1 Dekabr 2025 Yil 205

Giyohvand moddalar savdosi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish — qatʼiy va doimiy nazoratni talab qiladigan muhim masala

Bugun Milliy kontent ishlab chiqaruvchi markazda “Giyohvandlikka qarshi kurash: respublikadagi vaziyat, koʻrilayotgan choralar va yangi strategiyalar” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Maʼlumki, joriy yilning 3-noyabrdagi kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra “Giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish boʻyicha 2025-2026-yillarga moʻljallangan kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi” qabul qilindi.

Milliy dasturda belgilangan ustuvor yoʻnalishlar yuzasidan Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva tomonidan kuch tuzilmalari rahbarlari bilan oʻtkazilgan ishchi yigʻilishda narkojinoyatchilik, jinoiy guruhlar va noqonuniy qurol-yarogʻ aylanmasiga qarshi kurashish boʻyicha muvofiqlashtirilgan samarali tizimni qisqa muddatda yaratish vazifasi qoʻyilgan edi.

Tahlillarga koʻra, soʻnggi 5-yilda Oʻzbekistonda narkojinoyatlar soni 2 baravarga, noqonuniy muomaladan olingan narkotiklar musodarasi 67 foizga oshgan boʻlsa, sintetik giyohvandlik vositalari musodarasi

80 baravarga keskin koʻpaygan.

2024-yilda huquq-tartibot idoralarining saʼy-harakatlari natijasida 5 ta yashirin narkolaboratoriyalar faoliyatiga chek qoʻyilgan boʻlsa, joriy yilning 10 oyida ushbu koʻrsatkich 12 tani tashkil etgan.

Joriy yilning 10 oyida respublikada 12 848 ta narkojinoyatlar aniqlanib, 2 tn 761 kg narkotik, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qoʻyilgan hamda isteʼmolga chiqib ketishining oldi olingan.

Mazkur tahdidlarni bartaraf etish hamda “Giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish boʻyicha 2025-2026-yillarga moʻljallangan kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi” ijrosini taʼminlash maqsadida giyohvandlikni oldini olish va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Matbuot anjumanida rejada belgilangan muhim yoʻnalishlar yuzasidan davlat idoralari va masʼul tashkilotlarning vazifalari bayon etildi.

Matbuot anjumanida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Aadministratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi, Ichki ishlar, Bojxona qoʻmitasi, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, vakillari spiker sifatida ishtirok etdi.

Spikerlar tomonidan giyohvandlikni oldini olish va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha tadbirlar rejasiga koʻra amalga oshiriladigan yoʻnalishlar matbuot anjumani ishtirokchilariga yetkazildi.

Tadbir tashkilotchilari tomonidan “Giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish boʻyicha 2025-2026-yillarga moʻljallangan kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi”da nazarda tutilgan barqaror profilaktika media muhitini yaratishda ommaviy axborot vositalarining hamkorligi muhim ekanligi taʼkidlandi.

Matbuot anjumani yakunida OAV vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldilar.

IIV Axborot xizmati

Barcha yangiliklar

Text to speech