Olmazor tumanining «Xastimom» mahallasi bugun muhim ijtimoiy, ma’naviy va ma’rifiy inshootlari bilan yurtimiz turizm salohiyatiga munosib hissa qo‘shayotgan hududga aylandi. Bu yerda mahobatli Islom sivilizatsiyasi markazi, Hazrati Imom majmuasi, bir nechta tarixiy obidalar, Abdulla Qodiriy ijod maktabi, Turon axborot-kutubxonasi, Toshkent «Perfect» universiteti, 8 ta mehmonxona hamda 6 ta xostel qad rostlagan.
Mahallada qariyb 12 yildan buyon xizmat qilib kelayotgan profilaktika katta inspektori, podpolkovnik Zohid Jo‘rayev hudud osoyishtaligiga mas’ul. Zero, inspektorning vazifasi faqatgina huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, sodir etilganlarini aniqlashdan iborat emas, balki odamlar bilan muloqot qilish, ularni tinglash, muammolarni oldindan bilib, bartaraf etishdir.
– Ayni vaqtda hududda 347 ta xonadon bo‘lib, 4200 dan ortiq fuqaro istiqomat qiladi, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sanoat Yahyoyeva. – Zohid Jo‘rayev barcha xonadon egalarining ism-sharifigacha biladi. Bu uning har bir muammo va murojaatni o‘z vaqtida hal qilishida muhim ahamiyat kasb etadi. Albatta, bunda mahalla fuqarolar yig‘ini faollari va yettilikning hamkorligi ko‘mak bo‘lmoqda.
So‘nggi yillarda hududda iqtisodiy va ijtimoiy faollik sezilarli darajada oshdi. Yangi qurilgan milliy savdo majmualari, hunarmandchilik markazlari mehnat bozorida yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Shuningdek, mahalla faollari tashabbusi bilan «Ayollar daftari»dagi 79 nafar xotin-qiz, 12 nafar ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar qilindi.
Hududdagi keng ko‘lamli qurilish-obodonlashtirish ishlari tufayli turli viloyatlardan ishchilar kelib ishlashadi. Bundan tashqari, mahallaning «Chorsu» bozoriga yaqinligi, bu yerda savdo-sotiq bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar sonining ko‘pligi bois yil davomida 4 ta jinoyat qayd etildi. Shuning uchun mahalla «sariq» toifaga kiritilgan. Endilikda asosiy vazifa – jinoyat sodir bo‘lishiga olib keluvchi omillarni tubdan bartaraf etish hamda turizm zonasiga aylangan hududda tinchlik va tartib-intizomni mustahkamlash orqali mahallani «yashil» toifaga o‘tkazish.
Profilaktika katta inspektori uchun har bir xonadon, har bir fuqaro alohida qadrga ega. U ushbu mas’uliyatni to‘la his etadi va uni har kunlik faoliyati bilan amalda isbotlab kelmoqda.
Sarvar SOBIROV, o‘z muxbirimiz
© Postda – На посту, №48 (4742), 2025-yil 27-noyabr