TOSHKENT SHAHAR ICHKI ISHLAR BOSH BOSHQARMASI

Yolgʻon vajlari fosh etildi

“Men 1961-yilda tugʻilgan T.Ravshanbek 2022-yilning 20-fevralida tanishim P.Boburjonga oʻzim boqib kelgan qoramolimni qushxonada soʻydirib, tarozida 550 kilogramm chiqqan goʻshtining har kilosini 75.000 soʻmdan baholab, jami 41.250.000 soʻmni ikki oy ichida berishni vaʼda qilgan P.Boburjonga sotdim. Biroq u shu kungacha pulini bermay kelmoqda. Pulimni olishda amaliy yordam berishingizni soʻrayman. 2022-yil 11-may. imzo”. Bu Ravshanbekning Sergeli tumani IIO FMBga yozgan arizasidan koʻchirma. – Qoramol goʻshtini sotib ikki oy ichida yuqorida koʻrsatilgan pulni berishni vaʼda qilgan P.Boburjon muqaddam 2018-yilda firibgarlik jinoyati sodir etib, sudlangan, – deydi Sergeli tumani IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tergovchisi, leytenant A.Boltayev. – Tergov jarayonida goʻshtning pulini bermoqchi boʻlganligini, ammo dori-darmonga pullarni sarflab yuborganini aytib, qilmishini oqlashga urindi. Agar uning niyati begʻaraz boʻlganida u Ravshanbekning qoʻngʻiroqlaridan qochmay, unga vaziyatni tushuntirishi lozim edi. Biroq, uning yolgʻonlari fosh etildi. Jinoyat ishlari boʻyicha Sergeli tuman sudi ochiq sud majlisida 1991-yilda tugʻilgan Boburjonning qilmishini koʻrib chiqdi. Sud jazo turini tayinlashda sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, aybiga iqrorligi va pushaymonligi, yetkazilgan zarar miqdorining qoplanganligi, jabrlanuvchining sudlanuvchiga nisbatan hech qanday moddiy va maʼnaviy daʼvolari yoʻqligini inobatga oldi. Bularni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 55-moddasida nazarda tutilgan jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb baholadi. Sud Boburjonni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topib, bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravari, yaʼni 81.000.000 soʻm jarima jazosiga hukm qildi.

21 Dekabr 2024 Yil

37

“Yoshlar haftaligi” kundaligi

Ichki ishlar vazirligi tizimlarida davom etayotgan “Yoshlar haftaligi-2024” doirasida respublikaning barcha hududlaridan tashrif buyurgan bir guruh yosh xodimlar Toshkent shahar IIBB faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Dastlab ular boshqarmaning Axborot multimediya markazi faoliyati, uning moddiy-texnik imkoniyatlari, jihozlanishi, aholi murojaatlariga tezkor munosabat bildirish, poytaxt aholisini ichki ishlar shaxsiy tarkibining jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlari bilan tanishdi. Markaz tomonidan fuqarolarni ogohlikka chaqirish borasidagi ishlar, ish uslublari haqida maʼlumotlarga ega boʻlish barobarida, yosh xodimlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar olishdi. Soʻngra ular Bosh boshqarmaning Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmatida boʻlib, u yerda tashkil etilgan “Vatanparvarlik burchagi” va xizmatlarga nomzodlarni qabul qilish tartibi borasida yaratilgan elektron dasturning ishlash tizimi tafsilotlaridan xabardor boʻlishdi. Shuningdek, Yagona tezkor boshqaruv markaziga tashrifi chogʻida markazning jinoyatchilikni “issiq izidan” fosh etish, huquqbuzarliklarni oldini olishning amaliy imkoniyatlari, ilgʻor texnologiyalardan samarali foydalanish uslublari, tezkorlikni taʼminlash jarayonlari bilan tanishdilar. Tashrif oxirida Boshqarma qoshida tashkil etilgan “Shon-sharaf” muzeyida boʻlishib, undagi ilk xizmatga oid buyumlar, vositalar, tarkibiy va hududiy boʻlinmalariga tegishli osori-atiqalarni qiziqib tomosha qilishgach, xizmat vazifasini bajarish chogʻida mardona halok boʻlganlar xotirasiga oʻrnatilgan xotira monumenti poyiga gullar qoʻyishib, oʻz hurmat va ehtiromlarini namoyish etdilar. Yoshlar haftaligi doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.

20 Dekabr 2024 Yil

102

Yoshlar haftaligi davom etmoqda

Yurtboshimiz tomonidan joriy yilning «Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” deb eʼlon qilinishi yoshlarimizning oʻz imkoniyatlari, iqtidorlarini roʻyobga chiqarish uchun keng yoʻl ochib berdi. Yoshlarning taklif va tashabbuslari qoʻllab-quvvatlandi. Oʻz ilgʻor gʻoyalari, fan-texnika sohasidagi ixtirolari, ilmiy va ijodiy salohiyatga ega, faol yoshlar bilan davlat boshqaruv organlari, jamoat va ilmiy tashkilotlar hamkorligi oʻrnatilishi natijasida qator yangiliklar yurtimizning ijtimoiy, maishiy hayotiga kirib keldi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yoshlar siyosati borasidagi tegishli topshiriqlari hamda Ichki ishlar vazirining farmoyishiga asosan, 18-25-dekabr kunlari poytaxtimizda “Yoshlar haftaligi”ning oʻtkazilishi ana shu ishlarning mantiqiy davomidir. Haftalik davomida Bosh boshqarma yosh xodimlari oʻrtasida shaxmat, shashka va stol tennisi boʻyicha musobaqalar tashkillashtirildi. Unda IIVning 1-sonli akademik litseyi va ixtisoslashtirilgan maktab-internat oʻquvchilari va faxriylar ham ishtirok etishdi. Stol tennisi musobaqasida ayollar oʻrtasida: 1-oʻrin Mirzo Ulugʻbek tumani IIO FMB Kadrlar bilan taʼminlash guruhi inspektori Goʻzal Ibragimovaga; 2-oʻrin Yakkasaroy tumani IIO FMB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, kapitan Munira Djumabayevaga; 3-oʻrin Yakkasaroy tumani IIO FMB navbatchilik qismi inspektori, safdor Lobar Rahmonovaga berildi. Erkaklar oʻrtasida: 1-oʻrin Bektemir tumani IIO FMB profilaktika inspektori, leytenant Suhrob Qahhorovga; 2-oʻrin vazirlik ixtisoslashtirilgan maktab-internat oʻquvchisi Abdurazzoq Pardayevga; 3-oʻrin Yunusobod tumani IIO FMB profilaktika inspektori, katta leytenant Azizbek Hayitboyevga nasib etdi. Shaxmat bellashuvlarida: 1-oʻringa vazirlik ixtisoslashtirilgan maktab-internati oʻquvchisi Kamron Oʻsarov: 2-oʻringa Yakkasaroy tumani IIO FMB navbatchilik qismi katta inspektor-navbatchisi, kapitan Akromjon Ikromov: 3-oʻringa Olmazor tumani IIO FMB profilaktika inspektori, leytenant Javohir Esonjonovlar munosib topildi. Shashka donalari surgan isteʼfodagi mayor Rauf Moʻminov birinchi; Uchtepa tumani IIO FMB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, katta leytenant Marvarid Qalandarova ikkinchi; isteʼfodagi podpolkovnik Shuhrat Ahmedov uchinchi oʻrinlarni egallashdi. Musobaqa gʻoliblariga Bosh boshqarma rahbariyatining diplom, medal va esdalik sovgʻalari topshirildi.

20 Dekabr 2024 Yil

123

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha joriy yil yakunlari va 2025-yilga asosiy rejalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi hamda yetakchi tadbirkorlar bilan muloqot boʻlib oʻtdi

“Keng koʻlamli islohotlarimizning ilk kunlaridan boshlab men bir fikrni doim taʼkidlab kelaman: tadbirkorlikni rivojlantirish – biz uchun strategik vazifa. Bizning tayanchimiz ham, suyanchimiz ham, eng katta kuchimiz ham shu sohada mujassam. Shu bois tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash markazdan tortib eng quyi boʻgʻingacha – barcha rahbarlarning kundalik ishi boʻlishi shart”, - dedi davlatimiz rahbari soʻzining avvalida. Ayniqsa, joylarda hokimlar har bir tadbirkor bilan koʻproq muloqot qilib, korxonalarga borib, ularni dardi bilan yashashi kerakligi koʻrsatib oʻtildi. Tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha jamoatchilik kengashi aʼzolari davlat va tadbirkorlar oʻrtasida koʻprik boʻlib, aniq takliflarni oʻrtaga qoʻyib kelayotgani alohida taʼkidlandi. Natijada joriy yilning oʻzida tadbirkorlar faoliyati uchun gʻoyat muhim ahamiyatga ega boʻlgan 5 ta qonun, 101 ta farmon va qarorlar qabul qilindi. Prezidentimiz kengash aʼzolariga, ular orqali butun ishbilarmonlar hamjamiyatiga ana shunday faollik uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi. Soʻnggi yillarda iqtisodiyotimizda pul koʻpaygani, investitsiya loyihalarini barqaror moliyalashtirishning mustahkam asosi yaratilgani taʼkidlandi. Jumladan, korxonalarning banklardagi mablagʻlari 20 trillion soʻmga oshib, 107 trillion soʻmga yetdi. Aholi omonatlari ham 25 trillion soʻmga koʻpayib, 105 trillion soʻm boʻldi. Bu banklarimiz barqaror rivojlanayotgani, ularga aholi va tadbirkorlarimiz ishonchi ortib borayotganidan dalolat ekani taʼkidlandi. Yil yakuni bilan ajratilgan jami kreditlar 275 trillion soʻmni tashkil qiladi. 2025-yilda bu 300 trillion soʻmdan oshishi hisob-kitob qilingan. Ayniqsa, kichik biznesga beriladigan kreditlar ulushi hozirgi 28 foizdan 40 foizga oshirilib, 120 trillion soʻmga yetkaziladi. Tadbirkorlar ehtiyojidan kelib chiqib banklarimiz 2025-yilda chetdan davlat kafolatisiz 6 milliard dollar jalb qilishi rejalashtirilgan. Faktoringga keng yoʻl ochib berilgani natijasida shu yilning oʻzida 100 million dollarlik bunday xizmatlar koʻrsatildi. Biznes uchun yoʻl, suv, elektr, gaz, temir yoʻl kabi infratuzilma obyektlarini yaxshilashga bu yil 35 trillion soʻm yoʻnaltirildi. Kelgusi yil yana 43 trillion soʻm ajratish rejalashtirilgan. Korxonalarni barqaror energiya bilan taʼminlash uchun elektr ishlab chiqarish 82 milliard kilovatt-soatga yetdi. Bu yil ishga tushgan 6,3 milliard dollarlik 17 ta yirik “yashil” va yangi texnologiyaga asoslangan energiya quvvatlari hisobiga kelgusi yilda qariyb 90 milliard kilovatt-soat elektr ishlab chiqariladi. Bu ishlar davom ettirilib, 2025-yilda yana 6,4 milliard dollarlik 25 ta loyiha doirasida 4,8 gigavatt yangi quvvatlar barpo etiladi. Endi energiya sohasida ham raqobatli bozorga oʻtish vaqti kelgani qayd etildi. Hozirgi kunda yurtimizda mustaqil energiya ishlab chiqaruvchilar soni 24 taga yetdi. Ilk bor 2025-yilda elektr energiyasining onlayn ulgurji bozori ishga tushadi. Turizm sohasida ham katta ishlar qilindi. Tadbirkorlarning 6,5 trillion soʻm sarmoyasi bilan 24 ming oʻrinli mehmonxonalar ishga tushdi. Kelgusi yilda mehmon oʻrinlari yana 30 mingga oshadi. Tadbirkorlar bunga 10 trillion soʻm investitsiya kiritishga tayyor. Bu yil ishga tushgan 17 ta yirik savdo va turistik maskanga qoʻshimcha yana 25 ta shunday majmua qoʻshiladi. Boʻstonliqda 10 milliard dollarlik “Sea Breeze” nomli yirik markaz qurilishini boshlashga kelishib olindi. Shuningdek, mamlakatimizga dunyoni nufuzli Swissôtel, Sheraton, Ritz-Carlton, Novotel, Pullman, Marriott, ibis, Mercure kabi 23 ta mehmonxona brendlari kirib kelayapti. Savdoni rivojlantirish boʻyicha alohida kompaniya ochilib, eksportni moliyalashtirish uchun 350 million dollar ajratildi. Natijada berilgan har 1 dollar hisobiga tadbirkorlar 6 dollarlik eksport qildi. Kelgusi yilda bunga yana 300 million dollar berilishi belgilandi. Tadbirkorlar bu yilda 11,5 trillion soʻmlik 3 mingta davlat mulki va 4 ming gektar yerni sotib olib, biznesini boshladi. Kelayotgan yilda yana 4,5 mingta bino va 6 ming gektar yer tadbirkorlarga taklif qilinadi. Uzoq yillardan beri davlat monopoliyasida boʻlgan yoʻllarni taʼmirlash va saqlashga xususiy sektorni jalb qilish ishlari kengaytiriladi. Bu yil 260 kilometr yoʻllarni saqlash ishlari tadbirkorlarga berildi. Kelasi yili bu 3 ming kilometrga yetkaziladi. “Tashabbusli byudjet” doirasida yoʻllarni taʼmirlash ishlarining 92 foizi xususiy pudratchilar tomonidan amalga oshirildi. Bu 100 foizga yetkaziladi. Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida 86 ta tumanda quriladigan 841 kilometr yoʻllar toʻliq mahalliy pudratchilar tomonidan amalga oshiriladi. Temir yoʻl sohasida raqamlashtirish va operatsion samaradorlikni oshirish hisobiga yuk tashish muddatlari 40 foizga qisqardi. Muhimi, stansiyalarda yuklarni toʻlovsiz tushirish vaqti 2 soatdan 3 kunga uzaygani uchun tadbirkorlar yiliga 57 milliard soʻm tejayapti. Aviatsiya sohasida ham xususiy sektorning roli oshib bormoqda. Bugungi kunda xususiy aviakompaniyalar soni 14 taga yetdi. Qoʻshimcha 6 ta yuk va 16 ta yoʻlovchi havo kemasi olib kelindi. Buxoro, Namangan aeroportlari xususiy boshqaruvga berildi, Andijon va Urganch aeroportlari boʻyicha tender davom etayapti. Prezidentimiz mintaqadagi eng qulay va jozibador biznes muhitini saqlab qolish uchun barqaror soliq siyosati davom ettirilishini taʼkidladi. Jumladan, hayotiy zarur xarajatlarni moliyalash uchun byudjet tushumlari qanchalik zarur boʻlmasin, asosiy soliqlar boʻyicha stavkalar oʻzgarmaydi. Shuningdek, 1-yanvardan boshlab yer yoki davlat mulki QQSsiz sotiladi, mobil aloqa uchun aksiz soligʻi (10 foiz) bekor qilinadi. Shahar chegarasidagi qishloq yerlariga 2 karra yer soligʻini hisoblash toʻxtatiladi. Nashriyot korxonalari foyda soligʻini toʻlashdan 5 yilga ozod etiladi. Bundan tashqari, IT-park rezidentlariga barcha turdagi soliqlarni toʻlashdan ozod etish boʻyicha imtiyozlar 2040-yilgacha uzaytiriladi. Xususiy maktab va bogʻchalar, xorijiy oʻqituvchi va mutaxassislar uchun berilgan barcha soliq imtiyozlari 2030-yilgacha amal qiladi. Yigʻilishda Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonlari yakuniy bosqichga kirayotgani aytildi. AQSH, Xitoy kabi yirik davlatlar bilan kelishuvlarga erishildi. Jahon savdo tashkiloti qoidalariga zid boʻlgan imtiyozlar bekor qilinayotgan boʻlsa-da, davlat tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, adolatli raqobat muhitida ishlashi uchun zarur boʻlgan barcha sharoitlarni yaratishda davom etishi taʼkidlandi. Bu yil qoʻshni mamlakatlar bilan chegaradan oʻtish bilan bogʻliq bir qator masalalarga yechim topildi. Xususan, 13 yil yopiq boʻlgan Andijonning “Xonobod”, “Mingtepa” va “Qorasuv” hamda 8 yil ishlamagan “Uchqoʻrgʻon” chegara postlari tiklandi. Natijada aholi va tadbirkorlar yoʻli 100 kilometrga qisqardi. Umuman, oʻtgan 11 oyda chegara orqali harakatlangan transport soni 400 mingga oshib, 3 millionga yetdi. Kelgusi yilda “Gʻishtkoʻprik”, “Navoiy”, “Dovut-ota”, “Shovot” va “Gulbahor” chegara postlarida qoʻshimcha koridorlar qurilib, oʻtkazish quvvati 5 karra oshiriladi. Umuman, murakkab geosiyosiy sharoitga qaramay, iqtisodiyotimiz 6,3 foizga oshib, 111 milliard dollardan koʻpaygani taʼkidlandi. Sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmatlar sohasiga 38 milliard dollar investitsiya kirdi, eksport 26 milliard dollardan oshdi. Ochiq muloqotda koʻp tadbirkorlar oʻziga ijtimoiy masʼuliyat olib, ehtiyojmand odamlarni ishli qilishga tayyor ekanligini bildirgan edi. Oʻtgan qisqa vaqt ichida tadbirkorlar 387 ming kambagʻal oila aʼzolari va 40 ming nogironligi bor odamlarni daromadli qildi. Mamlakatimizda kambagʻallik darajasi yil yakuni bilan 9 foizdan pasayadi. “Aminmanki, oʻzaro ishonchga asoslangan hamkorligimizni shu surʼatda davom ettirsak, kelgusi yillarda bu koʻrsatkichni bemalol 6 foizga tushiramiz. Shu oʻrinda, vaʼdasini ustidan chiqib, yangi quvvatlar hisobiga minglab ish oʻrni yaratayotgan, zamonaviy texnologiya olib kirib, yangi tashqi bozorlarni zabt etayotgan, iqtisodiyotimizning barqaror oʻsishiga munosib hissa qoʻshayotgan barcha tadbirkorlarimizga chin dildan minnatdorlik bildiraman”, - dedi Prezident. Kelgusi yilda marrani katta olib, yalpi ichki mahsulotni 120 milliard dollarga, eksportni 30 milliardga yetkazish, investitsiyani 42 milliarddan oshirish, 5 million aholini band qilish, 1,5 million odamni kambagʻallikdan chiqarish reja qilinmoqda. Shu yilning oʻzida xususiy sektorda daromad soligʻi toʻlovchilar soni 365 mingga koʻpaydi. Keyingi vazifa – ularning daromadini koʻpaytirib, munosib hayot kechirishi uchun yetarli sharoit yaratishdan iborat. Lekin xususiy sektordagi ishchilarning 30 foizida rasmiy oylik 1 million soʻmdan kam qilib koʻrsatilgan. Ayniqsa, Qoraqalpogʻiston, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazmda bu masala juda dolzarb ekani taʼkidlandi. Bu asosan toʻqimachilik, qurilish, qishloq xoʻjaligi, savdo va umumiy ovqatlanish sohalarida uchrayapti. Bu holatning sabab-omillarini bartaraf etish maqsadida tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash choralari ishlab chiqildi. Masalan, toʻqimachilik va charm sohalarida kamida 2,5 million soʻm oylik toʻlaydigan, 15 foiz ishchisi ehtiyojmand oiladan boʻlgan tayyor mahsulot chiqaruvchi tadbirkorlarga yengilliklar beriladi. Bunday korxonalarning foyda soligʻi ham, ishchisini daromad soligʻi ham 1 foiz boʻladi. Bu imtiyozga javoban ular 50 ming ehtiyojmand odamni ishga oladi. Davlat boshqa tarmoqlar uchun ham bu yil tugaydigan imtiyozlarni mana shunday ijtimoiy mezon bilan uzaytirishga tayyor. Yirik davlat kompaniyalari transformatsiyadan oʻtib, tashqi moliya bozoriga chiqmoqda. Endi tadbirkorlar ham banklar beradigan kredit bilan cheklanib qolmasdan, xalqaro standartlarga moslashib, chetdan mustaqil resurs jalb qilish vaqti kelgani taʼkidlandi. Eng muhimi, xalqaro moliya tashkilotlari bu borada yaqindan hamkorlik qilishga tayyor turibdi. Savdo-sanoat palatasi xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilib, tadbirkorlarning tashqi moliya bozorlariga chiqishiga koʻmaklashuvchi markaz ochishi muhimligi qayd etildi. Bu orqali kelgusi yilning oʻzida kamida 100 ta mahalliy kompaniya xalqaro moliya bozorlari bilan ishlashga oʻrgatiladi. Mamlakatimizda 5 mingdan ziyod ishchisi bor, yillik daromadi 1 trillion soʻmdan oshgan, kamida 100 milliard soʻm soliq toʻlayotgan 142 nafar “chempion” tadbirkorlar paydo boʻldi. Bu korxonalar eng ilgʻor texnologiyalar va yangicha boshqaruvni joriy etgan, oʻzlari arzon resurs olib kelayapti, kredit va soliqni oʻz vaqtida toʻlayapti, muddati oʻtgan qarzi yoʻq. Muhimi, ular har kuni yangilikka intilib, izlanishdan toʻxtamayapti. Ular koʻp tarmoqli korporatsiyaga aylanib, yondosh sohalar rivojiga ham katta hissa qoʻshayapti. Prezident boshqa salohiyatli tadbirkorlarni ham qoʻllab-quvvatlab, “chempion” tadbirkorlarni koʻpaytirish kerakligini taʼkidladi. Bunday tadbirkorlarga yer va binoni toʻgʻridan-toʻgʻri berish, davlat korxonalarini ham uzoq muddatga boshqaruvga topshirish, harbiy sanoat, dronlar ishlab chiqarish, IT va sunʼiy intellektni keng rivojlantirishda ular bilan manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish mumkinligi qayd etildi. Dunyodagi 10 ta eng boy kompaniyaning 7 tasi IT va fintex sohalaridan chiqqan. Aholimizning 56 foizi yoshlar. Prezident taʼkidlaganidek, shu raqamlarni oʻzi sohada katta salohiyat, ish oʻrni, yuqori daromad yotganini koʻrsatadi. IT, fintex, innovatsiyalar, telekommunikatsiya kabi sohalarni xususiy korxonalar tez rivojlantirishi, yaratilgan sharoit tufayli qiymati 1 milliard dollardan oshgan “TBC Uzbekistan” va “Uzum” xususiy kompaniyalari paydo boʻlgani bunga yaqqol misol ekani taʼkidlandi. Bunday kompaniyalar koʻpayishi uchun yanada keng sharoitlar yaratiladi. Xususan, ularga rivojlanish va tadqiqot markazlari (R&D) uchun laboratoriya jihozlari, texnologik uskunalarni bojsiz olib kelishga ruxsat beriladi. IT, fintex, tadbirkorlikni moliyalashtirish, eksport, turizm, xizmatlar, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish kabi dolzarb masalalar boʻyicha Jamoatchilik kengashida ekspertlik guruhlarini tashkil qilish kerakligi koʻrsatib oʻtildi. Oxirgi 3 yilda Bojxona kodeksining 100 dan ortiq moddasiga oʻzgartirish kiritildi. Lekin uning qoidalari ham Jahon savdo tashkiloti, ham tadbirkorlarning talabiga mos emas. Shu munosabat bilan har tomonlama yangilangan Bojxona kodeksi loyihasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi. Yigʻilishda ichki bozor bilan cheklanmasdan, eksportni yanada koʻpaytirish muhimligi qayd etildi. Salohiyati yuqori boʻlgan toʻqimachilik, elektrotexnika, oziq-ovqat kabi sohalarda imkoniyatlar toʻliq ishlatilmayotgani koʻrsatib oʻtildi. Hozirda ip-kalavani qayta ishlash darajasi 50 foiz boʻlsa, xom ipakda – 75 foiz, misda – 64 foiz, meva-sabzavotda esa 16 foizni tashkil qilmoqda. Mamlakatimizdagi 1 mingga yaqin konlarda 100 dan ortiq turdagi mineral xomashyo bazasi mavjud. Tasdiqlangan zaxiralar qariyb 1 trillion dollarga baholangan. Yildan yilga qazib olish koʻpaymoqda. Lekin sanoatda yuqori texnologik ishlab chiqarish ulushi 25 foiz. Shu bois Prezidentimiz xomashyoni chuqur qayta ishlab, yuqori qoʻshilgan qiymat va eksportni keskin oshirishga chaqirdi. Mutasaddilarga tarmoqlar bilan birgalikda har bir xomashyo kesimida chuqur qayta ishlash va yuqori texnologik ishlab chiqarishni tashkil qilish boʻyicha besh yillik dastur ishlab chiqish topshirildi. Tadbirkorlar meva-sabzavotni asosan tomorqadan olayotgani uchun eksportga bir turdagi mahsulotni uzluksiz va sifatli yetkazib berishga qiynalmoqda. Shuning hisobiga eksportdan tushum ham past. Kelgusi yilda 3,5 milliard dollarlik meva-sabzavot eksport qilish uchun barcha imkoniyatlar borligi taʼkidlandi. Shu bois, 1 million gektar meva-sabzavot yerlari 760 ta urugʻ beruvchi va 824 ta eksportchi korxonaga bogʻlandi. Shuningdek, Toshkent viloyati va Namanganda yangi tajriba boshlanmoqda. Bunda paxta-gʻalladan qisqaradigan yerlar 50 gektargacha yirik lotlarda auksionga qoʻyilib, sanoatlashgan plantatsiya qilish uchun professional investorlarga sotiladi. Bu yerlardagi 20 sotixgacha maydonda “shok” usulida muzlatkich, kalibrovka va qadoqlash sexlari qurishga ruxsat beriladi. Yetishtirilgan meva-sabzavotni qayta ishlash uchun xarid qilingan uskunalarga 1 milliard soʻmgacha subsidiya ajratiladi. Prezidentimiz soʻzining yakunida barcha tadbirkorlarga murojaat qildi: “Bir fikrni doimo esda tutishlaringizni istar edim. Oʻzbekistonda tadbirkorlik harakati orqaga qaytarib boʻlmaydigan katta kuchga aylandi. Biz davlat miqyosida qanday katta maqsad va vazifalarni oʻz oldimizga qoʻymaylik, ularni amalga oshirishda butun xalqimiz bilan birga avvalo sizlarga tayanamiz. Sizlarni Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida hal qiluvchi kuch, deb bilamiz. Tadbirkorlarimiz qancha boy boʻlsa, xalqimiz shuncha farovon yashaydi, davlatimiz shuncha qudratli boʻladi. Tadbirkorning yutugʻi – bu butun xalqimizning yutugʻi”. Davlatimiz rahbari tadbirkorlarning ezgu maqsad bilan ilgari suradigan har qanday gʻoya va tashabbusini qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Oʻz navbatida ular ham jamiyatimizning eng ilgʻor vakillari boʻlib, islohotlarimizni yanada ilgari surishda tayanch va suyanch boʻlishiga ishonch bildirdi. Yigʻilish davomida mutasaddilarning hisobotlari, tadbirkorlarning taklif va tashabbuslari tinglandi.

20 Dekabr 2024 Yil

122

Interaktiv xizmatlar

Text to speech