Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda bir nechta avtomashinani urib ketgan “Gentra” rusumli avtomashinada bo‘lgan 3 kishi 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlanganligi haqidagi xabar yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.
2025-yil 19 aprel kuni fuqaro O.J. otasi nomida bo‘lgan “Gentra” rusumli avtomashinani (davlat raqami yechilgan) tanishi, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan S.P.ga boshqarish uchun taqdim qilib, o‘zi avtomashinaning oldi yo‘lovchi o‘rindig‘ida kelgan, orqa o‘rindig‘ida uch nafar ularning tanishlari P.G., Q.D., R.B.lar bo‘lgan.
Ular Chilonzor tumani TXAY-Chorbog‘ ko‘chasida tartibsiz harakatlanib, dastlab “Damas” rusumli avtomashinani urib yuborib, shikast yetkazgan.
Shunda ushbu yo‘nalishda xizmat olib borayotgan YHXB xodimlari ularga “to‘xtash” buyrug‘ini bergan bo‘lsa-da, S.P. bunga bo‘ysunmasdan, J.O.ning ko‘rsatmasi bo‘yicha harakatni davom ettirgan. Natijada u “Cobalt” va 2 ta “Gentra” rusumli avtomobillar bilan to‘qnashuv sodir qilib, haydovchilarga tan jarohati va avtomashinalarga shikast yetkazgan, so‘ng “Matiz” rusumli avtomashina (jami 5 ta avtomashina) bilan to‘qnashuv sodir qilib, boshqaruvni to‘xtatgan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda fuqarolar S.P. va J.O. nisbatan Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi “b” bandi (o‘zganing mulkiga shikast yetkazish) va 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (bezorilik) bilan ayb e’lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
O‘z navbatida, avtoulovni orqa o‘rindig‘ida kelgan fuqarolar P.G., Q.D., R.B. jamoat joyida mayda bezorilik va ichki ishlar organlarining qonuniy talablarini bajarmaganligi hamda harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lmaganligi sababli ularga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183 va 194-moddalari asosida 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Xozirda OAV va jamoatchilik tomonidan holat yuzasidan turli, haqqoniyligi tekshirilmagan talqinlar berilayotganligini inobatga olib, "Axborotlashtirish to‘g‘risidagi" Qonunga ko‘ra, Internet tarmog‘iga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtirilguniga qadar uning to‘g‘riligini tekshirishi lozimligi belgilab qo‘yilganligi eslatib o‘tiladi.