22 Fevral 2023 Yil 388

Navbatchilik qismi xodimi faoliyatiga nazar

Sergeli tumani IIOFMB 3-sonli IIB hududida 12 ta mahalla, shuningdek, «Iste’molda bo‘lgan transport vositalari va ehtiyot qismlar» hamda «Dehqon bozori» kabi yirik savdo majmualari ham joylashgan.

3-sonli IIB navbatchilik qismi xodimlari hodisa, huquqbuzarliklar va jinoyatchilik yuzasidan xabarlar, shuningdek fuqarolarning ariza hamda murojaatlarini qabul qilib olisharkan, darhol ularning ijrosiga kirishadi.

Navbatchilik qismi tezkor navbatchisi, kapitan Dilshod Yunusov ham soat 18:28larda noma’lum shaxs «Sergeli dehqon bozori»da joylashgan do‘konga eshik qulfini buzib kirib, narsa­larni o‘g‘irlab ketgani bo‘yicha murojaatni qabul qilib olgan zahoti zudlik bilan voqea joyiga tergov-tezkor guruhini jo‘natdi. Xodimlar voqea joyini ko‘zdan kechirib, tez fursatda ushbu jinoyatni sodir etgan fuqaro N.D.ni qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lishdi.

Tergov-surishtiruv ishlari natijasida N. D. do‘kon egasi fuqaro Sh. T.ga tegishli jami 15 dona, umumiy bahosi 22 million 600 ming so‘mlik telefon apparati hamda 3 dona narxi 450000 so‘mlik simsiz quloq­chinlarni yashirin ravishda qo‘lga kiritgani ma’lum bo‘ldi.

– Xodimlarimiz bilan kecha-yu kunduz tushayotgan xabarlarni ro‘yxatga olamiz, – deydi kapitan D. Yunusov. – Tergov-tezkor guruhining voqea joyiga to‘liq epikirovka va aloqa vositalari bilan chiqishini ta’minlaymiz hamda ular bilan doimiy aloqada bo‘lib tura­miz. Joriy yilning boshidan buyon jinoyatlar haqidagi xabarlar 19 tani tashkil etdi.
Lavhamiz qahramoni bilan suhbatlasharkanmiz, hayotidagi eng unutilmas lahzalardan biri – 2017-yilda 3-sonli IIBning ochi­lishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashganini to‘lqinlanib gapirib berdi. Davlatimiz rahbari u bilan hayotiy faoliyati haqida gaplashib, xizmatdagi muammolar, amalga oshirilayotgan islohotlar, tizimni yanada yaxshilash borasidagi fikrlar bilan qiziqqanini aytib berdi.

Kapitan D. Yunusov dastlab tuman IIB Yong‘in xavfsizligi bo‘limida faoliyatini boshlagan. Bir necha yildan so‘ng Habibiy nomli mahallada profilaktika inspektori lavozimida xizmat qilgan. Hudud aholisi dard-u tashvishi bilan hamnafas bo‘lgan, tizimning past-ba­landini chuqur o‘rgangan xodim 2017-yilda 3-sonli IIB HPB boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Keyin bir muddat Probatsiya bo‘limida o‘ziga yuklatilgan vazifani bajardi.

Dilshod Yunusovning turmush o‘rtog‘i Nigoraxon ham huquqni muhofaza qiluvchi idora vakili. Ular Doniyor, Baxtiyor va Laziza ismli farzandlarini voyaga yetkazishmoqda.
Sohaning eng qaynoq nuqtasi bo‘lgan navbatchilik qismida faoliyat yuritishning o‘ziga yarasha qiyinchiligi va murakkab tomonlari bor. Ushbu vazifani sidqidildan bajarishga harakat qilayotgan xodimlarning ham boshqa yo‘na­lishdagi hamkasblari kabi, har bir daqiqasi fuqarolar xavfsizligi va tinchligi uchun qaratilganligi bilan e’tiborga molik.

Sarvar SOBIROV,
© POSTDA – На посту

Barcha yangiliklar

Text to speech