16 Dekabr 2025 Yil 0

Fidoyi posbonlarning boriga shukur

Ayni damda Shayxontohur tumani IIOFMB M va FRB xodimlari aholini fuqaroligi va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bilan ta’minlayapti, migratsiya jarayonlarini qonun talablaridan kelib chiqqan holda amalga oshirishmoqda.

– Yoshim 67da – deydi fuqaro Jamila aya Yusupjonova. – O‘zim yurishga qiynalaman. Keksaligimni, nogironligimni hisobga olib shaxs guvohnomasi – ID-kartamni xodimlar uyimga kelib rasmiylashtirib berishdi. Ularning xushmuomalaligidan ko‘nglim ko‘tarildi. Men singari ko‘makka muhtojlarning og‘irini yengil qilayotgan ko‘ngli ochiq, samimiy, fidoyi posbonlarimizning boriga shukur.

– Men dog‘istonlikman, millatim lakets, – deydi Xizri Alilov. – Taqdir taqozosiga ko‘ra O‘zbekistonga kelib, yaqinlarim bilan shu yerda yashayman. O‘zbeklar bag‘rikeng xalq. Ba’zan fuqaroligim yo‘qligi uchun muammolarga duch kelgan paytlarim bo‘lgan. Shunday kezlarda ko‘nglimda fuqarolik olishim kerak, deb o‘ylardim. Nihoyatda xursandman, niyatim ushaldi. O‘zbekiston fuqarosi bo‘ldim.

Ha, qancha qalblarga fuqarolik olish bilan kirib borayotgan xurramlik so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson manfaatlari, uning qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganining yorqin isbotidir.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, bo‘lim tomonidan xorijiy davlatlar fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning mamlakatimizda bo‘lish qoidalariga rioya etishlarini nazorat qilishda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Kerakli vaziyatda belgilangan qonun doirasidan chetga chiqish holatlariga huquqiy baho berilayotir.

– Joriy yilning o‘tgan davri ichida respublikamizda joriy etilgan tartib-qoidalarga rioya qilmaganlik holatlari bo‘yicha 314 ta ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, 1 nafar shaxs mamlakatimiz hududidan chiqarib yuborildi, – deydi tuman IIOFMB M va FRB boshlig‘i, katta leytenant Sa’dulla Azimov. – Shuningdek, 13383 nafar fuqaro doimiy ro‘yxatga olindi. O‘qish, ishlash, davolanish hamda mehmon sifatida kelgan 8743 nafar fuqaro vaqtinchalik ro‘yxatga qo‘yildi.

Sirasini aytganda, bo‘lim xodimlari o‘z vazifalariga mas’uliyat bilan yondashishmoqda. Bundan turli masalalarda murojaat etayotganlar mamnun bo‘lishyapti.

Gulnoza TURG‘UNBOYEVA, o‘z muxbirimiz

© Postda – На посту, №49 (4743), 2025-yil 4-dekabr

Barcha yangiliklar

Text to speech