“Senga 3 mln dollar meros qoldiraman deydi” — IIBB mas’uli onlayn firibgarlik haqida
Toshkent shahar IIBB axborot xizmati mas’uli Jamoliddin Nasimov “Daryo” jurnalisti bilan suhbatda bugungi kunda axborot texnologiyalari sohasida jinoyatlar soni sezilarli darajada ko‘payganini aytib, aholi bunday jinoyatlar domiga tushmaslik uchun nimalarga e’tibor qaratishi xususida gapirib berdi.
Video Player
Mas’ul jurnalistning “odamlarga tarmoqlar orqali aloqaga chiqilib, katta meros qoldirilayotgani, eng qizig‘i o‘sha meros egasi xorijdagi qaysidir davlatda yashashini, tez orada sog‘lig‘idagi muammo sabab vafot etishi mumkinligini aytib, merosini o‘zbekistonlikka qoldirishni va’da beradi. O‘sha merosni qabul qilib olish uchun qanchadir miqdorda pul o‘tkazishi kerakligi, bojxona to‘lovlarini amalga oshirishi lozimligi haqida topshiriq beradi. Ko‘p o‘tmay esa, yurtdoshimiz katta miqdordagi pulga chuv tushganini anglab yetadi. Xo‘sh, shundayin firibgarliklar oldini olish uchun nima qilish kerak”, degan savoliga quyidagicha javob berdi.
Internetda katta-katta va’dalarni eshitayotgan odam o‘ylab ko‘rishi kerak-da, ota-onam O‘zbekistondan. O‘zim shu yurtda tug‘ildim. Angliyada yoki boshqa bir xorij mamlakatida menga meros qoldiradigan tanishim yo‘q. Nega buncha pul va’da qilinyapti. Tag‘inam 3 million dollar haqida so‘z boryapti deb o‘ylab ko‘rishi kerak. Aytishadi-ku, tekin pishloq qopqonda bo‘ladi deb, — deydi Jamoliddin Nasimov.
Mas’ulning bildirishicha, firibgarlar va’da qilayotgan katta miqdordagi pul tarmoq foydalanuvchilarni chalg‘itib qo‘yadi va uning domiga tushishiga olib keladi.
Sizga 3 million dollar meros qoldirmoqchi bo‘lgan odam, shuni jo‘natish uchun 3 ming dollar topolmaydimi? Shunaqa va’dalarni eshitayotgan odam shu kabi tekshiruvchi savollarni o‘ziga berib, yaxshilab o‘ylab ko‘rishi kerak-da. Shunaqa vaziyatda aldanib qolayotganlarni ko‘rib, ba’zida na kulishingni va na yig‘lashingni bilasan, — deydi Toshkent shahar IIBB axborot xizmati vakili.
Jamoliddin Nasimovning qo‘shimcha qilishicha, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi qoshida aynan axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tashkil etilgan.