– Ushbu tanlov biz, psixologlar uchun samimiy muloqot maydoniga aylanib, o‘zaro tajriba almashish imkoniyatini ham yaratib berdi, – deydi tanlov g‘olibi Toshkent shahar IIBB Yakkasaroy tumani IIOFMB psixologik ta’minlash guruhi katta psixologi, kapitan Sayyora Qodirova.
Bugungi rivojlangan jamiyatda psixologiya xizmati kirib bormagan soha va tarmoq deyarli qolmadi. Jumladan, Ichki ishlar vazirligi va uning tarkibiy tuzilmalarida ham psixologik ta’minlash xizmatlari tashkil etilgan bo‘lib, uning yutuqlaridan kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish, shaxsiy tarkib o‘rtasida sog‘lom ruhiy muhitni yaratish, ayniqsa, tezkor xizmat va tergov organlari faoliyatida shaxsning psixologik portretini shakllantirishda samarali foydalanilmoqda.
E’tiborlisi shundaki, ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan psixologlarning kasbiy mahoratini yanada oshirish, xodimlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish va samimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, iqtidorli xodimlarni munosib rag‘batlantirish maqsadida an’anaviy tarzda «Eng yaxshi psixolog» ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinyapti.
Farg‘ona viloyatida mazkur ko‘rik-tanlovning respublika bosqichi hamda «Huquqni muhofaza qiluvchi organlarda psixologik ta’minlash faoliyati: muammo va yechimlar» mavzusidagi II Respublika ilmiyamaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. 22-noyabr – Xalqaro psixologlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan ko‘rik-tanlovda viloyat bosqichlarida g‘oliblikka erishgan 17 nafar mutaxassis qatnashdi. Ko‘rik-tanlov nizomi talablaridan kelib chiqib, ishtirokchilarning psixologiya sohasiga oid bilimlari va kasbiy mahorati to‘rt shart asosida sinovdan o‘tkazildi. Har bir ishtirokchi o‘zining ilmiy izlanishlari, tashabbuslari va soha faoliyatiga oid takliflarini bildirishga harakat qildi.
– Tanlovning bu yilgi ishtirokchilari orasida juda zukko va intiluvchan yoshlarni ko‘rdim, – deydi hakamlar hay’ati a’zosi, IIV Akademiyasi kafedra boshlig‘i, podpolkovnik Baxtiyor Sirliyev. – Ishtirokchilar tayyorlagan materiallar va slaydlarda amaliyotda uchrayotgan dolzarb muammolar, ularga yechim sifatidagi takliflar tilga olindi, sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha fikr-mulohazalar, uslubiy tavsiyalarga guvoh bo‘ldik. Nufuzli oliy o‘quv yurtlarining tajribali psixolog olimlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan konferensiya esa ishtirokchilarning bilim va salohiyatini yanada yuksaltirishda muhim omil bo‘lishi shubhasiz. Adolatli va xolis tarzda o‘tkazilgan tanlov yakunlariga ko‘ra, Toshkent shahar IIBB Yakkasaroy tumani IIOFMB psixologik ta’minlash guruhi katta psixologi, kapitan Sayyora Kodirova faxrli birinchi o‘rinni egallab, I darajali diplom, esdalik sovg‘asi hamda 30 million so‘m miqdoridagi sertifikatga ega bo‘ldi.
Namangan viloyati IIB Ma’naviyma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati, psixologik ta’minlash guruhi katta psixologi, kapitan Murodjon Bahridinov ikkinchi o‘rin va 20 million so‘m, IIV Surxondaryo akademik litseyi psixologi Halima Bekmuratova esa uchinchi o‘rin va 15 million so‘m miqdoridagi sertifikatni qo‘lga kiritdi.
«Huquqni muhofaza qiluvchi organlarda psixologik ta’minlash faoliyati: muammo va yechimlar» mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida vazirlik rahbariyati, IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari bilan birga, Farg‘ona davlat universiteti, Namangan va Andijon davlat pedagogika institutlarida fao liyat ko‘rsatuvchi psixolog olimlar, eng tajribali amaliyotchi psixologlar o‘zlarining dolzarb muvzudagi ma’ruzalari bilan qatnashishdi. Soha xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan psixologiyaga oid savollarga mutaxassislardan batafsil javob olishdi. Amaliyotda uchrayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi. Konferensiyadan so‘ng ishtirokchilar Qo‘qon shahri va Rishton tumanidagi turizm hamda hunarmandchilik markazlariga sayohat qilishdi.
Abduvosit SIDIQOV, o‘z muxbirimiz
© Postda – На посту, №48 (4742), 2025-yil 27-noyabr