11 Dekabr 2025 Yil 0

Oilaviy totuvlik ahamiyati

Yunusobod tumanida 25-noyabr – Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish xalqaro kuni munosabati bilan «Biz zo‘ravonlikka qarshimiz!» shiori ostida o‘tgan targ‘ibot tadbirida Toshkent shahar IIBB HPB hamda tuman IIOFMB rahbariyati, xotinqizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar, turli soha vakillari, talabalar va o‘quvchi qizlar ishtirok etdi.

Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – ayollar xavfsizligini ta’minlash, oilalardagi totuvlikni mustahkamlash, har qanday zo‘ravonlikka toqat qilinmasligi haqidagi g‘oyalarni yanada keng targ‘ib qilishdan iborat. Dastlab sahna ko‘rinishlari orqali zo‘ravonlikning oqibatlari, oiladagi totuvlik va mehr-oqibatning ahamiyati ko‘rsatib berildi. Shundan keyin mavzuga oid maxsus videorolik namoyish etildi.
– Zo‘ravonlik – faqat bir oilaning emas, butun jamiyatning muammosidir, – deydi Yunusobod tumani IIOFMB HPB XQMB katta inspektori, kapitan Hilola Sotvoldiyeva. – Tumanda bu borada tizimli ishlar olib borilyapti. Mahallalar, ta’lim muassasalari, tibbiyot xodimlari va huquqni muhofaza qilish organlari o‘rtasida doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Eng asosiysi – har bir murojaat o‘ziga xos tartibda tezkor ko‘rib chiqiladi va ayollarga huquqiy, ruhiy va amaliy yordam beriladi. Tibbiyot xodimlari ishtirokchilarga ayollar salomatligi, ruhiy holat va xavfsizlik borasida foydali maslahatlar berishdi. Sog‘lomlashtirish markazi mutaxassislari esa amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishdi.

Sarvar SOBIROV, o‘z muxbirimiz

© Postda – На посту, №48 (4742), 2025-yil 27-noyabr

Barcha yangiliklar

Text to speech