Bekmurod ilk bor 2003-yilda o‘g‘irlik jinoyati uchun sudlanganida hakamlar uning pushaymonligi chin ko‘ngildan ekanligiga, qayta jinoyatga qo‘l urmaslik haqida bergan va’dalariga ishongan, muqaddam sudlanmaganligini inobatga olib, unga jarima jazosi tayinlagan edi. Biroq uning va’dalari jarimani to‘lab qutulguncha bo‘ldi. 2006-yilda u yana jinoyatga qo‘l urdi. Biroq bu ham unga saboq bo‘lmadi. Bu orada uch farzandning otasiga aylandi. Ammo ro‘zg‘or, tirikchilik tashvishlari uni kamroq o‘ylantirar, ro‘zg‘or asosan ota-onasi, turmush o‘rtog‘ininng gardanida edi. 2024-yilning 27 may kuni soat 12.00 larda u Yashnobod tumanidagi “Fazogir” mahallasida aylanib yurib, ko‘p qavatli uylarning oldida turgan “Oniks” avtomashinasiga ko‘zi tushdi. Uning e’tiborini tortgan narsa – avtomashina oynasining ochiqligida edi. U avvalo yon-atrofga boqdi. Hech kim yo‘q. Asta avtomashina oldiga borib ochiq oynasidan mo‘raladi. O‘rindiqda narxi 6.470.000 so‘m bo‘lgan “Samsung A 55” rusumli uyali telefonini ko‘rib, qo‘l uzatdi. Uni qo‘lga kiritdi-yu juftakni rostladi. Do‘kondan chiqqan G.Albina o‘g‘irlikni payqab darhol ichki ishlar organlariga qo‘ng‘iroq qildi. – Xalqimiz juda rahmdil va insonparvar, – deydi Yashnobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Nuriddin Ramazonov. – Avvalida o‘g‘rilarning qo‘lini kesish kerakligi, jazoni qattiqlashtirish, rahm-shafqat qilmaslik kerakligi haqida gapirayotgan jabrdiyda oldida suvga tushgan bo‘lka nondek shalvirab, mung‘ayib ayolga yalingannamo qarab o‘tirgan aybdorga rahmi kelib, unga yengilroq jazo berish haqida iltimos qildi. Sud buni inobatga oldi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi ochiq sud majlisida 1981-yilda tug‘ilgan, ma’lumoti o‘rta, vaqtincha ishsiz, muqaddam bir necha bor sudlangan, uch nafar farzandi bo‘lgan I.Bekmurodning qilmishlarini ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (“O‘g‘irlik”) bilan aybli deb topdi. Uning qilmishiga pushaymonligi, sog‘lig‘idagi jiddiy muammolarni inobatga olib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 3 yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qildi.