Poytaxtimizda tinchlik-osoyishtalikni saqlash, jamiyatimiz barqarorligini ta’minlash ko‘p jihatdan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, o‘z vaqtida chek qo‘yilishiga bog‘liq. Buning uchun esa jinoyat qilishga, huquqbuzarliklarni sodir etishga tabiatan moyil bo‘lgan shaxslarni jinoyat qilmasdan oldinroq aniqlash, ishsiz, bekorchi yurgan shaxslar, muqaddam sudlanganlar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazish, ularni foydali mehnatga jalb qilish yoki bo‘sh vaqtini band qilish orqali erishish mumkin. Ayniqsa, probatsiya nazoratidagi shaxslarning yurish-turishi, nima bilan mashg‘ulligi, sog‘lom hayotga munosabatini shakllantirish muhim o‘rin tutadi. Shu maqsadda Yashnobod tumanidagi “Ishga marhamat” Monomarkazida tuman hokimi, prokurori, IIO FMB rahbarining probatsiya nazorati ostida jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan mazkur uchrashuvda tuman hokimi ishtirokchilarning bandligini ta’minlashga ko‘maklashish, kasb-hunarga ega bo‘lmaganlarni kasbga qayta yo‘naltirish, o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlash niyatida bo‘lganlarga imtiyozli kreditlar hamda uy-joyga muhtojlarga subsidiya ajratish bo‘yicha mas’ullarga huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha zarur topshiriqlar berdi. Tuman IIO FMB boshlig‘i va tuman prokurori tomonidan probatsiya ro‘yxatida turuvchilarga jazoni o‘tash tartibi, muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish, o‘qish va ishga joylashish masalalarida huquqiy yordam ko‘rsatilib, nazoratga olingan murojaatlarni hal qilish yuzasidan mutasaddi rahbarlar hamkorligida tegishli vazifalar belgilandi. Shu bilan birga tumanda joylashgan yirik ish beruvchi – “Texnopark”, “Euro pask”, “BetoMax Beton”, “Texnoprogress” korxonalari mas’ullari va boshqa xususiy tadbirkorlar ishtirokida “Bo‘sh ish o‘rinlari” mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Natijada ishlash ishtiyoqida bo‘lgan 7 nafar shaxs ishga yo‘llanma olgan bo‘lsa, 1 nafari “Ishga marhamat” monomarkazi qoshidagi o‘quv kurslarida o‘qish istagini bildirdi.Sog‘lig‘ini tiklash bo‘yicha murojaat qilgan 17 nafar probatsiya hisobida bo‘lgan shaxslar tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga tegishli muolaja hamda zarur tibbiy tavsiyalar berildi. Bu tadbir jamiyatimizda hech kim - hatto u noto‘g‘ri xatti-harakati bilan o‘z nomiga dog‘ tushirgan bo‘lishiga qaramay, to‘g‘ri yo‘lga kirish istagida bo‘lganlarga ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan insoniylik namunasidir.