16 Dekabr 2025 Yil 0

Ko‘zimga yosh qalqdi, – deydi Komiljon ota

2025-yil podpolkovnik Muhammadjon Mirzajonov uchun unutilmas yil bo‘ldi. Yurt tinchligi va osoyishtaligi hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash yo‘lidagi 30 yillik fidokorona xizmatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga ko‘ra, «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlandi.

Shu kuni uning telefoni tinmadi. Hamkasblar, do‘stlar, shogirdlar birin-ketin tabriklar yo‘llashdi. Ammo eng ta’sirli lahzalar ota-onasi va oila a’zolari bilan kechdi.

– Farzandimning bunday yuksak mukofot bilan taqdirlangani haqidagi xabarni eshitgan on qalbimdan allanechuk tuyg‘ular mavjlandi, ko‘zimga yosh qalqdi, – deydi Muhammadjonning otasi Komiljon ota. – Bu nafaqat o‘g‘lim uchun, balki butun oilamiz uchun beqiyos sharaf, iftixor. Bunday e’tirof uchun Prezidentimizga oilamiz nomidan minnatdorlik bildiraman.

Lavhamiz qahramoni ichki ishlar organlarida xizmat faoliyatini boshlaganiga 30 yildan oshdi. 2001-yildan profilaktika inspektori sifatida xizmat qilib kelmoqda. Shundan 10 yili Chilonzor tumanidagi «Zarqo‘rg‘on» mahallasida o‘tdi. Shu bois unga bu hudud juda qadrli. Bugungi kunda «Xayrobod» mahallasida xizmat qilayapti. Xizmat faoliyati davomida yuzlab murojaatlarni ko‘rib chiqib, qonuniy hal etgan, bir qator firibgarlik holatlari hamda boshqa jinoyat ishlari bo‘yicha surishtiruv olib borib, qonun ustuvorligini ta’minlagan.

M. Mirzajonov o‘z tajribalarini shogirdlariga o‘rgatishdan erinmaydi. Xususan, bugun «Zarqo‘rg‘on» mahallasida faoliyat yuritayotgan profilaktika katta inspektorlari, mayor Dilmurod Shermatov, kapitan Abdurashid Mirzalimov hamda «Xayrobod » mahallasi profilaktika inspektori, leytenant Aliahmad Hamroqulov uni o‘zlariga ustoz deb bilishadi. Ular ustozlaridan o‘rgangan bilim va ko‘nikmalarni xizmatda qo‘llab kam bo‘lishmayapti.

– Mening yoshlarga aytar gapim qaysi sohada bo‘lishingizdan qat’i nazar, Vatanga halol va sidqidildan xizmat qilsangiz, mehnatingiz albatta e’tirof etiladi, – deydi podpolkovnik Muhammadjon Mirzajonov. – Sizga yuklatilgan vazifani vijdonan bajaring, natijalar o‘z-o‘zidan kelaveradi.

Insonning barcha yutuqlari va faoliyatidagi samaradorlik ortida oilasi turadi. Mirzajanovlar xonadoni ham ana shunday muhabbat, hamjihatlik va barqarorlik qo‘rg‘oni. Turmush o‘rtog‘i Dilafruz bilan to‘rt nafar – ikki o‘g‘il va ikki qizni tarbiyalab voyaga yetkazishdi. Katta o‘g‘li Muhiddinjon ota izidan borib, Uchtepa tumani IIOFMBda patrul-post xizmati inspektori sifatida faoliyat yuritmoqda. Hozirda u yuksak marralarni ko‘zlab, oliy ta’limda sirtdan ta’lim olmoqda. Darvoqe, bu baxtli juftlikning shirindan-shakar yetti nafar nabirasi ham bor.

Podpolkovnik Muhammadjon Mirzajonovning bosib o‘tilgan yo‘li – yurtga sadoqat va matonat talab etiladigan hayot maktabi. Uning o‘z vazifasini sidqidildan ado etgani yoshlar uchun ibrat, mehnatsevarlik, intizom va matonat timsoli bo‘la oladi.

Sarvar SOBIROV, o‘z muxbirimiz

© Postda – На посту, №49 (4743), 2025-yil 4-dekabr

Barcha yangiliklar

Text to speech