TOSHKENT SHAHAR ICHKI ISHLAR BOSH BOSHQARMASI

Faqat Dastur bilan cheklanmay...

Joriy yilning 15 aprelida poytaxt IIBB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida profilaktik hisobga olingan, “Qizil toifa”ga kiritilgan yoshlar bilan alohida ishlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish shahar hokimi, prokurori, DXX Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi hamda shahar IIBB rahbariyatlari tomonidan tasdiqlangan qo‘shma dasturda belgilangan vazifalarning 2-bosqichini amalga oshirishga bag‘ishlandi. Unda IIBB rahbariyati, hamkor tashkilotlar masʼul xodimlari qatnashishdi. Yig‘ilganlar Dasturda belgilangan tadbirlarning ijrosini taʼminlash, samarasini oshirish xususida o‘zaro fikr almashdilar.Qayd etish lozimki, Markaz faoliyati bir muddat ham tinmaydi. Dastur asosida dargohga yana 35 nafar bolalar qabul qilindi. Ular IIBB Tibbiyot bo‘limi shifokorlari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi hamda sport, harbiy ust-bosh kiyimlari bilan taʼminlandi. Ularning qalbiga yo‘l topish, to‘g‘ri yo‘lga solish jarayonini to‘laqonli olib borish maqsadida, amaliyotchi psixologlar hamkorligida chuqurlashtirilgan psixodiagnostika amaliyoti o‘tkazilib, har bir tarbiyalanuvchining psixologik portreti shakllantirildi.Markaz tarbiyalanuvchilarini har tomonlama kamol toptirish borasida keng qamrovli ishlarning olib borilishi, ularning qiziqish va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish muassasa masʼullarining hamisha diqqat-eʼtiborida. Tarbiyalanuvchilarning shahardagi hayvonot bog‘iga tashrifi, ularda hayvonot olamiga bo‘lgan qiziqishini yana-da oshirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.Dasturning 2-bosqichida ishtirok etayotgan ushbu o‘smirlar ko‘plab taassurotga ega bo‘lishi, o‘z dunyoqarashini ijobiy tarafga o‘zgartirishi va vataniga fidoyi insonlar bo‘lib shakllanishiga ishonamiz.

25 Aprel 2024 Yil

24

Kasbidan eʼzoz topgan ayol

Nodira Zokirova ichki ishlarda xizmatni 2004 yilda Mirobod tumani IIBda safdor lavozimidan boshlab, turli lavozimlarda xizmatni davom ettirdi. Xususan, tuman bo‘limi profilaktika bo‘linmasida xotin-qizlar masalasi bo‘yicha katta inspektor, bo‘linma boshlig‘i lavozimidagi faoliyatini o‘zgacha xotirlaydi.- Fuqarolarning muammolarini hal qilish uchun tunu kun ishlashga to‘g‘ri kelardi, - deya xotirlaydi qahramonimiz suhbatda. – Kunning, tunning istalgan vaqtida sodir etiladigan oilaviy kelishmovchiliklar, qo‘ni-qo‘shnilarning janjali, o‘zaro tushunmaslik oqibatida ro‘y beruvchi ko‘ngilsizliklarni hal etish, qonuniy ko‘rib chiqish, huquqiy yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish kerak bo‘lardi. Xizmat vazifasi taqozosi bilan ko‘plab oilalarni o‘rganishim, uy sharoiti, ro‘zg‘or tutumi bilan tanishishimga to‘g‘ri kelgan. Ularni o‘rganib shunga amin bo‘ldimki, qayerda yolg‘on, riyokorlik, nopoklik, harom luqma bo‘lsa, er-xotin, ota-ona va bola munosabatlarida oila parokandalikka yuz tutishi mumkin ekan. Bu menga katta maktab bo‘ldi, olgan tajribalarim xizmatimning keyingi davrlarida juda asqotganini alohida taʼkidlashim lozim. O‘sha kezlari menga yaqindan yordam bergan, kasb sirlarini beminnat o‘rgatgan ustozlarim – ayni damda qarilik gashtini surayotgan, nafaqadagi podpolkovniklar – Gulnora Holiqova va Rahmatilla Xojimuhamedovlardan juda minnatdorman.Nodira aholi bilan, xususan, xotin-qizlar bilan ishlashda samarali faoliyat olib borgani, muammo va masalalarini o‘z vaqtida hal qilgani, huquqiy bilimlarini oshirish borasida sezilarli ishlarni amalga oshirgani alohida eʼtirof etilib, “Yil ayoli-2019” respublika milliy tanlovida tashakkurnoma bilan taqdirlangan.Xizmati davomida Nodira ekspert-kriminalistika sohasiga juda katta qiziqishi uni 2009 yilda ekspert-kriminalistika bo‘limiga yetakladi. Sohaga oid maxsus bilimlarni o‘zlashtirgach, xatshunoslik borasida ish boshladi.Nodiraning o‘z ishiga masʼuliyat va talabchanlik bilan yondashishi, har bir topshirilgan ishni mantiqiy yakuniga yetkazishi rahbariyat eʼtiboridan chetda qolmadi. 2020 yilda u poytaxt IIBB Ekspert-kriminalistika markaziga katta ekspert lavozimiga tayinlandi.Ayni paytda podpolkovnik, Nodira Zokirova Ekspert-kriminalistika markazining tahlil va hisobga olish bo‘limi katta eksperti lavozimida xizmat olib bormoqda. Poytaxtimizdagi tumanlar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalaridagi ekspert-kriminalistika bo‘limlari faoliyatini tahlil qilish bilan birga qabul qilingan reja va tadbirlarning ijrosini taʼminlash borasidagi ishlarning nazoratini olib boradi. Shuningdek, xodimlarning xizmat intizomiga rioya qilishlari, yurish-turishi, fuqarolar bilan muomalasi, yo‘l qo‘yilgan xato - kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatadi. Aytish mumkinki, u bunday masʼuliyatli va sharafli vazifani fidoyilik bilan bajarib kelmoqda.Albatta, ayol uchun eng muhimi – oila. Uy yumushlari, davlat ishlari, farzandlar tarbiyasi, yaqinlari bilan munosabatlarni teng ravishda olib borish oson ish emas. Ayniqsa, ichki ishlar idoralarida xizmat olib borayotgan ayollar uchun. Ehtimol, shuning uchun bu sohada ishlovchi ayollar irodali, kuchli va chidamlidir. Bunday ayollarning jismida qandaydir tabiiy bir ustun borki, unga tayanib mashaqqatlarni yengib o‘tishadi. Bunga N.Zokirovaning hayoti va ish faoliyati yaqqol misoldir.- Profilaktika bo‘limida ishlagan davrim men uchun katta hayotiy saboq bo‘lganini aytishim joiz. Bildimki, ko‘plab ko‘ngilsizliklar, huquqbuzarliklar, adovat-nizolar oilalardagi muhit, tarbiyaga, ko‘p jihatdan ota-onaning bir-biriga o‘zaro hurmati, munosabatiga bog‘liq ekan. Shu bois, farzandlarimning tarbiyasiga befarq bo‘lmadim. Imkon qadar ular bilan ko‘proq muloqot qilishga, do‘st tutinishga harakat qildim, - deya taʼkidlaydi qahramonimiz.Uch nafar farzandni halol rizq bilan tarbiyalab, kasb-korli qilgan, ikki nafar qizini yaxshi joylarga uzatib, to‘rt nevaraning buvisi bo‘lish bilan birga xizmatini muvaffaqiyatli davom ettirayotgan bu ayol hamkasblari, bosh boshqarma xodimlari o‘rtasida katta obro‘-eʼtiborga ega. Rahbariyat tomonidan Nodiraning xizmatlari rag‘batlantirib borilishi uning faoliyatiga bo‘lgan eʼtibor va masʼuliyatining mahsuli ekanligiga shubha yo‘q.

25 Aprel 2024 Yil

26

Nima uchun «Mening Inspektorim» ilovasini poytaxtimizning har bir fuqarosi o‘rnatishi kerak?

Hozirda tuman profilaktika inspektorlari fuqarolarning xonadonlariga borib, ularga Toshkent shahar IIBBning “Mening Inspektorim” mobil ilovasining afzalliklarini tushuntirgan holda, smartfonlariga yuklab olishda ko‘maklashmoqdalar. Ushbu dastur nima uchun yaratilgan, uning xususiyatlari va undan foydalanishning afzalliklari nimada?“Mening Inspektorim” ilovasi fuqarolarga bir qator qulayliklarni taqdim etadi, jumladan:— Shahardagi jinoyatchilik holati, yangi turdagi jinoyatlar va ulardan himoyalanish yo‘llari haqida o‘z vaqtida maʼlumot olish imkoniyati;— Muayyan hududdagi tuman profilaktika inspektori kimligini va u bilan qaysi telefon raqami orqali bog‘lanish mumkinligi (hozirda onlayn muloqot funksiyasi ham ishlab chiqilmoqda);— Xarita orqali eng yaqin IIBning tayanch punktlari qayerda joylashganligini va ularga boradigan yo‘nalishlarni ko‘rish;— Shoshilinch xizmatlar (Yong‘in xavfsizligi xizmati, ichki ishlar organlari, shoshilinch tibbiy yordam, avariya gaz xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Bosh prokuraturasi bilan bog‘lanish;— Yagona operativ boshqaruv markaziga integratsiya qilingan SOS tugmasi bosilganda, operator tezkorlik bilan murojaatchiga aloqaga chiqadi. Shu bilan birga, siz tugmani bosish orqali yo‘l-transport hodisasiga uchraganingiz yoki boshqa baxtsiz hodisa yuz bergani yoxud to‘satdan sog‘lig‘ingiz yomonlashganligini ko‘rsatishingiz mumkin;— Ilovaning imkoniyatlarini kengaytirish hamda aniqlangan xato va kamchiliklarni tuzatish bo‘yicha takliflarni onlayn yuborish imkoniyati;— Shuningdek, ichki ishlar organlariga onlayn ariza yuborish imkoniyatlari ham ishlab chiqilmoqda.Siz mazkur ilova orqali ko‘p qavatli uylar oldidagi kirish yo‘laklarini to‘sib qo‘ygan avtomashinalar, tungi vaqtlarda uyingiz oldida yurgan shubhali shaxslar, qo‘shni xonadonlardagi maishiy shovqinlar, daraxtlarning noqonuniy kesilishi, xonadon kirish eshigi qulflanib qolganligi, kommunal sohada va boshqa turdagi muammolar yuzasidan murojaat yuborishingiz mumkin. Ilovani qayerdan yuklab olish mumkin?Hozirda sinov tariqasida ishlayotgan “Mening Inspektorim” ilovasini GooglePlay da (Android operatsion sistemasida ishlaydigan smartfon foydalanuvchilari uchun) quyidagi ilova orqali yuklab olish mumkin: https://play.google.com/store/apps/details?id=uz.smartbase.myinspector .Shuningdek, iOS va iPadOS operatsion tizimlarda ishlovchi mobil qurilmalar foydalanuvchilari uchun ilovani yuklab olish imkoniyatlari ustida ishlar davom ettirilmoqda. Tez orada u App Store da ham paydo bo‘ladi.Ro‘yxatdan qanday o‘tiladi?1. Telefoningizda ilovani ishga tushirgandan so‘ng, sizdan mobil telefon raqamingiz, shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat (biometrik pasport yoki ID-karta) seriyasi va raqamini, shuningdek, tug‘ilgan kuningizni ko‘rsatish talab qilinadi. Shundan so‘ng, tizim sizga FaceID (telefoningizning videokamerasi) yordamida ko‘rsatilgan identifikatsiya maʼlumotlarini tasdiqlashingizni so‘raydi. Bu sizning murojaatlaringizni qayd etish, ayrim hollarda maʼlumotlarga aniqlik kiritish hamda siz bilan bevosita bog‘lanish uchun zarurdir. Shaxsiy maʼlumotlaringizning maxfiyligi va xavfsizligi kafolatlanadi.2. Shundan so‘ng, ilova sizdan joylashuvingiz haqida  maʼlumotlarni (geolokatsiya) bilish uchun ruxsat so‘raydi. Siz ushbu harakatga ruxsat berishingiz kerak. Shu orqali siz, shu hududdagi profilaktika inspektori haqida maʼlumotga ega bo‘lasiz, shuningdek, biror favqulodda holat yuzaga kelgan taqdirda, mazkur joylashuvingiz haqidagi maʼlumotlarni tegishli xizmatlarga yuborishingiz mumkin bo‘ladi.Hozirda mazkur ilova o‘zbek (lotin va kirill), rus va ingliz tillarida mavjud. Hurmatli poytaxtimiz aholisi va mehmonlari! Biz har kuni dastur ustida ishlab, uni takomillashtirish va imkoniyatlarini kengaytirish ishlarini davom ettirmoqdamiz. Agar biror bir xato topsangiz yoki ilovani takomillashtirish bo‘yicha takliflaringiz bo‘lsa, iltimos, ular haqida Bosh sahifada joylashgan “Takliflar” bo‘limi orqali bizga xabar bering - har bir murojaat o‘rganiladi.

23 Aprel 2024 Yil

684

Interaktiv xizmatlar

Text to speech