11 Dekabr 2025 Yil 160

Mirzo Ulug‘bek tumanida probatsiya hisobida turuvchi shaxslar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

So‘nggi yillarda giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning turli yo‘llar, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlar orqali keng tarqalib borayotgani barchani xavotirga solmoqda. Bu illat ayniqsa yoshlarimizni o‘z komiga tortayotgani achinarli va fojiali holdir. Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 3 noyabrida imzolangan “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoni aholini, ayniqsa yoshlarimiz salomatligini himoya qilishga qaratilgani bejizga emas. Farmon ijrosini taʼminlash, uning mazmun-mohiyatini keng aholi qatlamlariga yetkazish, giyohvandlik illatining mudhish oqibatlarini anglatish, mazkur illatdan himoyalash maqsadida poytaxt IIBB hududiy tuzilmalari rahbarlari, sohaviy xizmat masʼullari tomonidan joylarda turli profilaktik uchrashuvlar, ochiq muloqot shaklidagi davra suhbatlari, tushuntirish-ogohlantirish tadbirlari amalga oshirilmoqda. “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasida shunday tadbirlarning navbatdagisi Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB boshlig‘i, podpolkovnik Iskandar Rashidov hamda sohaviy xizmatlar vakillari ishtirokida o‘tkazildi. Mazkur tadbirda tuman IIO FMB Probatsiya bo‘limi nazoratida hamda profilaktik ro‘yxatda turuvchi shaxslar ishtirok etishdi. Yig‘ilganlarga yuqoridagi Farmonning mazmun-mohiyati tushuntirilib, giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasi, tarqatilishi oqibatida inson ruhiyati, salomatligiga yetkazilayotgan zarar, oilalarning tanazzuli, ularning ortidan sodir etilayotgan og‘ir jinoyatlar bo‘yicha maʼlumotlar berildi. Shuningdek, nafaqat oilalar, balki jamiyatimiz ravnaqi, rivojlanishiga solayotgan jiddiy xavfiga to‘xtalib o‘tildi. Shu bilan bir qatorda giyohvandlik vositalari, psixofaol dori vositalarining noqonuniy aylanmasi, isteʼmoliga qarshi kurash bo‘yicha qatʼiy jinoiy-huquqiy mexanizmlari, jazo choralariga urg‘u berildi. Maʼruzalar yakunida ishtirokchilarning mavzu bo‘yicha fikr-mulohazalari ham tinglandi. Ular tomonidan berilgan savollar mavzuning dolzarb va foydali ekanligini anglatib, bu boradagi ishlar surʼatini yana-da jadallashtirish lozimligini ko‘rsatdi.

Barcha yangiliklar

Text to speech