Kun qahramoni: yosh xodimning xizmatda shakllanishi

Feysbuk ijtimoiy tarmog'idagi “Yunusobodliklar” guruhida “Аfanasiy Borshov” ismli foydalanuvchi Yunusobod tumani 2-kvartalida joylashgan 37-son uyda yashovchilar nomidan xabar qoldirdi. Xabarda 3-son IIB 405-son mahalla punkti profilaktika inspektori katta serjant Sanjar Nurmurodov hamda Toshkent shahar Faqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlariga, “Mumtoz servis” MChJ ishchilariga uyning 11 ta xonadoni egalarining mulkini saqlab qolishda ko'rsatgan yordamlari uchun minnatdorchilik bildirilgan. ...21-avgust kuni ertalab katta serjant Sanjar Nurmurodovga 16 qavatli 37-son uyda yashovchi fuqarolar murojaat qilishdi. Fuqarolar 12-qavatdagi xonadonlardan birida suv o'tkazish quvuridan suv oqayotganini, oqibatda past qavatdagi xonadonlarda suv toshayotganini ma'lum qilishdi. Аniqlanishicha, xonadon egasi uzoq vatqga xorijga jo'nab ketgan ekan. Fuqarolarni tinglagach, profilaktika inspektori zudlik bilan Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va kommunal-ekspluatatsion xizmat xodimlarini chaqirdi. Olib borilgan ishlar natijasida quvur ta'mirlanib, muammo bartaraf etildi. Bu profilaktika inspektorining kundalik ishlaridan biri xolos. Katta serjant S. Nurmurodov bu kasbni tanlashida uning otasi, 25 yil IIO xodimi bo'lib xizmat qilgan iste'fodagi serjant Sunnatilla Bobonazarovning o'rni beqiyosdir. Joriy yilning bahorida Sanjar huquqbuzarliklar profilaktikasi bo'linmasida xizmatga qabul bo'layotgani haqida xabar topdi va 2021 yil 19-iyul kunidan profilaktika inspektori sifatida xizmatni boshladi. S. Nurmurodov Yunusobod tumani “Xusniobod” mahallasida xizmat olib boradi. Uning xizmat tajribasi katta bo`lmaganligiga qaramasdan, mahalla aholisi bilan ishonchli aloqa o'rnatishga ulgurdi. “Xusniobod” mahallasida 7,6 ming kishidan oshiq aholi istiqomat qiladi. Mahalla faollari bilan inspektor o'z hududini ko'zdan kechirib, turli xil huquqbuzarliklarning oldini olib, muammolarga yechim topish bilan shug'ullanadi. Uning ustozlari – katta leytenantlar Javohir Malikov va Muhammadjon Mannopovlar unga yordam berib turishmoqda. Har kuni ertalab profilaktika inspektori Sanjar Nurmurodov xizmatga chiqib, fuqarolar muammolarini tinglab, ularga yechim topishga harakat qiladi.