O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan joriy yilning 15 aprelidan 15 mayiga qadar e’lon qilingan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oylik keng qamrovli tezkor profilaktik tadbiri poytaxtning Uchtepa tumanida ham jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Xususan, kuni kecha tuman hududidagi O‘zbekiston Davlat jahon tillari univeritetining majlislar zalida talaba va professor-o‘qituvchilar bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan va ma’ruza qilgan tuman IIO FMB boshlig‘i, polkovnik Dilmurod Mirsodiqov yig‘ilganlarga giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar, uning ortidan kelib chiqayotgan mudhish oqibatlar, so‘nggi paytda giyohvand, psixotrop, inson ruhiyatiga kuchli ta’sir qiluvchi turli dori vositalarining yoshlar o‘rtasida keng tarqalayotgani, ijtimoiy tarmoqlar orqali uning iste’moli, tarqatilishiga undayotgan kanallarning ko‘payib borayotganiga to‘xtaldi. Ulardan saqlanish choralari, giyohvand va psixotrop moddalarini tarqatish, saqlash va iste’mol qilish jinoyat hisoblanib, Jinoyat kodeksida qattiq jazo belgilanganini ta’kidladi. Shuningdek, tadbir davomida tumanda sodir etilgan jinoyat muhokamasi ham o‘tkazildi. Ta’kidlanishicha, joriy yilning 20 aprelida tuman ichki ishlar xodimlari tomonidan o‘zini shubhali tutgan shaxslar to‘xtatilib tekshirilganda, 2003 yilda tug‘ilgan, oliygohlarning birida 2-kurs talabasi bo‘lgan S.D.ning cho‘ntagidan 7 dona izolentaga o‘ralgan jigarrang o‘tkir hidli, mumsimon modda, 2004 yilda tug‘ilgan H.M.ning cho‘ntagidan 3 dona izolentaga o‘ralgan, har birining ichida 3 donadan oq-qizg‘ish kapsuladagi modda aniqlanib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan. D.Mirsodiqov yig‘ilganlarning e’tiborini voqeaning ijtimoiy-ma’naviy tomoniga ham qaratdi. Chunonchi, yigitlar oilaning yolg‘iz farzandi ekanligi, otasiz voyaga yetganligi, har ikkisining 50 yoshdan oshgan onalari – biriniki bemor – borligi haqida gapirarkan, farzandlariga ishongan, keksaligida ularning yordamiga suyangan, o‘zi yemay yedirgan, kiymay kiydirgan, katta orzu va ne-ne niyatlarda voyaga yetkazgan farzandlarining bu jinoiy qilmishidan ahvoli qanday kechishi haqida gapirib, yoshlarning to‘g‘ri yo‘ldan og‘masligi, nafaqat ota-onalariga balki tug‘ilib o‘sgan Vataniga ham munosib farzandlar bo‘lishga chaqirdi. Yig‘ilish so‘nggida talaba va o‘qituvchi-professorlar tomonidan berilgan savollarga to‘liq va batafsil javoblar berilgach, profilaktik ogohlantiruv buklet va flayerlar tarqatildi. Bu kabi profilaktik-tushuntirish ishlari tumanda joylashgan barcha o‘quv yurtlari hamda mahallalarida davom ettirilmoqda.