3 Dekabr 2025 Yil 112

Aholi sog‘lom bo‘lsa, jamiyat sog‘lom

Sog‘lomlikning o‘zagi jismoniy tarbiya, sportning biror turi bilan muntazam shug‘ullanishdir. Sport bilan shug‘ullangan kishining irodasi kuchli, tartib-intizomli, fikrlashi ham sog‘lom bo‘lishi tabiiy. Sportni aholi orasida keng ommalashtirishga davlatimiz tomonidan katta e’tibor berilayotgani, ko‘plab sport saroylari, stadion va klublarning ochilayotgani bunga dalildir. Shu ma’noda ichki ishlar xodimlarining jismoniy tayyorgarligiga berilayotgan e’tiborni ham ta’kidlamoq joizdir.

Toshkent shahar IIBB rahbariyati tomonidan shaxsiy tarkibning kasbiy tayyorgarligi qatorida jismoniy tayyorgarligini oshirishga muhim ahamiyat berilib kelinadi. Bu borada xodimlar o‘rtasida sportning ko‘plab turlari bo‘yicha musobaqalarning o‘tkazilishi, g‘olib jamoalar va xodimlarni rag‘batlantirish ularni ruhlantirish bilan birga salomatligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Joriy yilning noyabr oyida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining tarkibiy va hududiy bo‘linmalari o‘rtasida Toshkent shahar “Dinamo” jismoniy tarbiya va sport jamiyati kengashining XXXIV-Spartakiadasidan o‘rin olgan sportning futbol turi bo‘yicha musobaqalar tashkillashtirildi. Mazkur musobaqa ko‘p yillar poytaxt IIBBda rahbarlik qilgan, poytaxt hududida jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklarning oldini olishga ulkan hissa qo‘shgan marhum general-mayor I.Sattorovning xotirasiga bag‘ishlandi. Unda IIBB tarkibiy va hududiy bo‘linmalaridan 15 ta terma jamoa qatnashib, g‘oliblik uchun murosasiz va keskin bahs olib borishdi. Musobaqaning final o‘yinlariga marhum I.Sattorovning yaqin qarindoshlari taklif etildi.

Tomoshabinlarning olqish va hayqiriqlari ostida kechgan kurashda

🥇 1-o‘rin Toshkent shahar IIBB terma jamoasiga
🥈 2-o‘rin Qo‘riqlash boshqarmasi
🥉 3-o‘rin Toshkent shahar IIBB YHXB jamoalariga nasib etdi.

G‘oliblar tegishli diplom, medallar va esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandi.

Barcha yangiliklar

Text to speech