Sergeli tumanida huquqbuzarliklarni oldini olish yuzasidan qator amaliy tadbirlar tashkil etildi
Yoshlarni turli salbiy illatlardan asrash, huquqiy ongi, madaniyatini shakllantirish, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali xavf solayotgan giyohvandlik, diniy-ekstremizm, buzg‘unchi g‘oyalar, kiberjinoyatlardan asrash borasida poytaxt ichki ishlar organlari tomonidan qator tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Sergeli tumani IIO FMB tomonidan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasida o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlarni bunga misol tariqasida keltirish mumkin. Xususan, tuman IIO FMB boshlig‘i, podpolkovnik Baxodir Anvarov tumanda joylashgan 300-umumtaʼlim maktabida o‘quvchilar hamda ularning ota-onalari ishtirok etgan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvda o‘quvchi tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik muhokamasiga eʼtiborni qaratdi. O‘qituvchi hamda ota-onalar bola tarbiyasiga katta eʼtibor qaratishi, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga, ijtimoiy tarmoqlarda qanday havolalarga kirayotganini nazorat qilishga, turli tahdid va xavf-xatardan ogoh bo‘lishga chaqirildi. Yoshlarni giyohvandlik illati hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali xavf solayotgan, yoshlar ongini zaharlashga qaratilayotgan salbiy unsurlardan asrashdek dolzarb mavzuga bag‘ishlangan shunday tadbirlar tumanda joylashgan boshqa umumtaʼlim maktablari hamda universitetda ham o‘tkazildi. Sohaviy xizmatlar masʼullari ham qatnashgan mazkur uchrashuvlarda giyohvandlik vositalari, psixotrop, kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning inson salomatligi, ruhiyatiga zararli taʼsiri, giyohvandlik sababli sodir etilayotgan mudhish jinoyatlar, oilalar tanazzuli haqida o‘quvchi-talabalarga maʼlumotlar taqdim etildi. Shuningdek, tadbirlarda so‘zga chiqqanlar jinoyatchilikni oldini olishda yoshlarning faolligi, ijtimoiy masʼuliyati va onlayn xavfsizlikni taʼminlash masalalari borasida so‘z yuritib, salbiy holatlardan himoyalanish bo‘yicha kerakli tavsiya va yo‘riqlarga to‘xtaldi. Muloqot yakunida talabalarning savollariga javob berilib, xavfsizlik bo‘yicha amaliy tavsiyalar, favqulodda holatlarda to‘g‘ri harakat qilish qoidalari tushuntirildi. “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasida o‘tkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, xavfsizlik qoidalariga rioya qilish qatorida yoshlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan ishtiyoqini kuchaytirishga xizmat qilishi shubhasiz.