Bugungi Yangi – 2026 yilni kutib olish arafasida o‘tkazilgan “Payshanba – profilaktika kuni” tadbiriga bag‘ishlangan tonggi yo‘riqnoma qatnashchilari oldiga ko‘plab muhim vazifalar qo‘yildi. Asosiy e’tibor yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayram tadbirlarini aholi hamda poytaxt mehmonlari tomonidan ko‘tarinki ruhda o‘tkazish, jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganida ularni tezkor va samarali bartaraf etish, kuch va vositalarni archa bayramlari o‘tkaziladigan maydonlar, saylgohlar, madaniyat va istirohat maskanlariga to‘g‘ri taqsimlash kabilarga qaratildi. Shuningdek, tantanalar arafasida pirotexnika vositalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yish, barvaqt aniqlab oldini olish borasidagi ishlarga diqqatni qaratish ta’kidlandi. Xodimlar yangi yil shodiyonalari: ko‘ngilochar tomoshalar, konsert, yarmarkalar o‘tkaziladigan manzillarda hushyorlikni oshirish, fuqarolar bilan xushmuomala bo‘lishga chaqirildi. Amalga oshiriladigan ishlar sirasiga Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik illatlaridan asrash, poytaxt hududida ekologik vaziyatni yaxshilash, Probatsiya hamda profilaktika xizmati ro‘yxatlarida turuvchi shaxslar bilan suhbatlar o‘tkazilib, ular tomonidan qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish, jamiyatga moslashuvi, bandligini ta’minlash kabi muhim masalalarga ham urg‘u berildi.
Aksariyat tumanlarda bayram arafasida tashkil etilgan sayyor sudlar tomonidan Probatsiya bo‘limi xodimlarining taqdimnomalariga asosan, tuzalish yo‘liga kirgan, namunali xulqi va halol, sog‘lom turmush tarzini tanlagan mahkumlarni muddatidan ilgari jazodan ozod qilish choralari ko‘rildi. O‘quv yurtlari o‘quvchilarining qishki ta’tili oldidan giyohvandlik vositalari, psixotrop hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasi, tarqatilishi, iste’moliga qarshi kurash, ayniqsa yoshlarimizni bu illatdan asrash borasida qator targ‘ibot, tushuntirish va ogohlantirish ishlari, ayniqsa, yangi yil oldidan kibermakonda bolalarga bepul bonuslar va o‘yinlar valyutasi va’da qilinishi oqibatida g‘araz kimsalarning jinoiy tuzog‘iga tushib qolmasliklari uchun ota-onalarga bolalar bilan internet xavfsizligi qoidalariga amal qilish tavsiya etildi. Shuningdek, maktab o‘quvchilarining ta’tilda yo‘llarda harakatlanish qoidalariga, bayram tadbirlarida ehtiyotkor harakat qilishlari, kattalar tomonidan nazoratni susaytirmaslik, belgilangan tartib-qoidalarga amal qilishlariga da’vat etildi. Mahallalar, korxona-tashkilotlarda tizimli ravishda uyushtirilayotgan suhbatlar, ochiq muloqotlarda kibermakonda jinoyatga yetaklovchi havola va platformalardan himoyalanishga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, tumanlar IIO FMB rahbarlari tomonidan mahalla mas’ullari ishtirokida nizoli oilalardagi munosabatlar, foydali mehnat bilan band bo‘lmagan yoshlarning muammolari o‘rganildi va hal etish choralari ko‘rildi. Joylarda sodir etilgan oilaviy zo‘ravonlik, kiberjinoyatlar, qonunbuzilish holatlari jamoatchilik vakillari, “mahalla yettiligi” va faollari ishtirokida muhokama etilib, ta’sirchan choralar ko‘rildi. Poytaxt hududidagi ta’lim muassasalarida o‘tkazilgan targ‘ibotlarda asosiy e’tibor yoshlarning huquqiy madaniyati, savodxonligini oshirish, yig‘ilganlarga qabul qilinayotgan me’yoriy hujjatlarning, profilaktik tadbirlarning ahamiyati, mahallalarda, poytaxtimizda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishdagi muhim o‘rni ta’kidlanmoqda hamda faol ishtirok etishga chaqirilmoqda.