Yoshlar bilan ochiq muloqot: muammolar o‘rganildi, yechimlar belgilandi
Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar bilan ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlar siyosati sohasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bandligini taʼminlash, jamiyatda faol o‘rin egallashi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berilgan edi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida joylarda “Yangi O‘zbekiston — vatanparvar yoshlari” shiori ostida manzilli va tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, har bir rahbarga muayyan toifadagi yoshlar nomma-nom biriktirilib, ular bilan doimiy muloqot o‘rnatildi. Jumladan, probatsiya hisobida turuvchi, muqaddam sudlangan, maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan, giyohvandlik, psixotrop moddalar va ularning analoglari hamda spirtli ichimliklarga ruju qo‘ygan, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar otaliqqa olindi.
Rahbarlar tomonidan biriktirilgan yoshlarning jinoyat va huquqbuzarliklarga qo‘l urishining oldini olish, ularni sog‘lom hayot tarziga yo‘naltirish hamda jamiyatga moslashuvini taʼminlash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Shu doirada yoshlarni ish bilan taʼminlash, kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘rgatish, xorijiy tillar va zamonaviy kasblar bo‘yicha o‘quv kurslariga jalb etish, ularga ijtimoiy, huquqiy va psixologik ko‘mak ko‘rsatish ishlari tizimli ravishda tashkil etildi.
Bundan tashqari, biriktirilgan yoshlarning muammolarini bevosita o‘rganish, ularni qiziqtirgan masalalarga joyida yechim topish maqsadida rahbarlar tomonidan shaxsiy qabullar o‘tkazildi. Qabul davomida har bir yoshning murojaati atroflicha o‘rganilib, taklif va tashabbuslari tinglandi. Ishsiz yoshlarni ish bilan taʼminlash, ularni kasb-hunarga o‘qitish hamda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha tayyorlash uchun maxsus o‘quv kurslariga yo‘llanmalar berish choralari ko‘rildi.
Ushbu ishlar yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy ongi va ijtimoiy faolligini oshirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, eng muhimi, yoshlarning kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.