TOSHKENT SHAHAR ICHKI ISHLAR BOSH BOSHQARMASI

Hududiy tuzilmalar rahbarlarining shaxsiy qabullari

Poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda uning hududiy tuzilmalari rahbarlari tomonidan aholi murojaatlarini o‘rganish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur tadbirlar fuqarolar hayotida muhim ijobiy o‘zgarishlarga zamin yaratib, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.Joriy yilning 27 noyabridan “Har bir murojaatga – adolatli yechim” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Murojaatlar oyligi” doirasida mas’ul rahbarlar tomonidan shaxsiy qabullar muntazam tashkil etilmoqda. Ushbu tashabbus murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonida byurokratik to‘siqlar va sansalorlik holatlariga barham berish, aholi bilan ochiq va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan. Tumanlar IIO FMB boshliqlari tomonidan o‘tkazib kelinayotgan shaxsiy qabullar davomida fuqarolarni uzoq vaqtdan beri tashvishga solib kelayotgan, o‘z yechimini topmagan ko‘plab muammolar qonuniy tartibda hal etilmoqda. Bu esa huquqiy fuqarolik jamiyatini barpo etish, aholining davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.Misol uchun, Yangihayot tumani IIO FMB boshlig‘i Sarvar Jo‘ravning qabuliga kelgan 1998 yilda tug‘ilgan Dinara N., ijarada yashagan xonadon egasi uni uydan chiqarib yuborganligini, biroq buyumlarini bermaganligini ma’lum qilgan. Uning murojaati shu joyning o‘zida hal etildi va buyumlarini qaytarib olishida amaliy yordam ko‘rsatildi. Sergeli tumani Mehrigiyo mahallasida istiqomat qiluvchi bir nechta fuqarolar tuman IIO FMB boshlig‘i Baxodir Anvarovga murojaat qilib, mahallada joylashgan ko‘p qavatli uy oldilarini asfalt qilishda amaliy yordam so‘ragan. Ularning murojaatlari asosida ko‘rsatilgan hududga asfalt qoplamasi yotqizildi. Bektemir tumani IIO FMB rahbariyatiga murojaat qilgan fuqaro Hayotxon U. uning 102 raqamiga qilgan murojaati IIO xodimlari tomonilan ko‘rib chiqilgani, lekin natijasidan norozi ekanligini bildirdi. Holat o‘rganilganda fuqaroviy huquqiy munosabatlarni tashkil etganligi aniqlandi va ushbu fuqaroga fuqqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilishi lozimligi tushuntirilib, zaruriy huquqiy maslahatlar berildi. Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB boshlig‘i Iskandar Rashidovga murojaat qilgan 1962 yilda tug‘ilgan Karim K. profilaktik hisobda turishligini, hozirda tuman Obodonlashtirish bo‘limida ishlashligini, 2 nafar farzandi va 5 nafar nabirasi borligini, tuzalish yo‘liga o‘tganligini ma’lum qilib, profilaktik hisobdan chiqarishni so‘ragan. Ushbu fuqaroning hujjatlari, ish va yashash joyidan tavsiyalar, oilavi holati o‘rganildi hamda uning murojaati ijobiy hal etilib, profilaktik hisobdan chiqarildi. Mirzo Ulug‘bek tumanida istiqomat qiluvchi 1972 yilda tug‘ilgan Anatoliy P. Tuman IIO FMB boshlig‘i I.Rashidovga murojaat qilib, avtoturargohda ishlashligini, biroq oylik maoshini o‘z vaqtida ololmayotganligini bildirib, shu masalada yordam berishni so‘ragan. Uning murojaati shu joyning o‘zida mutasaddilar tomonidan o‘rganilib, oylik maoshini olishida amaliy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, ushbu fuqaroning farzandi ishsizligi ma’lum bo‘lib, ishga joylashtirish choralari ko‘rildi. Bu kabi qabullar jarayonida fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar, tavsiya va yo‘l-yo‘riqlar berilib, masalalar qonun doirasida hal etilayotgani jamoatchilik o‘rtasidagi turli tushunmovchiliklar hamda ichki ishlar organlari faoliyatiga nisbatan salbiy qarashlarni bartaraf etishga xizmat qilmoqda. Hududiy tuzilmalar rahbarlari tomonidan bunday shaxsiy qabullar hafta davomida rejali va tizimli ravishda o‘tkazib kelinmoqda.

13 Dekabr 2025 Yil

267

Payshanba tadbirlari kundaligidan

Haftaning har payshanba kuni poytaxtimiz hududida keng qamrovli profilaktik tadbirlarning o‘tkazib kelinayotganligi jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olishda o‘z natijakorligini ko‘rsatmoqda. Har doimgidek, navbatdagi “Profilaktika kuni” da o‘tkazilgan tonggi yo‘riqnomada kun davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalar taqsimlanib, ularning samarali ijrosini taʼminlash borasida zarur ko‘rsatmalar berildi. Jumladan, “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasida Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik illatlaridan asrash, poytaxt hududida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha Farmonda berilgan topshiriqlarni mahallabay ijro etish ishlarini jadallashtirish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligi munosabati bilan avf etilganlar, probatsiya ro‘yxatida va profilaktik hisobda turuvchi shaxslar o‘rtasida yakka tartibda profilaktik suhbatlar o‘tkazish, ular tomonidan qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish, jamiyatga moslashuvi, bandligini taʼminlash kabi muhim masalalar ham taʼkidlab o‘tildi. Toshkentda ekologik vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida tashkil etilgan ishchi guruhlar soha vakillari hamkorligida poytaxt havosini moʻtadillashtirish, atmosferani ifloslantirayotgan ayrim korxona va tashkilotlar, issiqxonalar faoliyatiga o‘rganish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yo‘nalishida bir qator ishlar amalga oshirildi. Mutasaddilar poytaxtimiz hududida olib borilayotgan qurilish obyektlarida bo‘lib, havoga chang-to‘zon ko‘tarilishi, atrof-muhitga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi omillardan foydalanmaslik, atmosfera havosi tozaligini saqlash yuzasidan zaruriy tavsiyalar berishdi. Prezidentimiz farmoniga ko‘ra avf etilganlar, probatsiya hamda profilaktik ro‘yxatda turuvchi shaxslarning xonadonlaridagi shart-sharoitlarini o‘rganish ishlari olib borildi. O‘tkazilayotgan yakka tartibdagi profilaktik suhbatlarda ularning bandligini taʼminlash, jamiyatga moslashtirish bilan bog‘liq masalalar ham eʼtibordan chetda qolmayapti. Probatsiya bo‘limlari hamda profilaktik hisobda turuvchi shaxslar ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazilib, ularning muammolarini qonuniy hal qilish, qayta jinoyatlar sodir etilishining oldini olish choralari ko‘rilmoqda. Bu ishlar davom ettirilib joylarda tashkil etilgan sayyor sudlar tomonidan Probatsiya bo‘limi xodimlarining taqdimnomalariga asosan, tuzalish yo‘liga kirgan, namunali xulqi va sog‘lom turmush tarzini tanlagan mahkumlarni muddatidan ilgari jazodan ozod qilish choralari ko‘rildi. Belgilangan tartib-qoidalarni buzgan mahkumlarga esa sudlar tomonidan jazo turlari og‘irrog‘iga o‘zgartirildi. Bu dolzarb tadbirlar qatorida giyohvandlik vositalari, psixotrop, o‘tkir taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasi, tarqatilishi, isteʼmoliga qarshi kurash, ayniqsa yoshlarimizni bu balodan asrashga qaratilgan ishlar mahallalar, idora va tashkilotlar, o‘quv muassasalarida keng targ‘ibot qilinmoqda. Shuningdek, tumanlar IIO FMB va mahalla masʼullari ishtirokida nizoli oilalardagi munosabatlar, foydali mehnat bilan band bo‘lmagan yoshlarning muammolari o‘rganilib, hal etish choralari ko‘rildi. Joylarda sodir etilgan oilaviy zo‘ravonlik, kiberjinoyatlar, qonunbuzilish holatlari jamoatchilik vakillari, “mahalla yettiligi” va faollari ishtirokida muhokama etildi. Poytaxt hududidagi taʼlim muassasalarida o‘tkazilgan targ‘ibotlarda asosiy eʼtibor yoshlarning huquqiy madaniyati, savodxonligini oshirish, qabul qilinayotgan meʼyoriy hujjatlarning, profilaktik tadbirlarning ahamiyati, mahallalarda, poytaxtimizda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishdagi muhim o‘rni taʼkidlanmoqda.

12 Dekabr 2025 Yil

178

Vaʼdalar unutildi, pullar ishlatib yuborildi

Oramizda uyali telefonlar ishqibozlari juda ko‘p. Har gal yangi rusumi chiqqanida narxi qancha bo‘lishidan qatʼiy nazar uni sotib olishadi. Hatto buning uchun xorijga borib kelishdan ham erinmaydi. Sanjar ana shunday uyali telefon ishqibozlari ortidan mo‘may daromad ishlab olishni niyat qilib, ko‘pdan buyon oldi-berdi qilib, ishonchli mijozga aylangan telefonlar savdosi bilan shug‘ullanib kelayotgan tanishi Boburning do‘koniga kirib keldi. Telefonlar sotuvidan o‘zi ham ulush olib manfaatdor bo‘lgan Bobur bu gal ham shubha-gumonga bormay unga so‘ragan mollarini muhayyo qildi. Sanjar 2024 yilning 14 may kuni uning do‘konidan 36.725 AQSH dollarilik 30 dona “iPhone 15 Pro Max” telefon apparatlarini muddatli to‘lov asnosida olib ketdi. Vaʼdasi bo‘yicha bir oy ichida pullarni keltirib berishi kerak bo‘lgan Sanjar tanishiga bergan vaʼdasi, ishonchini suiisteʼmol qilayotganidan zarracha pushaymon bo‘lmay, sotuvdan tushgan pullarni o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuboradi. Ulushi u yoqda tursin hatto telefonlarning o‘z narxidagi pullarini ham ololmagan Bobur Shayxontohur tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga arziza bilan murojaat qilishga majbur bo‘ladi. Tergov jarayonida Sajarning jinoiy qilmishini isbotlash uchun yetarlicha dalillar to‘plandi va jinoyat ishi qonuniy baho berish uchun sudga taqdim etildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi ochiq sud majlisida 1995 yilda tug‘ilgan, maʼlumoti o‘rta, ikki nafar farzandning otasi bo‘lmish M.Sanjarning qilmishlarini qonunan ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining168-moddasi 4 qismi “a” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybdor deb topdi. Sud ayblanuvchining pushaymonligi, aybiga to‘liq iqrorligi, muqaddam sudlanmaganligi, yetkazilgan zararni qoplaganligi, jabrlanuvchining daʼvosi yo‘qligi, oilaviy sharoitini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 57 prim.2-moddasi tartibida bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari, yaʼni 11.250.000 so‘m jarima jazosi tayinladi. Mazkur jinoyat ishi Shayxontohur tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Mirshoid Mirobidovning ish yurituvidan olindi.

11 Dekabr 2025 Yil

173

Interaktiv xizmatlar

Text to speech