4 Iyun 2025 Yil 371

Xitoylik talabalar Bosh boshqarma faoliyati bilan tanishdilar

Yurtimiz dunyoning ko‘plab davlatlari bilan do‘stona va o‘zaro hurmat, teng huquqlilik aloqalarini o‘rnatib, ko‘plab sohalarda tajriba almashish, ikki tomonlama hamkorlikni amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, O‘zbekiston va Xitoy xalq respublikasini ko‘p asrlik tarixiy rishtalar bog‘lab turadi. Chunonchi, o‘zaro munosabatlarda global xavfsizlik, mintaqaviy barqarorlik, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi birgalikda kurashish kabi masalalar borasida O‘zbekiston respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Xitoy Jamoat xavfsizligi vazirligi o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidlash joiz. Xususan, ta’lim sohasida aloqalarning faol tarzda rivojlanib borayotgani, zamonaviy texnologiyalarning ilg‘or yutuqlarini o‘rganish va tizim uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar e’tirofga loyiqdir. Shu maqsadlarda Xitoy xalq respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti bir guruh talabalari ta’lim olish va tajriba almashish uchun yurtimizga tashrif buyurishdi. Xitoylik talabalar IIV Akademiyasida ikki haftalik o‘quv kurslari davomida Toshkent shahar IIBB faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar. Ular Bosh boshqarma “Shon-sharaf” muzeyiga tashrifi chog‘ida poytaxt ichki ishlar organlarining uzoq tarixi, uning shakllanish va rivojlanish jarayonlari, tinchlik – osoyishtalik, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqiy davlat barpo etish yo‘lida shu kungacha bosib o‘tgan zafarli yo‘li haqida hikoya qiluvchi asori-atiqalar, foto va ko‘rgazmali qurollar bilan tanishdilar. Bosh boshqarmaning Axborot multimedia markazining poytaxt ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jinoyatchilikning har qanday ko‘rinishi, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash borasida amalga oshirayotgan ishlarini keng jamoatchilik e’tiboriga havola etish bo‘yicha olib borayotgan ishlari ularda katta qiziqish uyg‘otdi.

Barcha yangiliklar

Text to speech