Xabaringiz bor, joriy yilning 15-aprelidan 15-mayiga qadar respublikamiz bo‘ylab “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbiri o‘tkazilmoqda. Tadbirdan maqsad: jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish, sog‘lom va barkamol kelajak avlodni tarbiyalash, fuqarolarning huquqiy savodxonligi, madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan. Mazkur tadbir joylarda hokimliklar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sog‘liqni saqlash, mahalla “yettiligi” hamda faollari, mas’ullar hamkorligida amalga oshirib kelinmoqda. Shunday targ‘ibot tadbirlaridan navbatdagisi poytaxtimizning Bektemir tumanida joylashgan 289-hamda 358-sonli umumta’lim maktablarida bo‘lib o‘tdi. Unda tuman IIO FMB boshlig‘i U.Nazarov, tuman prokurori S.Muxtorov, mahalla “yettiligi”, faollari, maktablar ma’muriyati va o‘quvchilari ishtirok etishdi. O‘quvchilar oldida so‘zga chiqqanlar jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablarini atroflicha muhokama qilish barobarida ijtimoiy tarmoqlardagi turli xil qadriyatlarimizga yot g‘oyalardan ehtiyot bo‘lish, har bir taqdim etilayotgan ma’lumotlarga ishonavermaslik, shuningdek, giyohvand moddalari savdosiga aralashib qolmaslik, giyohvand moddalari, psixotrop, kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining inson ruhiyati hamda yashash tarziga zarari, mudhish oqibatlari haqida hayotiy misollar orqali tushuntirish va ogohlantirishlar berishdi. Uchrashuv qatnashchilari bilan savol-javoblar so‘nggida jinoyatlar profilaktikasi, yoshlar tarbiyasiga e’tibor, mahallalarda ijtimoiy muhit barqarorligini ta’minlash masalalari yuzasidan fikrlar almashinildi hamda tegishli tavsiya va takliflar berildi.