23 Aprel 2025 Yil 0

“Universitet” mahallasida ish boshlaganimga ko‘p bo‘lmadi. Shu bois o‘tgan bir oy davomida hududni to‘liq o‘rganib, jinoyat sodir etilishi mumkin bo‘lgan sabablarni aniqladim.

Yigirma mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan yig‘in hududida 16 ta ko‘p qavatli turarjoydan tashqari, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti hamda ushbu oliy ta’lim muassasasi qoshidagi akademik litsey, shuningdek, 13 ta talabalar turarjoyi joylashgan. Ko‘rinib turibdiki, bu yerda yoshlar bilan ko‘proq ishlash kerak. O‘rganishlardan ma’lum bo‘ldiki, Talabalar shaharchasining bir qismini tashkil etgan mahallamizda talaba-yoshlar firibgarlar tuzog‘iga tushib qolyapti. Kuni kecha bir talaba onlayn buyurtma berib, aldanib qolgani yuzasidan murojaat qildi. U dastlab mahsulotini qabul qilmasdan 100 ming so‘m to‘lovni amalga oshirgan. “Uzum market” onlayn savdo platformasi niqobi ostidagi firibgarlar pul tushmaganini aytib, yana yuz ming so‘m o‘tkazishini aytgan. Shu bilan pul ham, buyurtma qilingan mahsulot ham yo‘q. Afsuski, oxirgi paytlarda ko‘plab yoshlar huquqiy, moliyaviy va axborot texnologiyalari borasidagi bilimlari yetarli bo‘lmagani uchun firibgarlarning turli xil nayrang lariga aldanib qolyapti. Bunday holatlar ko‘proq onlayn buyurtma berish va ish topish jarayonida kuzatilyapti. Yaqinda ikki nafar talaba qiz onlayn ish topib beruvchining va’dalariga ishonib, har biri oldindan 200 ming so‘mdan pul o‘tkazib berishgan. Natijada ish ham, pul ham yo‘q. Bugun kiberjinoyatlarning turli ko‘rinishlari namoyon bo‘lyapti. Fuqarolarning bunday firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmasliklari uchun aholi va yoshlar bilan doimiy muloqotda bo‘lib, ularning asl sabablarini tushuntirib boryapman. Biroq targ‘ibot va ogohlantirishlarimizga qaramay, ayrim fuqarolar yuqorida aytganimdek, buboradagi bilimi yetarli emasligi, arzon mahsulotlarga yoki oylik maoshi yuqoriligiga uchib, aldanib qolishyapti. Shu bois bir zum bo‘lsa-da, targ‘ibot-tushuntirish ishlarini to‘xtatganimiz yo‘q. Bu borada alohida telegram guruhi ochib, maxsus ogohlantiruvchi videoqo‘llanma va videoroliklar joylab boryapman. Aholi gavjum joylarga maxsus bannerlar o‘rnatyapmiz. Bizning asosiy vazifamiz —huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash va xavfsiz muhitni ta’minlash. Shu bois, odamlar gavjum bo‘ladigan joylarga 34 ta zamonaviy videokuzatuv qurilmasi o‘rnatilib, Toshkent shahridagi Vaziyatlarni boshqarish yagona markazi va Ma’lumotlarni qayta ishlash markaziga integratsiya qilingan. Shuningdek, Milliy gvardiya va patrul-post xizmati xodimlari ishtirokida tungi navbatchilik guruhi tashkil etilib, xavfsizlikni ta’minlash choralari ko‘rilyapti. Hududda ikkita internet klub faoliyat yurityapti. Kuzatishlardan ma’lum bo‘lyaptiki, ularga ko‘proq ishsiz, huquqbuzarlikka moyil fuqarolar kirishadi. Respublika miqyosidagi jinoyatlarning ayrimlari ana shunday faoliyati cheklanmagan tungi internet klublarda kuzatilyapti. Shu bois ularning faoliyatini 23:00 ga qadar belgilash hamda qo‘riqlash xizmatiga ulatish taklifini berdik. Bunday “tashvish tugmasini” janjalkash, notinch oilalar xonadoniga ham ulatish choralarini ko‘ryapmiz. Bundan tashqari, huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli yuqori bo‘lgan fuqarolarni aniqlab, “mahalla yettiligi” bilan muammolarini hal etish choralarini ko‘ryapmiz. Uyma-uy yurish tizimi asosida notinch oilalar, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan, muqaddam sudlangan, ruhiy kasallikka chalingan fuqarolarni alohida toifalarga ajratib, ular bilan manzilli ishlayapmiz. Bir so‘z bilan aytganda, jinoyatchilik emas, uning oldini olish bilan kurashyapmiz. Bu boradagi ishlarimizni Prezidentimizning “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi bilan uyg‘unlikda olib boryapmiz. “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, “mahalla yettiligi”ning har biriga o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ma’lum vazifalar yuklatilgan. Eng muhimi, huquqbuzarliklarning tub ildizini barvaqt aniqlab, bartaraf etish choralari ko‘rilyapti.

Barcha yangiliklar

Text to speech