7 Aprel 2025 Yil 1028

Nonko‘rlik

Aslida o‘zi ishlab turgan, shu ishlagan joyidan maosh olib ro‘zg‘orini tebratib kelayotgan odam ishxonada o‘g‘irlik qilmaydi. Yoki salom-alik qilib yurgan hamkasblarining haqiga ko‘z olaytirmaydi. Bu nonko‘rlik hisoblanadi. Biroq P.Bektosh bundaylardan bo‘lib chiqmadi. Aksincha, Yashnobod tumanida joylashgan mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan birida ishlab turib, 2024-yilning 6 martida ishchilarning ovqatlanishi uchun mo‘ljallangan oshxonada ishlovchi T.Nargizaga tegishli bo‘lgan sumka ichidagi hamyondan 700.000 so‘m pulini o‘g‘irlagan bo‘lsa, 8 mart kuni mazkur jamiyat ishchisi E.Qodirning narxi 1.100.000 so‘m bo‘lgan “Redmi Note 9” telefonini o‘g‘irlab, ularga duch kelganida go‘yoki hech narsa bo‘lmagandek quyuq salomlashib yuraverdi. 19 mart kuni esa soat 11.00 larda ishxona oldida faoliyat yurituvchi Z.Sunnatxo‘jaga tegishli oziq-ovqat do‘koniga kirib, sotuvchining ko‘zini shamg‘alat qilgancha kassa oldida turgan 1.400.000 so‘m pulini o‘g‘irlab chiqib ketdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi ochiq sud majlisida 1988-yilda tug‘ilgan, ma’lumoti o‘rta, 3 nafar farzandning otasi, muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan va 3 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan P.Bektoshning jinoiy harakatlarini qonunan ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (“O‘g‘irlik”) bilan aybli deb topdi. Uning aybiga iqrorligi, pushaymonligi, jabrlanuvchilarning da’vosi yo‘qligini inobatga olib, shu modda bilan 5 yilga ozodlikdan mahrum qildi.
Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari Yashnobod tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Nuriddin Ramazonovning ish yurituvidan olindi.

Barcha yangiliklar

Text to speech