Toshkent shahar IIBB boshlig‘i: Xodimlarga doim qo‘l bilan emas, kalla bilan ishlashni tayinlaymiz

15-yanvar kuni Yunusobod tumanidagi 7-sonli ichki ishlar bo‘limida Toshkent shahar IIBB boshlig‘i Rustam Jo‘rayev ishtirokida OAV xodimlari uchun brifing tashkil etildi. “Daryo” muxbiri Sevara Nishonova Rustam Jo‘rayev tomonidan keltirilgan ma’lumotlarning asosiylariga e’tibor qaratdi.

Jinoyatchilik sezilarli darajada kamaydi

2018-yilda hokimiyat, mudofaa, favqulodda vaziyatlar vazirliklari, prokuratura, mahalla, milliy gvardiya, davlat xavfsizlik xizmati bilan olib borgan chora-tadbirlarimiz natijasida Toshkent shahrida jinoyatchilik 49 foizga kamaydi. 2018-yilda 4969 ta jinoyat qayd etilgan. Qotillik, qasddan badanga og‘ir tan jarohati yetkazish, nomusga tegish kabi jinoyatlar kamaydi. Talonchilik 51 foizga kamaydi. Ya’ni 2017-yilda 245 ta talonchilik jinoyati sodir bo‘lgan bo‘lsa, 2018-yilda 120 tani tashkil etdi.

Bosqinchilik 52,9 foizga kamayib, 136 ta ko‘rsatkichdan 64 taga tushgan.

Toshkent shahrida eng ko‘p kuzatiladigan jinoyatlar o‘g‘rilik va firibgarlik hisoblanadi. 2018-yilda ushbu jinoyatlar ham sezilarli darajada kamaygan. O‘g‘rilik 1969 tadan 947 taga yoki 51,9 foizga, firibgarlik 2420 tadan 1296 taga yoki 46,5 foizga kamaydi. Oqibati o‘lim bilan yakunlangan YTHlar 194 tadan 128 taga yoki 34 foizga kamaydi.

2018-yilda Toshkentdagi 7 ta mahallada umuman jinoyat sodir etilmadi

Poytaxtdagi 7 ta mahallada umuman jinoyat sodir etilmagan, shu bilan birga ushbu mahallalarda yashovchi aholi tomonidan ham umuman jinoyat sodir etilmaganligi aniqlandi. Yunusobod tumanidagi Katta Hasanboy, Bog‘i Eram, Uchtepa tumanidagi Jarbuloq, Tepaqo‘rg‘on, Chilonzor tumanidagi Gavhar, Sergeli tumanidagi Shukrona mahallalari namunali mahallalar deb topildi.

2018-yilda Toshkent shahar IIBB bo‘linmalari 150 ta skuter, videokuzatuv tizimi va intellektual kameralar o‘rnatilgan 73 ta Isuzu, 73 ta Damas va Nexia avtomobillari bilan ta’minlandi.

Toshkent shahrida 30 mingtadan ortiq kuzatuv kameralari o‘rnatildi

2018-yilda 743 ta fosh etilgan o‘g‘riliklarning 248 tasi yoki 33,5 foizi mana shu kuzatuv kameralari yordamida fosh qilingan.

Shahar bo‘yicha tajriba sifatida 10 ta radar ish faoliyatini olib bormoqda. Ulardan 6 tasi statsionar va 4 tasi mobil radarlar.

Statsionar radarni haydovchilar tomonidan tezlik oshiriladigan hududga qo‘yamiz, haydovchilar o‘rganib qolganidan keyin sekingina radarni olib boshqa joyga qo‘yib qo‘yamiz. Lekin bu joyda ham haydovchilar tezlikni oshirmay yurayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu quvonarli holat albatta.

Bor-yo‘g‘i 10 ta radar yordamida 42 milliard so‘mdan ortiq jarima undirilgan. Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, shaharda bunday kameralardan 10 ta emas, 100 ta bo‘lsa. Bizni pul qiziqtirmayapti. Sezdinglarmi, biz radar o‘rnatganimizni haydovchilardan yashirayotganimiz yo‘q? Odamlarning “Bularning maqsadi, yashirinib olib pul qilish” degan gapi bizga kerakmas.

Radar yozuvli belgili o‘rnatyapmiz. Lekin uyam shart emas, shaharda chegaralangan tezlik 70.

O‘tgan yili kiritilgan yangiliklardan biri billing tizimi. Avvallari 40 dan ortiq qoidabuzarlik bo‘yicha haydovchilik guvohnomasi olib qo‘yilgan bo‘lsa, hozirda faqat 13 ta qoidabuzarlik sodir etilganida haydovchilik guvohnomasi olib qo‘yilmoqda. Bu esa o‘z navbatida IIBlarda yuzaga keladigan uzundan-uzoq navbatlarning oldini olmoqda.

Ichki ishlar tizimiga ishga qabul qilish tizimi o‘zgardi

Hozirda biz kadr boshqarmasini IIB binosidan tashqariga chiqarib, Toshkent shahar ichki ishlar organlariga ishga qabul qilish markazini tashkil etdik. Ishga kirmoqchi bo‘lgan fuqaro ota-onasi bilan bemalol keladi, hech qanday tekshiruv va nazoratsiz bemalol markazga kirib, kerakli konsultatsiyani oladi. Nomzodlarni xizmatga saralash va qabul qilish muddatini olti-sakkiz oydan bor-yo‘g‘i 40 kunga kamaytirdik.

Toshkent shahar IIBB vertolyotlar bilan ta’minlanadi 

Prezident 7-sonli ichki ishlar bo‘linmasiga tashrif buyurgan paytida Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasiga vertolyotlar ajratish to‘g‘risida topshiriq berdi. Buning uchun ozgina vaqt kerak. Vertolyot mashina emas, uni olib minib ketadigan. Unga xizmat ko‘rsatish, uchuvchilar, dislokatsiya masalalarini hal qilish kerak. Hozirgi kunda mana shu masalalar ustida ishlayapmiz.

Bu kerak deb o‘ylaman, nimaga deganda hamma rivojlangan mamlakatlar poytaxtlarida vertolyotlar bor. Tez tibbiy yordam ko‘rsatish, tez voqea joyiga borish, jinoyatchini ushlashda albatta vertolyotlarning o‘rni beqiyos. Bu davlat uchun ham obro‘.

Shaxsiy tarkib intizomini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda

Shaxsiy tarkib intizomi, qonunchilikka o‘zi rioya etishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Rahbarlarning nazorati qay darajada o‘rnatilgani, xodimning ongi, ishga munosabati muhim. Hozirda IIB tergov xonalarining barchasi kameralar bilan ta’minlanmoqda. Bundan tashqari, tergovchilarning o‘zida ham kamera bor. Bu turli provokatsion holatlarning oldini olish maqsadida amalga oshirilgan. Biz har doim shaxsiy tarkibga “Qo‘l bilan emas, kalla bilan ishlanglar!” deb tayinlaymiz. Ishni ochaman deb birovni urib, unga ruhiy tazyiq o‘tkazish mumkin emas. “Mayli jinoyat bugun ochilmasin, bir haftadan keyin ochiladi, lekin teginmanglar, faqat yaxshi gapiringlar! Aql bilan, miya bilan ishlanglar!”, — deymiz.