TOSHKENT SHAHAR ICHKI ISHLAR BOSH BOSHQARMASI

Mirzo Ulug‘bek tumanida Prezidentimiz qarorlari o‘rganilmoqda

Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tuman hokimi, tuman prokurori, IIO FMB boshlig‘i, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi vakillari, mahalla raislari boshchiligida mahalla “yettiligi” va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 5 yanvarida “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda “2026 yilda respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorlari mazmun-mohiyatini chuqur o‘rganish, ijrosini samarali ta’minlash masalalariga qaratildi. Mirzo Ulug‘bek tumanida 70 ta mahalla mavjud bo‘lib, 2025 yil yakuniga ko‘ra 5 tasi “qizil”, 48 tasi “sariq” va 17 tasi “yashil” toifalarda qolgan. Ushbu mahallalarda kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni aniqlash, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish, ijtimoiy profilaktikani amalga oshiruvchi subyektlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni doimiy nazoratini olib borish, oila-turmush doirasidagi, ayollar va yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablarini o‘rganish va bartaraf etishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish masalalari e’tibor markazida bo‘ldi. Ko‘rsatkichlari salbiy bo‘lgan mahallalar tuman hokimligi, prokurori, IIO FMB boshlig‘i, o‘rinbosarlari hamda sohaviy xizmatlar rahbarlariga biriktirildi. Shuningdek, tumandagi “qizil” hamda “sariq” toifadagi mahallalarda bu boradagi ishlarni kuchaytirish, toifalarini ijobiy tomonga o‘zgartirish qatorida “yashil” toifadagi mahallalar maqomini barqaror ushlab turish bo‘yicha zarur topshiriq va kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish belgilab olindi.

14 Yanvar 2026 Yil

1366

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi

Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar! Muhtaram Qurolli Kuchlarimiz faxriylari! Qadrli vatandoshlar! Avvalo, siz, azizlarni, ko‘p millatli butun xalqimizni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34-yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy muborakbod etaman. Ushbu qutlug‘ ayyomda o‘z hayotini Vatan himoyasidek g‘oyat sharafli va mas’uliyatli ishga bag‘ishlagan, harbiy qasamyodiga sodiq qolib, mamlakatimiz mustaqilligi va hududiy yaxlitligini ko‘z qorachig‘idek asrab kelayotgan ona yurt posbonlariga yana bir bor yuksak hurmat va ehtirom bildiramiz. Ayni vaqtda Vatan oldidagi yigitlik burchini bajarish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan qahramon o‘g‘lonlarimizning xotirasiga chuqur hurmat bajo keltiramiz. Bugungi kunda xalqimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida ulkan yutuq va marralarni qo‘lga kiritmoqda. Hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida amalga oshirilayotgan tom ma’nodagi tarixiy o‘zgarishlarda shavkatli Qurolli Kuchlarimizning, sizlarning ham munosib hissangiz bor, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Biz sizlarni buyuk ajdodlarimiz an’analarining shonli davomchilari deb bilamiz va sizlardek Vatanga fidoyi, dushmanga shafqatsiz, jangovar saflarda doimo hushyor va kurashga shay bo‘lgan azm-u shijoat sohiblari bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Bugungi imkoniyatdan foydalanib, el-yurtimizga shunday dovyurak, botir va bahodir farzandlarni tarbiyalab bergan ota-onalarga, harbiy xizmat davomida barcha quvonch va tashvishlarni ular bilan baham ko‘rib kelayotgan oila a’zolariga o‘zimning samimiy minnatdorligimni izhor etaman. Qadrli do‘stlar! Keyingi yillarda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida ortga qaytmas islohotlarimizning mustahkam kafolatlaridan biriga aylanib borayotgan Qurolli Kuchlarimizning harbiy qudratini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshiryapmiz. Jumladan, boshqaruv va ta’minot tizimi takomillashtirilib, zamonaviy axborot texnologiyalari asosida modernizatsiya qilinmoqda, qo‘shinlarimizning jangovar saflari yangicha ta’lim va tarbiya olgan malakali ofitser va serjantlar bilan to‘ldirilmoqda. Shaxsiy tarkibning tayyorgarlik darajasi, harbiy xizmatchilarning kasbiy, intellektual va ma’naviy salohiyati izchil yuksaltirib borilmoqda. Qurolli Kuchlarimiz zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan bosqichma-bosqich ta’minlanmoqda. Yoshlar o‘rtasida harbiy xizmatga qiziqishni oshirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, xalq bilan armiya o‘rtasidagi mustahkam birlik va jipslikni yanada kuchaytirishga qaratilgan samarali ishlarimiz qat’iy davom ettirilmoqda. Hozirgi vaqtda dunyoning siyosiy va harbiy xaritasida qanday shiddatli o‘zgarishlar yuz berayotganini barchamiz ko‘rib, anglab turibmiz. Turli mintaqalarda geosiyosiy vaziyat tobora murakkablashib, ziddiyat va qonli to‘qnashuvlar kuchaymoqda. Zamonaviy texnologiyalar, yangi avlod qurol-yarog‘lari paydo bo‘lmoqda, jangovar harakatlar olib borishning strategiya va taktikasi yanada takomillashmoqda. Mavjud vaziyatni hisobga olgan holda, biz kelgusida jang va boshqaruv usullarini zamon talablari asosida yangilaymiz, yuqori malakali harbiy kadrlarni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratamiz. Ayniqsa, harbiy xizmatchilarning jangovar ruhi va jismoniy tayyorgarligini muntazam oshirib borish, ularning qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirish biz uchun ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Chunki har qanday kurashning taqdirini shaxsiy tarkibning bilim va malakasi, iroda va qat’iyati, o‘ziga bo‘lgan ishonchi, mardona fazilatlari hal qiladi. Milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika, jumladan, sun’iy intellekt asosida robotlashtirilgan majmualar bilan ta’minlash, qo‘shinlarni boshqarish hamda qaror qabul qilish jarayonlariga ilg‘or axborot texnologiyalarini yanada keng joriy etish ham doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilishga doir ishlarning samarasini oshirib, ularning turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan ishlarni kuchaytiramiz. Bu borada davlat va fuqarolik institutlari hamda keng jamoatchilikning faol ishtirok etishiga alohida ahamiyat qaratamiz. Har bir harbiy xizmatchi xalq bilan armiya – bir tan-u bir jon ekanini, uning ortida 38 millionlik xalq tog‘dek tayanch bo‘lib turganini doimo his etishi, shundan cheksiz kuch, ruh va madad olishi kerak. G‘ayrat-shijoatda tengsiz bo‘lgan harbiylarimiz yovlar oldida hech qachon bosh egmagan qo‘rqmas va o‘tyurak ajdodlarimizning o‘lmas merosini o‘rganib, ulardan ibrat va saboq olib, Vatan oldidagi muqaddas burchini bundan buyon ham sharaf bilan ado etadilar, deb ishonaman. Aziz Vatan himoyachilari! Mana shu hayajonli damlarda har biringizni bugungi bayram bilan yana bir bor chin dildan qutlab, sizlarga va oila a’zolaringizga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, davlatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasidagi olijanob faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Jonajon Vatanimiz himoyasi yo‘lida hech qachon tolmang, yutuq va zafar sizlarga doimo yor bo‘lsin!   Shavkat MIRZIYOYEV, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni

14 Yanvar 2026 Yil

1925

Ishonch bilan yashash – baxt

Sanjar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida yigitlik burchini o‘tab qaytgach, harbiy faoliyatini davom ettirish maqsadida, ichki ishlar organlariga xizmatga kirish niyatida Toshkent shahar IIBBga hujjatlarini topshirdi. “Qo‘riqlash” boshqarmasi 2-alohida batalyoni safdorligidan ish boshladi. Ish boshlagunga qadar, bino va inshootlarda xizmat olib borayotgan xodimlarni ko‘rganida, ishlari oddiy, jo‘n, ko‘p mehnat va diqqat talab qilmaydigandek ko‘rinardi. Biroq o‘zi ish boshlaganda, masʼuliyat va javobgarlik hissining naqadar zalvorli ekanligi, har on, har lahzada hushyorlik va ogohlikni boy bermaslik zarurligini angladi. Bugungi kunda Toshkent shahar IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi bo‘linmalari Manzil-maʼlumotlar byurosi operatori lavozimida ishlab kelayotgan safdor Sanjar Kattabayev ilk ustozi serjant Baxtiyor Yakubovni hurmat bilan tilga oladi. Ustozining sabr-toqat va vazminlik bilan xizmat sirlarini o‘rgatgani, hujjatlarni rasmiylashtirish, ichki tartib-intizom nizomlariga amal qilish kabilarni singdirgani keyingi xizmat faoliyatlarida juda qo‘l keldi. Bu vaqt oralig‘ida Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash Milliy tadqiqotlar universitetini sirtdan tugatdi. Ayni paytdagi lavozimiga tayinlanishdan avval Manzil-maʼlumotlar byurosida EHM operatori, Mirobod tumani IIO FMB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish inspektori lavozimlarida faoliyat yuritib malaka va tajriba orttirgani bois, xizmat vazifalarini tez o‘zlashtirdi. Har bir so‘rovnoma hamda xizmat yozishmalariga tezkorlikda javob tayyorlash, huquqiy to‘g‘ri rasmiylashtirishga katta eʼtibor bilan qaraydi. Sanjar Kattabayevning kelgusida rejalari ko‘p. O‘z hayotini ichki ishlarga bag‘ishlagan bu xodim yurt tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, halol, sidqidildan qilingan mehnat qadr topishi, baxtli kelajagiga yo‘l ochishiga ishonadi.

14 Yanvar 2026 Yil

2147

Interaktiv xizmatlar

Text to speech