10 Aprel 2025 Yil 442

Ochiq talonchilik

Suhrobjon yosh bo‘lishiga qaramay, bir necha marta sudning qora kursisiga o‘tirishiga, qilmishiga yarasha avval axloq tuzatish ishlariga, keyinchalik ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi. Biroq bulardan tegishli xulosa chiqarmadi. Ota-onasi ham qonun bilan “chiqishmaydigan”, na kasbu kori, na yaxshi yashashga intilishi bo‘lmagan noqobil o‘g‘lining boshini ikki qilish uchun birovning eshigini qoqishga istihola qildi. O‘g‘il esa tarallabedod hayotidan xursand, xohlasa yollanma kunlik ishga chiqadi, xohlamasa yo‘q. Ota-onaning topganiga sherik. Ular esa so‘nggi paytlari unga nasihat ham qilmay qo‘yishdi. Chunki, Suhrob ularni eshitmas, qo‘rslik qilar, janjal ko‘tarar, o‘zining tussiz, zavqsiz, shum hayotida ayblovni ota-onasiga qo‘yardi. 2023 yilning 13 may kuni u Uchtepa tumanida joylashgan oshxonaga keldi. Spirtli ichimliklar, taom buyurdi. Tungi soat o‘n birlarda xo‘randalar siyraklasha boshladi. U ketishga chog‘landi va yonidagi stol ustida turgan B.Ilhomga tegishli bo‘lgan narxi 5.800.000 so‘mlik “Huawei Nova 11 i” telefonini ochiqdan-ochiq talonchilik bilan olib chiqib keta boshladi. Ilhom hay-haylab o‘g‘rining ortidan yugurib chiqdi, ammo u tun qorong‘usiga singib ketgandi. Telefon egasi zudlik bilan 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qildi. Tuman ichki ishlar organi xodimlari uchun Suhrobni topish qiyinchilik tug‘dirmadi. Ammo u telefonni notanish kimsaga 600.000 so‘mga sotishga ulgurgan ekan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi ochiq sud majlisida 1997 yilda tug‘ilgan, ma’lumoti o‘rta, bo‘ydoq, xavfli retsidivist bo‘lgan U.Suhrobning qilmishini qonunan ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 3-qismi “a” bandi (“Talonchilik”) bilan aybdor deb topdi va 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari Uchtepa tuman IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, mayor Dias Abdullayevning ish yurituvidan olindi.

Barcha yangiliklar

Text to speech