TOSHKENT SHAHAR ICHKI ISHLAR BOSH BOSHQARMASI

Olimjonning hayot tanlovi

Olimjonning asl orzusi Davlat yo‘l-harakat xavfsizligi xizmatida ishlash edi. Shu maqsadda Toshkent Avtomobil yo‘llari institutiga o‘qishga kirgandi. Uni 2014-yilda muvaffaqiyatli tamomlagan Olimjon Xudayberganovning orzusiga hayotning o‘zi o‘zgartirish kiritdi. U Yakkasaroy tumanida joylashgan “Hamid Olimjon” mahallasiga profilaktika inspektori etib tayinlandi. O‘sha vaqtlari mahalla kriminogen holati og‘ir hudud hisoblanardi. Bunga sabab, hududda ko‘plab qurilish ishlari olib borilar, bundan tashqari aksariyat mehmonxonalarning bu mahalla hududida joylashishi edi. Holbuki, qurilish ishlarida yollanib ishlayotganlar orasida, mehmonxonalarning ayrim mijozlari o‘rtasida ichkilik hamda o‘zaro kelishmovchiliklar oqibatida turli jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilardi. Goho bu manzillar qidiruvda bo‘lgan shaxslar uchun ham vaqtinchalik boshpana vazifasini bajarardi. Profilaktika xodimlarining tunu kun ishlashlariga to‘g‘ri kelardi. Rejali va hamjihatlikda olib borilgan ishlar natijasida mahallada e’tirof etilar darajada tartib o‘rnatilgach, Olimjon tumandagi “Qushbegi”, ikki yildan so‘ng esa “Muhandis” mahallasiga profilaktika inspektorligiga tayinlandi. 2017-yildan 2025-yilgacha “Muhandis” mahallasida profilaktika katta inspektori lavozimida faoliyat yuritgan Olimjon Xudayberganov “qizil” toifadagi hududni "sariq” toifaga o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. Bunda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Akmal Sultonov, mahalla faollari, “yettiligi”, uyboshi hamda ko‘chaboshilarning ham birgalikdagi salmoqli hissalarini qayd etish lozim, albatta. Qurilish olib borilayotgan manzillar, korxona-tashkilotlar ma’muriyati, mutasaddilari, quruvchi va ishchilar bilan o‘tkazilgan profilaktik suhbatlar, tushuntirish, ogohlantirish ishlarining tizimli olib borilishi natijasiz ketmadi. Shuni ham e’tirof etmoq lozimki, u mazkur mahallada ish boshlaganida aholi soni uch mingga yaqinni tashkil etgan bo‘lsa, navbatdagi yangi lavozimga o‘tish davrida aholi soni to‘qqiz mingdan oshgandi. Olimjon Xudayberganovning mehnatlari, ishonib topshirilgan hududlarda tinchlik-osoyishtalik, jamoat tartibini saqlash, mahalla fuqarolari birligini ta’minlashdagi sa’y-harakatlari rahbariyat tomonidan munosib baholanib, shahar, tuman hokimligi, IIBB, IIO FMB tomonidan tashakkurnoma, faxriy yorliqlar bilan e’tirof etilgan. Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikka barham berish, huquqbuzarliklarning oldini olish borasida olib borgan ishlari uchun O‘zbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun” medali bilan taqdirlangani ham uning sidqidildan xizmatlariga berilgan bahodir. Bugungi kunda Yakkasaroy tumani IIO FMB Ma’muriy amaliyot guruhi katta inspektori lavozimida faoliyat yuritayotgan mayor Olimjon Xudayberganov tuman mahallalarida profilaktika inspektorlari faoliyatini muvofiqlashtirish, xizmat vazifalarini belgilash hamda nazorat qilish ishlarini samarali olib bormoqda. Yangi 2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingani mahallalarda tinchlik va osudalikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, hudud obodligi, fuqarolar xavfsizligi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarga o‘zgacha sur’at va yangicha yondashuvni talab qilishi tayin. Bu vazifalar poytaxt IIBB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi, xususan, Yakkasaroy tumani IIO FMB xodimlari tomonidan samarali amalga oshirilishiga shubha yo‘q.

10 Yanvar 2026 Yil

2947

Interaktiv xizmatlar

Text to speech