“Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi yakuniga bag‘ishlangan tungi yo‘riqnoma o‘tkazildi
Toshkent shahar IIBB, shahar prokuraturasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi, Milliy gvardiyaning Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi rahbariyati va shaxsiy tarkibi, shuningdek xodimlarning ota-onalari hamda oila a’zolari ishtirokida Olmazor tumanida joylashgan Islom sivilizatsiyasi markazida “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi yakuniga bag‘ishlangan tungi yo‘riqnoma tadbiri o‘tkazildi. Mazkur tadbir huquq-tartibot idoralari o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, jamoat xavfsizligini ta’minlash, fuqarolar tinchligi va osoyishtaligini asrash, shuningdek xizmat intizomi va mas’uliyatni oshirish maqsadida tashkil etildi. Yo‘riqnomada so‘zga chiqqan poytaxt IIBB boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultanxodjayev o‘z nutqida oylik doirasida amalga oshirilgan ishlar, o‘tkazilgan tezkor-profilaktik tadbirlar, aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik vositalari hamda narkotik moddalar bilan bog‘liq jinoyatlardan samarali himoya qilish borasida ko‘rilgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning ildiz sabablarini bartaraf etishga qaratilgan profilaktik ishlar natijalari alohida ta’kidlandi. Tadbirda, shuningdek, kirib kelayotgan Yangi yil bayrami munosabati bilan poytaxtimizda o‘tkazilayotgan ommaviy madaniy tadbirlar davomida fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, xizmat olib borayotgan shaxsiy tarkibning xushyorligi va mas’uliyatini yanada oshirish zarurligi qayd etildi. Bu borada barcha tegishli tuzilmalar o‘zaro hamjihatlikda, yuqori uyushqoqlik bilan faoliyat olib borishi lozimligi ta’kidlandi. Tadbir yakunida jinoyatlarni “issiq izidan” fosh etishda faol ishtirok etgan, xizmat faoliyatida namuna ko‘rsatayotgan, o‘zining sadoqati va fidoyiligi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir qator xodimlar hamda ularning ota-onalariga minnatdorlik bildirilib, tashakkurnomalar va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.