Soxta tavbalar bo‘y ko‘rsatganda
Yigirma yoshida o‘rtoqlariga o‘zini ko‘rsatib qo‘yish maqsadida, notanish yigit bilan janjallashgan Farhod sudlanib, 2 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi. Bu unga katta saboq bo‘ldi. Jazo muddati tugagach, ishga kirdi, oila qurdi, birin-ketin uch nafar farzandning otasiga aylandi. Biroq vaqt o‘tib, o‘z-o‘ziga bergan va’dalari unutilib yana jinoyatga qo‘l urdi. Bu gal 3 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi. Uch nafar voyaga yetmagan farzandlari, ayolini o‘ylab o‘z qilmishidan o‘tgan safargidek qattiq pushaymon yedi, tavbalar qildi. O‘z-o‘ziga bundan bu yog‘iga zinhor-bazinhor jinoyatga qo‘l urmaslik, halol ishlab, halol yashashga ont ichdi. Ammo ... 2020-yilning 20 yanvarida internet tarmog‘idagi havolalarni kuzatib o‘tirarkan, “Playstation” kompyuter o‘yinlari klubi egasi tomonidan klubga tegishli texnika va mebel jihozlari sotilayotgani haqidagi e’longa ko‘zi tushdi. Darhol klub egasi X.Sodiqbekka qo‘ng‘iroq qilib, sotib olishini bildirdi. Sotuvga qo‘yilgan buyumlarning holatini, yaroqliligini ko‘zdan kechirgan Farhod ularni 5.000 AQSH dollariga baholadi. O‘zaro kelishuvdan so‘ng Farhod har oyda 500 AQSH dollari to‘lab borish sharti bilan 5 dona “Playstation 5” pristavkasi, 4 dona “Roison” televizori, 7 dona ikki o‘rinli divan, 12 dona djoystiklar, muzlatkich, bar stoli va 6 dona taburetkalarni yuklab ketdi. – Oyiga 500 AQSH dollari berib borishni va’da qilgan Farhod dastlabki oylardanoq turli vaj-karsonlar bilan to‘lov muddatlarini ortga surib boraveradi, – deydi Yashnobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, mayor Tigran Tojiboyev. – Keyin esa umuman telefonini o‘chirib qo‘yadi. Sotilgan mollarining bir tiyinini ham ololmagan, buyumlarini qaytarib olishning imkoni yo‘qligini anglagan Sodiqbek ichki ishlar organlariga murojaat qilishga majbur bo‘ladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi ochiq sud majlisida 1991-yilda tug‘ilgan, ma’lumoti o‘rta-maxsus, qaramog‘ida uch nafar voyaga yetmagan farzandi bo‘lgan, muqaddam sudlangan A.Farhodning qilmishini qonunan ko‘rib chiqib, Respublika Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Uning aybiga to‘liq iqrorligi, jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni qoplaganligi, oilaviy sharoitini inobatga olib, ish haqining 20 foizini davlat hisobiga ushlab qolgan holda 2 yilu 6 oyga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi.