8 Aprel 2025 Yil 892

Chuv tushirishni tanishlardan boshladi

Shuhrat maktabni tamomlagach, institutga o‘z bilimi bilan o‘qishga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq talabalik gashtini surib ulgurmay talonchilik jinoyati sodir etib 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Shu-shu o‘qish ham qolib ketdi. Keyin firibgarlik jinoyati uchun sudlandi. Biroq bundan ham o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarmadi. Jazo muddatini o‘tab bo‘lishi hamonoq yana bir jinoyatga qo‘l urdi. 2024 yilning dekabr' oyida tanishi A.Yo‘ldoshni uchratib, suhbat chog‘ida uning avtomashina olish niyatida ekanligidan xabar topdi. O‘zining “Captiva” avtomashinasini taklif qildi. Yo‘ldosh uning avtomashinasini haydab ko‘rdi va sotib olishga qaror qildi. Ertasi kuni Shuhratga 25.000 AQSh dollarini keltirib notariusga borib rasmiylashtirishni taklif qildi. Ammo oldindan avtomashinasini sotish niyati bo‘lmagan, faqat qo‘liga pul kiritishni rejalashtirgan Shuhrat notariusga tashrifni boshqa kunga qoldirdi. Shu-shu suvga tushgan toshdek Yo‘ldoshga ko‘rinmay ketdi. Shuhrat jinoiy harakatlarini davom ettirib, tanishi D.Po‘latni ham chuv tushirdi. Po‘latning xonadon sotib olish niyatini bilgan Shuhrat unga o‘zi yashab turgan xonadonini sotmoqchi ekanligini aytib, 39.000 AQSh dollarini qo‘lga kiritdi.

— Jabrlanuvchilar Shuhratni avvaldan taniganlari uchun unga ishonishgan. U esa ularning ishonchini suiiste'mol qilib, pullarini olgan,– deydi Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, mayor Dias Abdullaev. – O‘z tanishlarini aldashga uyalmagan odamdan nima kutish mumkin? Odam odamga ishonmasa, munosabatlarda ishonch bo‘lmasa, hayotning zavqi-shavqi xiralashmaydimi?

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi ochiq sud majlisida 1993 yilda tug‘ilgan, 2 nafar voyaga yetmagan farzandi bo‘lgan, muqaddam sudlangan U.Shuhratning jinoiy qilmishlarini qonunan ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Uning jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplaganligi, aybiga iqrorligi, qilmishidan pushaymonligini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech