TOSHKENT SHAHAR ICHKI ISHLAR BOSH BOSHQARMASI

Havoga uchgan avtomashinalar

Kechirimlilik millatimizga xos. Bu insoniylik tamoyillari qonunlarimizda ham aks etgan. Adashmaydigan odam yo‘q. Kimdir bilib, kimdir bilmay egrilikka qo‘l uradi. Qonunlarimizdan ko‘zlangan maqsad ham shaxsni faqat jazolash emas, balki adashganlarga imkon berish, uni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llashdan iborat. Sa’dulla birinchi marta 2017-yilda firibgarlik jinoyati sodir etib sudlanganida, sud hay’ati tomonlarning yarashganligi tufayli uni jinoiy javobgarlikdan ozod qilgan edi. Ammo u bu berilgan katta imkoniyatni suiiste’mol qilib, 2020-yilda yana firibgarlik jinoyatiga qo‘l urdi. Bu safar sud hay’ati uning qilmishlari uchun 2 yilga axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi. Afsuski, bu yengillik ham uning ko‘zini ochmadi. 2022-yilning 15 noyabr kuni u mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari N. Karimning ishonchiga kirib “Matiz” avtomashinasini yo‘l varaqasi asosida boshqarish huquqi bilan ijaraga olish taklifini berdi. Kuniga 130.000 so‘mdan ijara haqi berishga kelishildi. Kelishilgan ijara pullarini o‘z vaqtida olib yurgan Karim Sa’dullaning avtomashinani bir hafta o‘tmay Farg‘onalik M.Hasanga sotib yuborganidan bexabar qoldi. Mashinani sotib yuborgan Sa’dulla esa uyalmay-netmay ertasi kuni Karimning oldiga kelib “Lasetti” avtomashinasini ijaraga olish taklifini berdi. Ijara haqi kuniga 180.000 so‘m etib belgilandi. Karim Sa’dullaning “Matiz” avtomashinasini Farg‘onalik M.Hasanga sotib yuborganidan bexabar uning taklifiga rozi bo‘ldi. Mashinani jamiyat hududidan haydab chiqqan Sa’dulla uchinchi kuni uni ham sotib yubordi. Shu-shu ijara haqi ham, avtomashinalar ham suvning bug‘i ko‘tarilgandek, ko‘rinmas bo‘lib, havoga uchdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi ochiq sud majlisida 1983-yilda tug‘ilgan, muqaddam bir necha bor sudlangan Sa’dullaning qilmishlarini qonunan ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikassi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Uning chin dildan pushaymonligi, oilaning yagona boquvchisi ekanligi, jabrdiydaga moddiy zarar qoplanganligini e’tiborga olib, ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, 2 yilu 6 oyga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi. Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari bilan Yashnobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Nuriddin Ramazonov tanishtirdi.

26 Mart 2025 Yil

85

Poytaxt IIBB da Navro‘z ayyomi nishonlandi

Muazzam zaminimizda bahor. Yangi kun – Navro‘zning kirib kelishi bilan quyosh nurlari borliqni yangilanish, poklanish, nafosat va go‘zallikka chorlamoqda. Har yonda bahoriy kayfiyat, bayram tantanalari. Poytaxtimiz Ichki ishlar bosh boshqarmasida ham an’anaga ko‘ra Navro‘z tantanalari keng nishonlanmoqda. Toshkent shahar IIBB PPX brigadasi hududida, milliy an’analarimiz, qadriyatlarimizni o‘zlarida aks ettirgan milliy libos va bezaklarga burkangan tizim barcha sohalarida sidqidildan xizmat olib borayotgan ayol-xodimalarimiz tarixi qadim, barchaning sevimli taomi – tansiq taomi bo‘lgan – sumalak tayyorlashdi. Yengil esayotgan shabada bahor daragini - sumalakning iforini azim shahrimiz uzra taratib, uzoq-uzoqlarga olib ketmoqda. Kim bu iforni tuydiki, barchaning ko‘nglida yengillik va xushkayfiyat, ruhiy ko‘tarinkilik. Jonkuyar xodimalarimiz milliy bahoriy taomlar: ko‘k somsa, ko‘k chuchvara, mehr bilan pishirilgan turli shirinlik va noz-ne’matlar bilan dasturxonni bezatgan. Toshkent shahar IIBB qoshidagi “Nihol” guruhining sozanda va xonandalari o‘z kuy-qo‘shiqlari bilan bayramga o‘zgacha tarovat va fayz bag‘ishladi. Ko‘pchilikning mehnati, xushkayfiyat, quvonch va mehr bilan tayyorlangan sumalakning mazasi esa barchaning og‘zida qolishi shubhasiz. Nasiba ekan, ishchi tashrifi bilan Toshkent shahar IIBB ga tashrif buyurgan Rossiya Federatsiyasi IIVning bir guruh delegatsiyasi ham tantana mehmonlari bo‘lishib, bayram zavqu shavqidan bahramand bo‘lishdi. Ruhiy quvvat va ma’naviy ozuqa ulashuvchi Navro‘z tantanalari poytaxtimizning har bir go‘shasi, har bir mahallasida davom etmoqda.

25 Mart 2025 Yil

140

Probatsiya hisobidagilarga ko‘mak berildi

Poytaxtimizda tinchlik-osoyishtalikni saqlash, jamiyatimiz barqarorligini ta’minlash ko‘p jihatdan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, o‘z vaqtida chek qo‘yilishiga bog‘liq. Buning uchun esa jinoyat qilishga, huquqbuzarliklarni sodir etishga tabiatan moyil bo‘lgan shaxslarni jinoyat qilmasdan oldinroq aniqlash, ishsiz, bekorchi yurgan shaxslar, muqaddam sudlanganlar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazish, ularni foydali mehnatga jalb qilish yoki bo‘sh vaqtini band qilish orqali erishish mumkin. Ayniqsa, probatsiya nazoratidagi shaxslarning yurish-turishi, nima bilan mashg‘ulligi, sog‘lom hayotga munosabatini shakllantirish muhim o‘rin tutadi. Shu maqsadda Yashnobod tumanidagi “Ishga marhamat” Monomarkazida tuman hokimi, prokurori, IIO FMB rahbarining probatsiya nazorati ostida jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan mazkur uchrashuvda tuman hokimi ishtirokchilarning bandligini ta’minlashga ko‘maklashish, kasb-hunarga ega bo‘lmaganlarni kasbga qayta yo‘naltirish, o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlash niyatida bo‘lganlarga imtiyozli kreditlar hamda uy-joyga muhtojlarga subsidiya ajratish bo‘yicha mas’ullarga huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha zarur topshiriqlar berdi. Tuman IIO FMB boshlig‘i va tuman prokurori tomonidan probatsiya ro‘yxatida turuvchilarga jazoni o‘tash tartibi, muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish, o‘qish va ishga joylashish masalalarida huquqiy yordam ko‘rsatilib, nazoratga olingan murojaatlarni hal qilish yuzasidan mutasaddi rahbarlar hamkorligida tegishli vazifalar belgilandi. Shu bilan birga tumanda joylashgan yirik ish beruvchi – “Texnopark”, “Euro pask”, “BetoMax Beton”, “Texnoprogress” korxonalari mas’ullari va boshqa xususiy tadbirkorlar ishtirokida “Bo‘sh ish o‘rinlari” mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Natijada ishlash ishtiyoqida bo‘lgan 7 nafar shaxs ishga yo‘llanma olgan bo‘lsa, 1 nafari “Ishga marhamat” monomarkazi qoshidagi o‘quv kurslarida o‘qish istagini bildirdi.Sog‘lig‘ini tiklash bo‘yicha murojaat qilgan 17 nafar probatsiya hisobida bo‘lgan shaxslar tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga tegishli muolaja hamda zarur tibbiy tavsiyalar berildi. Bu tadbir jamiyatimizda hech kim - hatto u noto‘g‘ri xatti-harakati bilan o‘z nomiga dog‘ tushirgan bo‘lishiga qaramay, to‘g‘ri yo‘lga kirish istagida bo‘lganlarga ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan insoniylik namunasidir.

25 Mart 2025 Yil

43

Foydani ko‘zlagandi, ammo ...

Firibgarlarning hiyla-nayranglari haqida internet tarmoqlarida ko‘plab ogohlantirishlar berilishiga qaramay ayrim soddadil, ishonuvchan fuqarolar baribir ularning tuzog‘iga tushib qolishmoqda. Bilolxon uch farzandning otasi. Ma’lumoti o‘rta-maxsus, muqaddam o‘g‘irlik, firibgarlik jinoyatlari uchun sudlanib, turli muddatlarga axloq tuzatish, ozodlikni cheklash, ozodlikdan mahrum qilish jazolariga tortilgan. Afsuski, jazolarning hech biri uni to‘g‘ri yo‘l tanlash, oilasi kelajagini o‘ylash, farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanishni ezgu maqsad qilishga undamagan chog‘i. Yo‘qsa, u yana jinoyatga qo‘l urmagan bo‘lardida. U 2023-yilning 26 iyul kuni soat 14.30 larda Chilonzor tumani 16-mavzesida joylashgan bank oldidagi bankomatdan pul almashtirish niyatida bo‘lgan. U Asilbekning yoniga kelib, arzonroqqa almashtirish taklifini beradi. Bir so‘m bo‘lsada foyda ko‘rish niyatida Asilbek unga 700 AQSH dollarini so‘mga almashtirmoqchi ekanligini aytadi. Bilolxon avval 500 AQSH dollari uchun kelishilgan pulni berib, so‘ng 200 AQSH dollari uchun hisob-kitob qilayotgan Asilbekka oldin berilgan pullarni ushlab turish bahonasida olib, uning ko‘zini shamg‘alat qilib 8.169.000 puldan 3.000.000 so‘mini «urib» qoladi. – Asilbek hojatini chiqargan Bilolxonga katta rahmat aytgancha, yo‘lida davom etadi, – deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Shohruh Hazratov. – Yo‘l-yo‘lakay pulning cho‘g‘i kamligi unda shubha uyg‘otadi. Sanab ko‘rsa-ki uch million so‘m kam. Darhol ortiga qaytadi, ammo hojatbarorning soyasini ham topa olmaydi. Fursatni boy bermay ichki ishlar organlariga murojaat qiladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi ochiq sud majlisida 1994-yilda tug‘ilgan, ma’lumoti o‘rta-maxsus, uch farzandning otasi, muqaddam bir necha marotaba sudlangan Bilolxonning jinoiy qilmishlariga qonunan baho berib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b» bandi («Firibgarlik») bilan aybli deb topdi. Uning oilaviy ahvoli, qilmishidan pushaymonligi, yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligini inobatga olib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, 2 yilga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi.

25 Mart 2025 Yil

109

Interaktiv xizmatlar

Navbatchilik qismi

102

Ishonch telefoni

1102

Turistlar uchun

1173

Text to speech

Sahifadagi xatolar bo`yicha manzil:

Matn xato bilan:

Sizning izoxingiz yoki to`g`ri versiya:

loading