Toshkent shahar IIBB boshlig‘i “Ibrohim ota” mahallasi aholisi bilan ochiq muloqot o‘tkazdi

Olmazor tumani “Ibrohim ota” mahalla fuqarolar yig‘inida Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining aholi bilan ochiq muloqoti o‘tkazildi. Muloqotda shuningdek, Olmazor tuman hokimi, tuman prokurori ham ishtirok etdilar.

Ma’lumki, ayni kunlarda Toshkent shahrining barcha 11 tumanidagi tegishli mahalla hududlarida keng ko‘lamdagi qurilish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Jumladan, 4500 kv/m maydonni qamrab olgan "Ibrohim ota" mahallasida 23 ta ko‘p qavatli uylar joylashgan bo‘lib, jami aholi soni 4155 nafarni tashkil etadi. “Obod mahalla” dasturi doirasida bu yerda ko‘p qavatli uylarni kapital ta’mirlash, mahalla hududini obodonlashtirish, ikki qavatli yangi uy-joylar, zamonaviy mahalla guzari, bolalar bog‘chasi va maydonchalarini qurish rejalashtirilgan.

Bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot davomida mahalla aholisiga ushbu qurilish ishlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. So‘zga chiqqanlar ushbu o‘zgarishlar uchun eng avvalo O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, qolaversa shu yerda tinmay mehnat qilayotgan xizmatchilarga o‘z minnatdorchiliklarini izhor qildilar. Shuningdek, fursatdan foydalanib, o‘zlarini qiynayotgan ayrim muammo va kamchiliklar yuzasidan ham mutasaddilarga savollar berdilar. Suv ta’minoti, elektr energiyasi, suv quvirlari, yo‘llarga asfalt yotqizish kabi ko‘plab savollarga tuman hokimi tomonidan tegishli javoblar berildi, aksariyatining yechimi borligi va tez kunda ular ijobiy hal etilishiga va’da berildi.

O‘z navbatida, IIBB boshlig‘i Rustam Jo‘rayev yig‘ilganlarni tuman, xususan mahalla hududidagi jinoiy holatlarga qaratib, yon-atrofga ziyorak nigoh bilan boqishga, befarq bo‘lmaslikka, har qanday murojaat bilan 102 telefon raqami orqali ichki ishlar organlariga tortinmay qo‘ng‘iroq qilishga chaqirdi. “Odamlarimizdagi dahldorlik hissi shahrimizning xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi”, deydi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Toshkent shahar IIBB boshlig‘i general-mayor Rustam Jo‘rayev.

Bir so‘z bilan aytganda mahallaning bugungi kuni voqealarga boy o‘tdi. Kunning birinchi yarmida boshlangan ushbu xayrli ishlar munosabati bilan qurbonlik keltirildi va ushbu qo‘y go‘shtidan kam ta’minlangan oilalarga tarqatildi. So‘ngra mahalla bolalari maxsus avtobusda yangi bunyod etilgan “Ashxobod” bog‘iga tashrif buyurib, kunni maroqli o‘tkazdilar. Bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotdan so‘ng esa konsert dasturi namoyish etildi.