o‘rganib, sohani egallashida murabbiyi – mayor Yerlan Tashmanovning alohida o‘rni bor. Bugun uning o‘zi ham shogirdi, kapitan Shuhrat Hamidullayev bilan hamkorlikda tuman IIOFMB faoliyatida uyg‘unlikni ta’minlash, aloqa va tegishli kommunikasion tizimlarning kecha-yu kunduz uzluksiz ishlashini nazorat qilishda baholi qudrat xizmat olib bormoqda. Mavjud videokuzatuv kameralarida nosozlik kuzatiladimi, kompyuterlarning dasturiy ta’minoti ishdan chiqadimi, aloqa vositalari buziladimi, muammoni tezda bartaraf etganida, xodimlar tomonidan bir og‘iz minnatdorlik bildirilganida, barcha charchoqlar unut bo‘lib, xizmatga bo‘lgan ishtiyoq yanada ortib boraveradi.