Poytaxtning Olmazor tumani 1970-yilda tashkil topgan bo‘lib, 2010-yilgacha general Sobir Rahimov nomi bilan atalgan. Shu tariqa, XVIII asrda shakllangan shaharning to‘rt tarixiy dahasidan biri – Olmazor nomi tuman nomi sifatida qayta tiklandi. Hozirgi kunda tumanda 64 ta mahalla mavjud bo‘lib, aholisi 400 ming nafardan ortiq.
Tuman Toshkent shahrining shimoli-g‘arbida joylashgan. Shimoli-g‘arbda Toshkent viloyatining Zangiota tumani, shimoliy va shimoli-sharqda Toshkent tumani, sharqda Yunusobod tumani, janubiy va janubi-g‘arbda Shayxontohur tumani bilan chegaradosh. Tumani hududidan Qichqiriq, Damariq, Qoraqamish, Kaykovus va boshqa kanallar oqib o‘tadi.
Jinoyatga jazo muqarrarligini ta’minlash tergovchining birinchi galdagi vazifasi. Shuningdek, jinoyatlarni o‘z vaqtida fosh etish, to‘la va xolisona tergov qilish, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari ustunligiga, ularning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishiga so‘zsiz rioya etish tergovchining asosiy qoidasiga aylanishi lozim. Tergov bo‘limi katta tergovchisi, mayor Azamat Amanov o‘tgan 8 oy davomida 59 ta jinoyat ishini tergov qildi. Shundan 39 tasi qonuniy hukm chiqarish uchun sudga jo‘natilgan va 15 tasiga yarashuv qo‘llanilgan.
Axborot texnologiyalarini joriy etish guruhi muhandisi, katta serjant Abror Tojiboyevning tuman IIOFMBda alohida o‘rni bor. Chunki uning xizmati boshqarmadagi aloqa vositalarining butligi, kamera va videokuzatuv moslamalarining bekamu ko‘st ishlashi hamda kompyuter va planshetlarning sozligini ta’minlash bilan bog‘liq. U o‘z faoliyatini 2008-yilda boshlagan bo‘lib, tuman IIOFMBda 15 yil davomida xizmat qilib kelmoqda.
Tuman IIOFMB Navbatchilik qismiga kelib tushayotgan har bir xabarni yozib olayot gan katta inspektor, podpolkovnik Faxriddin Berdiyev va serjant Farhod Nurmatovlar ko‘p yillik xizmat tajribasiga ega. Bugun ham ular o‘zlarining navbatchiligi davomida bir necha o‘nlab chaqiruvlarga tezkorlik bilan javob qaytarib, qayd etib borishdi.
Podpolkovnik Saxovatxon Meliyeva xotin-qizlar muammolarini hal etishda tegishli idora vakillari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari hamda faollari bilan hamkorlikda faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Jumladan, 6 nafar nogironligi bo‘lganlarga moddiy yordam pullarini olishda amaliy yordam ko‘rsatdi. 12 nafar og‘ir ijtimoy holatga tushib qolganlarning bandligini ta’minlashda hamkor tashkilotlar bilan birga yordam berdi. Ijtimoiy huquqiy profilaktik ishlar natijasida hududdagi ajralish yoqasiga kelib qolgan 8 ta oilaning yarashtirilishida o‘z hissasini qo‘shdi. Shuningdek, hududdagi mahallalarda yashovchi jami 9 nafar ijtimoiy og‘ir ahvolda bo‘lgan xotin-qizlarning ro‘yxatini shakllantirib, ular bilan profilaktik ishlarni amalga oshirgan.
Leytenant Abdumuxtor Zaynobiddinov IIOFMB kadrlar bilan ta’minlash guruhi katta psixologi. U xizmatni boshlaganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. O‘z bilimi va ustozlari hamda hamkasblaridan o‘rganganlarini amaliyotga tatbiq qilib, xodimlarning psixologik bilimlarini oshirib borish, individual psixologik yordam ko‘rsatishda bor salohiyatini ishga solmoqda.
Dunyoda eng ulug‘ ne’mat – tinchlik. Uni asrab-avaylash har birimizning muqaddas burchimiz. Bu yo‘lda kamarbasta bo‘layotgan Olmazor tumani IIOFMB xodimlarining eng oliy maqsadi ham shu.
Sarvar SOBIROV, o‘z muxbirimiz. Toshkent shahri.
© POSTDA – На посту, №39 (4681) 2024-yil, 26-sentabr