Xabaringiz bor, Toshkent shahar ichki ishlar organlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan me’yoriy hujjatga asosan, joriy yilning 27 noyabridan “Har bir murojaatga – adolatli yechim” shiori ostida “Murojaatlar oyligi” o‘tkazib kelinmoqda. Oylik doirasida kuni kecha Toshkent shahar IIBB boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultanxodjayev tomonidan shahar aholisining murojaatlarini o‘rganish maqsadida navbatdagi shaxsiy qabuli o‘tkazildi. Unda 55 nafar jismoniy hamda yuridik shaxslarning murojaatlari tinglanib, hal etish choralari ko‘rildi. O‘rganishlar natijasida murojaatlarning 20 tasi qabulxonaning o‘zida ijobiy yechimini topdi, 2 tasi bo‘yicha malakali huquqiy tushuntirishlar berildi. 33 ta murojaatlarda keltirilgan vajlarning kelib chiqish sabablarini aniqlash, atroflicha o‘rganish talab etilgani bois ijrosi bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berilib, aniq ijro muddatlari o‘rnatildi. Qabul qilingan murojaatlar mazmuniga ko‘ra: surishtiruv-tergov, mol-mulk va pul mablag‘larini undirish, ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilish va qayta tiklash, ommaviy tadbirlar o‘tkazish, ijtimoiy va iqtisodiy masalalar, yo‘l-transport hodisalarini rasmiylashtirish, oila-turmush doirasidagi nizolar, ichki ishlar xodimlari xizmati bilan bog‘liq masalalarni tashkil etdi. Bu kabi vakolatli rahbarlarning aholi murojaatlarini tinglash, ularning qonunda belgilangan haq-huquqlarini kafolatlash borasida olib borilayotgan ishlari poytaxt IIBB hududiy tuzilmalar rahbarlari tomonidan ham tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.