Mandarin — qish faslining eng sevimli mevalaridan biri bo‘lib, inson salomatligi uchun qimmatli moddalarga boyligi bilan boshqa mevalardan ajralib turadi. Quyida uning shifobaxsh xususiyatlari haqida sanab o‘tamiz:
— Mandarin tarkibining 85 foizi suvdan iborat bo‘lib, C vitamini, B guruhi vitaminlari, kaliy, kalsiy, magniy va organik kislotalarga boy. — 100 grammi atigi 53 kilokaloriya bo‘lgani uchun parhezbop mahsulot sifatida ham tavsiya etiladi. — Mazkur mevaning nafis va muattar hidi ishtahani ochadi, tarkibidagi kislotalar esa ovqat hazmini yaxshilaydi. — Tarkibidagi fitonsidlar mikroblarga qarshi kurashib, shamollashning oldini olishga yordam beradi. Po‘stlog‘idan tayyorlangan damlama bronxit va quruq yo‘talda foydali bo‘lib, balg‘amning yengil ajralishini ta’miinlaydi. — Ikki dona mandarin kunlik C vitamini ehtiyojini qondiradi. Bu vitamin immunitetni ko‘tarish bilan birga qon tomirlari devorlarini mustahkamlaydi. Tarkibidagi beta-karotin esa A vitaminiga aylanib, teri elastikligini saqlashga hissa qo‘shadi. — Iste’mol qilishdan oldin mandarinni iliq suvda yuvish zarur. Chunki ularni uzoq vaqt saqlash uchun organizmga zararli bo‘lgan moddalar bilan ishlov berilgan bo‘lishi mumkin. — Mandarin miqdoridan ko‘p iste’mol qilish allergik reaksiyalarga olib kelishi, oshqozon-ichak trakti surunkali kasalliklarining kuchayishiga olib kelishi mumkin, chunki mevada ko‘p miqdorda klechatka mavjud. — Diyetolog shifokorlar mandarinni ertalab va kunduzi soat 5 gacha iste’mol qilishni tavsiya qilishadi. Asosiysi – ularni och qoringa iste’mol qilish kerak emas. — Oddiy tavsiyalarga amal qilinsa, mandarin inson salomatligiga ijobiy ta’sir qiladi: toksinlarni chiqaradi, immunitetni mustahkamlaydi va kayfiyatni yaxshilaydi. — Mandarinni muzlatkichda bir hafta, xona haroratida esa 2–3 kun saqlash mumkin. Uni olmalar yonida qo‘ymaslik kerak, chunki olma chiqaradigan etilen gazi mevalarning tez chirishiga sabab bo‘ladi.
Toshkent shahar IIBB poliklinikasi profilaktika bo‘linmasi boshlig‘i, kapitan Nilufar INOYATOVA