Keksa yoshdagi yolg'iz ayol to'g'risida tezkor xabar

Ijtimoiy tarmoqlarda Sergeli tumani Qoʻyliq-5 dahasida keksa yoshdagi yolgʻiz ayol istiqomat qilishi haqida xabar paydo boʻldi. Xabar muallifining soʻzlariga koʻra, qariyaning koʻp vaqti koʻchada oʻtar ekan. Shuningdek u pensiya olmasligi va yordamga muhtojligi aytilgan.
Ma’lumotni tekshirish va holatni oʻrganish maqsadida manzil boʻyicha Sergeli tumani IIO FMB HPB xodimlari yetib kelishdi. Ma’lum boʻlishicha, 82 yoshli Yevgeniya M. yolgʻiz istiqomat qilar, uning oʻgʻli esa Rossiyada ekan.
Ayolga yordam koʻrsatish maqsadida uning uyi yoniga “Madaniyat” mahallasi raisi va ishchilari, Milliy gvardiya va hokimlik vakillari yetib kelishdi. Ayolning yashash sharoiti oʻrganildi. Uning xonadoni antisanitar ahvoldaligi, ta’mirga muhtojligi, qarzdorligi sababli issiq suv, gaz va sovuq suv uzib qoʻyilgani aniqlandi.
Suhbat davomida qoʻshnilar ayolga bir necha bor yordam berishganini, xonadonini tozalashganini, ammo u uyiga chiqindi olib kelishda davom etayotganini aytishdi. Pensiya masalasi ham oʻrganib chiqildi. Tekshiruv natijasida Yevgeniya M. muntazam pensiya olishi ma’lum boʻldi.
Yolgʻiz qariyaga yordam berish maqsadida oilaviy poliklinika shifokorlari taklif qilinib, zarur muolajalar qoʻllanildi. Uchrashuv yakuni boʻyicha birgalikda Yevgeniya M.ga yordam berishga qaror qilindi. Tez orada uning xonadoni tozalanib, kosmetik ta’mirdan oʻtkaziladi. Mahalla raisi va ishchilari hamda qoʻshnilar qariyadan xabar olib turishadi.