Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisidagi nutqi
Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovda deputat degan sharafli nomga sazovor boʻlganlarni tabrikladi.Bu yuksak ishonch ularning boy bilimi va hayotiy tajribasi, el-yurtimiz farovonligi yoʻlida qilayotgan fidoyi mehnatiga nisbatan xalqimizning ulkan hurmat va ehtiromi ifodasi ekani taʼkidlandi.Har qanday saylov davlat va jamiyat uchun muhim siyosiy jarayon. Ayniqsa, jahondagi bugungi keskin va tahlikali vaziyatda bunday umumxalq tadbirlarini oʻtkazish yanada katta masʼuliyat talab etadi. Turli mintaqalarda urush va janjallar, qarama-qarshilik va ziddiyatlar avj olib bormoqda. Ana shunday gʻoyat murakkab davrda saylovlarni osoyishtalik sharoitida, emin-erkin oʻtkazganimiz yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikdan dalolat beradi. Prezident barchamiz bu bebaho boyligimizni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylashimiz va mustahkamlashimiz kerakligini qayd etdi.Xorijiy tashkilotlar va kuzatuvchilar ham boʻlib oʻtgan saylov jarayonlari xalqaro standartlarga toʻla mos holda oʻtganini eʼtirof etib, ularga yuqori baho bergani taʼkidlandi.Davlatimiz rahbari bu yilgi parlament saylovlarining eng muhim jihatlari haqida toʻxtalib oʻtdi.Avvalo, ular yangilangan Konstitutsiyamizga muvofiq oʻtkazilgan ilk saylov sifatida tarixga kirdi. Huquq va vakolatlari sezilarli darajada kuchaygan, masʼuliyati bir necha karra ortgan yangi xalq vakilligi tizimi shakllantirildi.Bundan tashqari, oʻtgan sakkiz yillik davrda xalqimizning siyosiy tafakkuri tubdan oʻzgardi, siyosiy madaniyati sezilarli darajada yuksaldi. Siyosiy partiyalarning jamiyat hayotidagi roli va ishtiroki kuchaydi.Bularning barchasi aralash saylov tizimini joriy etishga mustahkam zamin yaratdi. Koʻplab davlatlarda bunday islohotlarni oʻtkazish uchun oʻn yillar kerak boʻlgan. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston aralash saylov tizimini qisqa fursatda, dadil joriy etishga erishgan kam sonli mamlakatlardan biri, deyishga munosibdir.Yangi tizim har bir saylovchining ovozi Qonunchilik palatasidagi deputatlik oʻrni uchun muhim ekanini, bu borada adolat tamoyili yanada kuchayganini ham koʻrsatdi.Saylovlar toʻliq ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik muhitida oʻtgani, qoʻllangan zamonaviy texnologiyalar ham bu jarayonda muhim rol oʻynagani taʼkidlandi.Jumladan, saylovning barcha bosqichlari toʻliq raqamlashtirilib, “E-saylov” axborot tizimi joriy qilindi. Ovoz berish jarayonlarini onlayn kuzatish imkoni yaratildi, ilk bor elektron ovoz berish sinovdan oʻtkazildi.Saylovlarni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi kabi 13 ta nufuzli xalqaro tashkilot, 40 dan ziyod davlatdan 850 nafar xorijiy va 65 mingdan ziyod mahalliy kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalarining mingdan ortiq vakillari kuzatib bordi.Prezidentimiz ularga saylov jarayonlari haqidagi xolis fikrlari va tavsiyalari uchun oʻz nomidan, butun xalqimiz nomidan tashakkur izhor etdi. Ushbu tavsiyalarning har biri chuqur oʻrganilib, amaliyotga tatbiq etish choralari koʻrilishi taʼkidlandi.Markaziy saylov komissiyasining faoliyati sezilarli kuchaygani, professional saylov organlari tashkil etilgani saylovlarning haqqoniy ruhda oʻtishida muhim rol oʻynadi.Prezidentimiz saylovlar qonunchilik talablari va xalqaro standartlarga toʻla mos holda oʻtishini taʼminlagan barcha darajadagi saylov komissiyalari, xususan, Markaziy saylov komissiyasiga alohida rahmat aytdi.Saylovlar natijasida Qonunchilik palatasi tarkibi qariyb 60 foizga yangilanib, 87 nafar yangi deputat saylandi.Deputatlarning 11 nafari 35 yoshgacha, ilk bor yoshlar parlamentining 2 nafar vakili Qonunchilik palatasi deputati etib saylandi. Ayniqsa, deputatlarning 38 foizini ayollar tashkil etgani mintaqadagi eng yuqori koʻrsatkichdir. Tariximizda ilk bor nogironligi boʻlgan fuqaromiz Qonunchilik palatasi deputati etib saylandi. Bu – parlamentimizni tom maʼnoda inklyuziv organga aylantirish, ushbu qatlam manfaatlarini yanada keng ifoda etish yoʻlida navbatdagi muhim qadam boʻlgani eʼtirof etildi.Yangi tarkibda 63 nafar deputat qayta saylangani esa parlament ishida uzviylik va professionalizmni taʼminlashga xizmat qilishi qayd etildi.Prezident partiyalar saylov kampaniyasi davomida ilgari surgan va xalqimiz qoʻllab-quvvatlagan har bir taklif albatta koʻrib chiqilishi va amalga oshirilishini taʼkidladi.Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining xususiy mulk daxlsizligini kuchaytirish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash haqidagi takliflari qoʻllab-quvvatlandi.Prezidentimiz “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining maktablarda muallimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish, farzandlarimizni milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash, ularga ona tili va chet tillarni oʻrgatish uchun yanada keng sharoitlar yaratishga oid takliflariga qoʻshildi.Oʻzbekiston Xalq-demokratik partiyasining nogironligi boʻlgan shaxslar uchun sharoitlarni yanada yaxshilash, aholimizning pensiyaga chiqishdagi kafolatli huquqlarini yanada mustahkamlash boʻyicha tashabbuslarini qoʻllab-quvvatladi.“Adolat” sotsial-demokratik partiyasining istirohat bogʻlari, sayilgoh, xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlash boʻyicha pozitsiyasi, dorilar ustidan nazoratni kuchaytirish, narxlar sunʼiy oshishini oldini olish, retseptsiz dorilar roʻyxatini qisqartirish boʻyicha intilishlarini maʼqulladi.Ekologik partiyaning davlat organlari va korxonalar hududida yashil bogʻlar tashkil etish, ekologik madaniyatni yuksaltirish boʻyicha dastur qabul qilish haqidagi takliflari qoʻllab-quvvatlandi.Oʻtgan besh yil davomida quyi palata samarali faoliyat koʻrsatgani eʼtirof etildi. Avvalambor, parlamentimizning toʻrtinchi chaqiriq deputatlari mamlakatimizning kelgusi taraqqiyot yoʻnalishini belgilab bergan Asosiy qonunimizni yangi tahrirda tayyorlash va qabul qilishda jonbozlik koʻrsatdilar va bu Yangi Oʻzbekiston solnomasida yorqin tarixiy voqea sifatida muhrlandi.Quyi palata tomonidan 130 dan ortiq yangi va yaxlit qonunlar qabul qilindi. Bu – oldingi davrga nisbatan 1,5 karra koʻp.Prezidentimiz oʻtgan chaqiriqda faoliyat koʻrsatgan deputatlarga samarali mehnatlari uchun chin dildan minnatdorchilik bildirdi.Parlament faoliyatida yutuqlar bilan birga eʼtibordan chetda qolgan masalalar ham boʻlgani qayd etildi. Prezident ularning ayrimlariga toʻxtalib oʻtdi.Xususan, toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan va aniq ijro mexanizmlariga ega qonunlar ulushi kamligicha qolmoqda. Parlament nazorati toʻlaqonli taʼsirchan institutga aylandi, deb hozircha aytib boʻlmaydi, parlament va deputatlik nazorati ijtimoiy soha bilan cheklanib qolmoqda.Deputatlarning saylov okrugidagi faoliyati asosan uchrashuvlar tashkil etish, shikoyat va savollarga rasmiy javob berishdan iborat boʻlib qolmoqda. Misol uchun, islohotlarning muhim qismi boʻlgan kambagʻallikni qisqartirish masalasida deputatlarimiz hali oʻz oʻrnini topa olgani yoʻq.Soʻnggi yillarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va mintaqa doirasida bir qator yirik tashabbuslar ilgari surildi. Ana shu tashabbuslarning mohiyati va ahamiyatini xalqimizga yetkazishda deputatlarda, afsuski, faollik yetishmayapti.Davlatimiz rahbari quyi palataning yangi tarkibi qayd etilgan masalalar boʻyicha yangicha ishlashiga umid bildirdi.Kelgusi besh yilda Qonunchilik palatasi oldida gʻoyat ulkan vazifalar turgani taʼkidlandi.Quyi palatadagi 12 ta qoʻmita oʻrnida 10 ta yangilangan qoʻmita tashkil qilindi. Ilk bor parlamentimizda Tadbirkorlik, raqobat va sanoat qoʻmitasi tuzilgani yurtimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.Endi palatadagi qoʻmitalar aʼzolari bilim va tajribasini tinimsiz oshirib, masʼuliyatni chuqur his etib, yanada koʻproq mehnat qilishlari lozimligi, puxta bilim, professional malaka, yuksak fazilat va tafakkurga ega boʻlgan deputatgina quruq gap va populizmdan yiroq boʻlishi koʻrsatib oʻtildi. Har bir qoʻmita qoshida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat jamoatchilik kengashlari tuzilsa, yaxshi samara berishga ishonch bildirildi.Prezident taʼkidlaganidek, parlament qoʻmitalari vazirliklar bilan ishlashda ular bilan yaqindan hamkorlik qilishga ahamiyat bersa, ayni muddao boʻladi.Eng katta kamchilik – vazirliklar quyi boʻgʻinda, ayniqsa, tuman va shahar darajasida samarali ish tashkil eta olmayapti. Endi aholi bilan bevosita muloqot qilib, odamlarni qiynayotgan muammolarni joyida hal etish ular uchun bosh vazifa boʻlishi kerak.Bundan buyon har bir rahbar va mutasaddi faoliyatiga aynan shu mezon asosida baho beriladi. Prezidentimiz deputatlarni vakolatlari doirasida oʻz okruglaridagi tuman va shahar darajasida soʻrov va talabni hech tortinmasdan kuchaytirishga chaqirdi.Qonun ijodkorligi jarayoni, avvalo, jamiyatimizdagi dolzarb muammolar yechimiga, xalqimizning ogʻirini yengil qilishga qaratilishi kerakligi taʼkidlandi.Masalan, yurtimizda aholi soni yiliga qariyb 1 millionga oshmoqda. Bu – yangi uy-joylarni koʻpaytirishni taqozo etmoqda. Lekin dehqonchilik uchun zarur yerlar uy-joy qurishga berib yuboraverilsa, ertaga qayerga ekin ekamiz, oziq-ovqat xavfsizligi nima boʻladi, degan savollar dolzarb boʻlib bormoqda.Shu bois, aholi va keng jamoatchilikning fikrini oʻrganib, eskirgan uylar oʻrnida zamonaviy koʻp qavatli uy-joylar qurish uchun “Renovatsiya toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qilish kerakligi taʼkidlandi.Soʻnggi paytlarda uy-joy qurib berishni vaʼda qilgan quruvchi va unga ishonib sarmoya kiritgan aholi oʻrtasida nizolar uchrayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz.Bunday holatlarning oldini olish maqsadida fuqarolarimizning uy-joy qurilishiga jalb etilgan mablagʻlarini kafolatli himoya qilishga qaratilgan qonunni qabul qilish lozimligi qayd etildi.Prezident tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, ajratilayotgan mablagʻlar oʻz egasiga yetib borishini taʼminlash uchun majburiy tibbiy sugʻurta tizimini albatta qonun bilan mustahkamlab qoʻyish vaqti kelganini taʼkidladi“Xususiy maktab va bogʻcha quraman”, degan investorlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga yanada keng sharoitlarni yaratib berish masalalariga eʼtibor berish lozim.Moliyaviy texnologiyalar, raqamli “market-pleys”lar, “veb-servis”, “bond omborlari” kabi yangi tijorat maydonlari kundalik hayotimizga jadal kirib kelmoqda. Shu nuqtai nazardan, franchayzing, kapital bozori, “startap”lar sohasidagi munosabatlarning qonuniy asoslarini yaratish zarurligi taʼkidlandi.Bundan tashqari, sunʼiy intellektni qoʻllash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslarini yaratish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratish juda muhim.Kelgusi yilda ilk bor elektr energiyasi onlayn ulgurji bozori ishga tushadi. Shu bois, iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga xizmat qiladigan bu sohada bozor mexanizmlarini joriy qilishning huquqiy asoslarini yaratishni tezlashtirish zarurligi taʼkidlandi.Yangi davrda parlament chinakam xalq uyi, uning quyi palatasi esa gʻoyalar generatoriga, sogʻlom raqobat, bahs va munozaralar maydoniga aylanishi kerak. Oʻtgan saylovlarda siyosiy partiyalarning dasturi ham, gʻoyalari ham bir-biridan farq qildi, turli siyosiy mafkuralar kurashi yaqqol koʻzga tashlanib turdi. Xususan, saylovlar jarayonida koʻplab debatlar tashkil etilganini xalqimiz va xalqaro kuzatuvchilar alohida eʼtirof etdi.Prezidentimiz parlamentda muxolifatni jonlantirish zarurligini aytdi.Buning uchun parlamentdagi muxolifatga kafolatlangan huquqlari sonini 3 tadan 6 taga oshirish, 1 nafar qoʻmita raisi va 2 nafar qoʻmita raisi oʻrinbosari lavozimlarini kafolatli egallash, har chorakda “Hukumat soati” va parlament soʻrovi doirasida kamida bittadan masala kiritish kabi qoʻshimcha huquqlar berishni taklif qildi.Saylovlardagi sogʻlom raqobat, muxolif fikrlar kurashi parlamentga koʻchib oʻtsa, bu albatta xalq manfaatlariga mos qonunlar ishlab chiqilishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.Parlament nazorati, avvalo, siyosiy nazoratdir, uning oqibati ham siyosiy masʼuliyat bilan bogʻliqdir. Prezident Qonunchilik palatasiga Hukumat aʼzosi hisobotini eshitib, uning yakunlariga koʻra, ushbu rahbarni isteʼfoga chiqarish toʻgʻrisida Prezidentga taklif kiritish huquqi berilganini eslatib oʻtdi.Yangilangan Konstitutsiyaga koʻra, Davlat byudjeti ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatiga kiradi. Bu muhim vakolat deputatlarimiz zimmasiga katta masʼuliyat ham yuklaydi. Birinchi galda palataning Davlat byudjeti ijrosini nazorat qilish mexanizmlarini yanada kuchaytirishning vaqti-soati kelgani taʼkidlandi.Jumladan, Hukumatning davlat byudjetiga doir barcha hisobotlarini palataga faqat Byudjet kodeksida belgilangan audit xulosasi bilan birgalikda kiritish amaliyotiga oʻtish kerak.Bundan tashqari, davlat byudjeti ijrosini nazorat qilishda parlament qoʻmitalari rolini oshirish ham muhim ahamiyatga ega.Hozirgi vaqtda birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning xarajatlari ustidan parlament nazorati deyarli sezilmayotgani, yangi saylangan deputatlar ushbu masalaga alohida yondashishlari zarurligi qayd etildi.Joylarda aholi farovonligini oshirish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqishda parlamentning faol ishtirok etishi muhim.Masalan, bu yil hududlarni rivojlantirish, ijtimoiy va infratuzilma obyektlarini qurish, mahallalarni obod qilish boʻyicha investitsiya dasturlariga 30 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ yoʻnaltirildi.Biroq, ana shu dasturni qabul qilishda qaysi deputat qatnashdi, uning ijrosi boʻyicha kimdan hisobot talab qildi, degan savollar ochiq qolmoqda.Shu munosabat bilan Prezident investitsiya dasturlarini tayyorlashda deputatlar ham albatta ishtirok etadigan, ularning fikri inobatga olinadigan tizim yaratish tashabbusini ilgari surdi.Bundan tashqari, tuman va shaharlarning moliyaviy imkoniyatlarini oshirish maqsadida kelgusi yildan yer, mol-mulk va aylanma soliqlarini toʻliq, daromad soligʻining esa kamida 50 foizini tuman va shaharning oʻzida qoldirish taklif etildi.Keyingi yillarda palata faoliyatida jamoatchilik ishtiroki yanada kuchaydi. Xususan, yangilangan Konstitutsiyamizda 100 ming nafardan kam boʻlmagan fuqarolar oʻz takliflarini quyi palataga kiritish huquqiga ega ekani kafolatlandi.Fuqarolarning tashabbuslarini faol qoʻllab-quvvatlash maqsadida Prezident Qonunchilik palatasi huzurida Jamoaviy tashabbuslar boʻyicha parlament komissiyasini tashkil etishni taklif qildi.Oʻtgan davrda parlament diplomatiyasi va parlamentlararo aloqalar tashqi siyosatimizning taʼsirchan va pragmatik vositasiga aylandi.Oʻtgan besh yilda Oʻzbekiston Parlamentlararo ittifoq, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti parlament assambleyalariga aʼzo boʻldi, Shanxay hamkorlik tashkilotining xotin-qizlar forumi, Markaziy Osiyo davlatlari ikkinchi parlamentlararo forumi kabi xalqaro tadbirlarga mezbonlik qildi.Davlatimiz rahbari xalqaro parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida quyi palatada qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uygʻunlashtirish hamda iqlim oʻzgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtishni tezlashtirish masalalari boʻyicha parlament komissiyalari tashkil etishni taklif qildi.Yangi tuzilayotgan parlament komissiyasi tashabbusni qoʻlga olib, qonunlarimizni Jahon savdo tashkiloti qoidalariga toʻliq moslashtirishni kelgusi yilda yakuniga yetkazishiga ishonch bildirildi.Bugungi majlis mamlakatimiz hayotidagi muhim sana – davlatimiz bayrogʻi qabul qilinganligining 33 yilligi bilan bir kunda oʻtayotganligida ramziy maʼno mujassamligi taʼkidlandi.Milliy davlatchiligimiz, mustaqilligimiz va erkimiz ramzi boʻlgan bayrogʻimiz oʻtgan davrda yirik xalqaro ilm-fan, madaniyat va sport tadbirlarida va shohsupalarida baland xilpirab, barchamizning qalbimizdan chuqur joy olib, milliy gʻururimiz timsoliga aylandi. Fursatdan foydalanib, davlatimiz rahbari deputatlarni, ular orqali koʻp millatli butun xalqimizni bugungi katta bayram bilan samimiy qutladi.Oʻttiz yetti milliondan ortiq aholiga ega boʻlgan Oʻzbekistondek katta davlatning parlamenti aʼzosi boʻlish, shubhasiz, har bir deputat uchun ulkan sharafdir, dedi Prezident.Ayni vaqtda xalqimizning hurmat va eʼtiborini, orzu-umidlarini har kuni, har daqiqada his etib, ana shu yuksak ishonchga munosib mehnat qilish – beqiyos masʼuliyat.“Deputat – bu xalq xizmatchisi, barchaga oʻrnak boʻladigan, siyosiy bilimi va ongi yuksak, oʻz Vatanini chin dildan sevadigan insondir. Oila, mahalla va butun jamiyatda tinchlik, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, xalqaro maydonda Oʻzbekiston manfaatlarini qatʼiy himoya qilishda xalqimiz, barchamiz avvalo sizlarga tayanamiz.Men Prezident sifatida sizlarni bu yoʻlda doimo qoʻllab-quvvatlashga tayyorman.Ishonchim komil, barchamiz bir tanu bir jon boʻlib, sidqidildan mehnat qilib, jonajon Vatanimizni albatta tom maʼnoda erkin, obod va farovon mamlakatga aylantiramiz”, - dedi Prezident nutqining yakunida.Ayni paytda majlis davom etmoqda, deputatlar soʻzga chiqib, oʻz fikrlarini bildirmoqda.