TOSHKENT SHAHAR ICHKI ISHLAR BOSH BOSHQARMASI

Birovning do‘ppisi tor kelganda...

2023 yil 26 aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida 1989 yilda tug‘ilgan U.Anvarning jinoiy qilmishi ko‘rib chiqildi va u O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3- qismi “b” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topilib, ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi.Mazkur jazo Anvarga qaysi qilmishlari uchun berilgani haqida Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Ismoil G‘afforov quyidagilarni bayon qildi.— Anvar muqaddam Jinoyat kodeksining 168-moddasi – firibgarlik jinoyati uchun sudlangan bo‘lib, bir yilga  axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan. Biroq u bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmay 2022 yilda yana firibgarlikka qo‘l urdi. Chunki, birovning do‘ppisini birovga kiydirib olayotgan qarzlari kosmik tezlikda yuqorilab borayotgandi-da. Nimadir qilish kerak! Nima?! U ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zini “katta biznes” bilan shug‘ullanishini, yirik bir savdoga “atigi” 19.000.000 so‘m yetmayotgani, kimda kim qo‘llab yuborsa, pulini ikki hissa qilib qaytarishi haqida eʼlon kiritadi. Uning makriga 1983 yilda tug‘ilgan R.Avaz ilinadi. Ular 2022 yilning 19 dekabr kuni telefon orqali tanishib, gapni bir joyga qo‘ygach, 20 dekabr kuni qahvaxonada uchrashishadi. Yana bir bor kelishib olingach – pul aytilgan hissasi bilan 2023 yilning 5 yanvaridan bir kun ham kechikmay qaytarilishi lozim – Avaz Anvarga aytilgan summani beradi. O‘z navbatida Anvar unga tilxat yozib, har ikkisi telefonlariga nusxa ko‘chirib olishib, xayrlashishadi. Anvar  olingan pullarning 10 millioniga ho‘l meva sotib olib, qolgan 9 millionini o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuboradi. Sotib olingan mevalardan Yaxshigina daromad qiladi, biroq topgan daromadini ham o‘z  manfaati yo‘lida ishlatadi. Anvar Avazni ishontirish maqsadida, 27 dekabr kuni uni qahvaxonaga taklif etib, ishlari yaxshi ketayotgani, xamir uchidan patir, deya unga 200 AQSH dollarini berib, qolganini  aytilgan muddatda berishga ishontiradi. Shu ketganicha ular Uchtepa tumani IIO FMB Tergov bo‘limida uchrashishadi. Tergov ishlari qonuniy yakuniga yetkazilib, firibgar qanday jazoga hukm qilingani esa o‘zingizga maʼlum. 

16 Noyabr 2024 Yil

57

Tog‘aning minnati, jiyanga qimmatga tushdi

Anchadan beri ish qidirayotgan Abdunabi tog‘asining oldiga bordi. Tog‘asi avtomobillar yuvish shoxobchasining xo‘jayini bo‘la turib, jiyanining bekorchi yurganiga qaramay, biron marta ishga taklif qilmagandi. O‘ziga qolsa-ku ikki dunyoda ham xasisdan xasis, ziqnadan ziqna tog‘asining uyiga qadam bosmagan bo‘lardi. Ammo onasi qistayverib, holi-joniga qo‘ymadi. Tog‘asi Abdunabiga ikki soat nasihat qilib, obdon miyasini qoqib qo‘liga bergach, rozi bo‘ldi. Abdunabi uning oldidan chiqib ketarkan, "xayriyat, biron kresloga o‘tirg‘izishini so‘ramapman, bor-yo‘g‘i mashina yuvishga shunchalik nasihat...Hali topgan bir so‘mimniyam minnat qilib jonimni olar”, deya og‘rindi. Boshqa ish topguncha tishini-tishiga qo‘yib ishlab turishga qaror qildi. Tog‘asining tirnoq ichidan kir qidirishini bilgan Abdunabi ishini vijdonan, halol bajara boshladi. 2023 yilning 12 iyuni kuni ishga oyog‘i tortmadi. Biroq tog‘asining malomatidan, ortiqcha aql o‘rgatishidan bezigan Abdunabi istar-istamas yo‘lga otlandi. Bitta avtomashinani yuvib bo‘lar-bo‘lmas, tog‘asi keldi va taʼmirlanayotgan xonani aylanib chiqib, chiqindilardan tozalab qo‘yishni buyurib ketdi. Abdunabi bo‘sh turgan sheriklari Jahongir va Fozilga tozalab turishni aytganida Jahongir: men bu yerga axlat tozalagani kelmaganman, buning uchun menga pul bermaydi, dedi. Fozil ham o‘z o‘rnida: nima menga pul beradimi, dedi. Ikkisi gap talashib bir oz vaqt o‘tmay mushtlashib ketishdi. Bir-birining yoqasidan olib do‘pposlashayotgan sheriklarini ajratmoqchi bo‘lgan Abdunabining ikkisiga kuchi yetmadi. U qanday qilib oshxona pichog‘ini olib Fozilni bosib musht tushirayotgan Jahongirning orqa biqiniga ikki marta pichoq sanchiganini bilmaydi. Uning dodlab biqinini ushlaganini ko‘rgach, hushiga  keldi va yo‘lovchi mashina to‘xtatib jabrdiydani kasalxonaga eltdi.— Abdunabining Jahongirga yetkazgan tan jarohati  hayot uchun xavfli, og‘ir turdagi tan jarohati turkumiga  kiradi, – deydi Bektemir tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Muhammadrizo Eshpo‘latov. – Aslida pichoqni ko‘rsatib, qo‘rqitishga uringanligini aytgan Abdunabi uni qanday qilib sanchib olganini tushuntirib berolmadi.Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi ochiq sud majlisida D.Abdunabining qilmishini ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “l” bandi (“Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish”) bilan aybli deb topdi. Uning aybiga iqrorligi,  pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligi eʼtiborga olinib, mazkur kodeksning 57-moddasi qo‘llanilib, 5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

16 Noyabr 2024 Yil

61

Firibgarning bahonasi

Yoshligidan mehnatda suyagi qotmagan Sherzod ulg‘ayib ham ishyoqmas, dangasaligini tashlamadi. Kunlik yollanma ishni ham qoyillatib qo‘ygan joyi yo‘q. Fikri-zikri belini bukmay pul topish, topganini o‘sha kuniyoq jig‘ildoniga urish. Har kim feʼli, niyatiga yarasha oladi, deganlaridek, mo‘may daromad topishni niyat qilgan Sherzod firibgarlikka qo‘l urib 5 marotaba sudning qora kursisiga o‘tirishiga to‘g‘ri keldi. Oxirgi qamalishida 2023 yili ozodlik yuzini ko‘rdi. Biroq bu ham unga saboq bo‘lmadi. Oradan bir necha oy o‘tib, tavbasiga tayanmagan Sherzod, 2023 yilning avgust oyida telegram messenjeridagi “Talabalarga ijaraga kvartira” guruhiga kirib, metroning “Toshkent” bekatidagi ko‘p qavatli uylarning birida, aslida mavjud bo‘lmagan 2 xonali xonadonni 240 AQSH dollariga ijaraga berishi haqida eʼlon kiritdi. Uning qarmog‘iga X.Ashurali ilindi. Sherzod boshlang‘ich to‘loviga bir million so‘m bersa,  ikki kundan so‘ng xonani bo‘shatib berishiga ishontirdi. Ashurali  puli tayyorligini aytdi. Sherzod qayerga kelib, kimga pul berib yuborishini tushuntirdi va tanishi Karimga bir odam undan qarzdorligini, hozir vaqti yo‘qligini, aytilgan manzildan pulni keltirib berishini iltimos qildi. Karim kelishilgan joyda Ashurali bilan uchrashib, biron bir savol-javobsiz pulni oldi-yu, Sherzodga eltib berdi. Sherzod pulni oldindan tanish-bilishlaridan olgan qarzlariga to‘laydi. Ashurali ikki kun o‘tib, undan keyin ham Sherodga qo‘ng‘iroq qilib uni topa olmaydi. Aldanganini bilgach, Yangihayot tumani ichki ishlar organlariga murojaat etadi.— Muqaddam besh marotaba firibgarligi uchun sudlangan Sherzod mahalla profilaktika inspektori, hokim yordamchisi tomonidan taklif qilingan biror ishga bo‘yni yor bermagan, – deydi Yangihayot tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Otamurod Tursunpo‘latov, – Firibgarlikni o‘ziga kasb qilib olgan Sherzodga halol mehnat qilish fikri begona. Qilmishini esa “urmasam, so‘kmasam, o‘zlari o‘z ixtiyorlari bilan berishadi, so‘rab-surishtirmasa, ayb mendamas”, deb oqlaganiga nima deysiz?!Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tuman sudi ochiq sud majlisida N.Sherzodning qilmishini ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Uning aybiga to‘la iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligi, jabrlanuvchining daʼvosi yo‘qligi, yengilroq jazo berishini so‘raganligi inobatga olinib, Sherzod ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi. 

16 Noyabr 2024 Yil

58

Interaktiv xizmatlar

Text to speech